12:47 16 Oktyabr 2019
Efir
  • RUB147.25
  • EUR10438.58
  • USD9455.24
Texnologiya blokcheyn i moneta bitkoin

Nima uchun kriptovalyutalar uchun elektr energiyasiga mutanosib haq toʻlash kerak?

© Sputnik / Vladimir Astapkovich
Iqtisod
Havola olish
9310

Oʻzbekistonda kriptovalyutalar ishlab chiqaruvchilari uchun elektr energiyasi isteʼmoli boʻyicha tegishli narx-navolar belgilanishi rejalashtirilmoqda.

TOSHKENT, 3 okt – Sputnik. Oʻzbekistonda kriptovalyutalar ishlab chiqaruvchilari uchun elektr energiyasi isteʼmoli boʻyicha tegishli narx-navolar belgilanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hozirgi paytda Vazirlar Mahkamasining ushbu masalaga oid qarori loyihasi muhokama qilinmoqda. Unga koʻra, kriptovalyutalar boʻyicha faoliyat yuritadigan isteʼmolchilar elektr energiya haqini tegishli tarif guruhi uchun belgilangan tarifga nisbatan 3 marotaba ortiq miqdorga oshirilgan koeffitsiyent boʻyicha toʻlaydi.

Qayd etilishicha, Oʻzbekistonning isteʼmolchilarni energiya taʼminoti boʻyicha siyosati ijtimoiy yoʻnaltirilgan boʻlib qolyapti. Amaliyotda bu elektr energiyani ishlab chiqarishda foydalaniladigan gaz qiymatining dotatsiya qilinishini anglatadi. Bu mamlakat tomonidan aholini, oʻzbekistonliklar uchun ish oʻrinlarini yaratayotgan mamlakat ishlab chiqaruvchilarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

“Anglashiladiki, kriptovalyutani qoʻlga kiritish mayning kabi hodisalarning energiya xarajatlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash siyosatiga mutlaqo daxli yoʻq. Ayni paytda mayning fermalari faoliyati katta miqdorda elektr energiyasini va uning barqaror kelib turishini talab qiladi. Yaʼni bunga narxi boʻyicha davlat tomonidan dotatsiya qilingani uchun ijtimoiy maqsadlarga yoʻnaltirilishi lozim boʻlgan katta miqdordagi elektr energiya sarflanmoqda. Demak, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyaning maqsadsiz sarflanishi uchun tegishli tarzda haq toʻlanishi lozim. Vazirlar Mahkamasining yangi qarori loyihasida bu oʻz ifodasini topgan”, - deyiladi xabarda.

Tahlilchilar fikricha, ular isteʼmol qilayotgan elektr energiya narxi 3 baravar oshirilganidan keyin ham Oʻzbekistonda mayning-fermalar uchun sharoitlar jozibali boʻlib qoladi. Xususan, raqobatbardosh boʻlgan internet narxi, xonalar ijarasining maqbul narxlari ham bunga xizmat qiladi. Bundan tashqari, elektr energiya narxi Oʻzbekistondagiga nisbatan 3-4 baravar baland boʻlgan mamlakatlarda ham biznesning ushbu turi moʻmay daromad keltirishini ham inobatga olish zarur.

Taʼkidlanishicha, ushbu qaror qabul qilinishi bilan tegishli biznes turini identifikatsiya qilish imkonini beruvchi mexanizmlar ishlab chiqiladi, chunki har qanday biznes qonuniylashtirilgan boʻlishi kerak. Qonuniylashtirishdan bosh tortish kriptovalyuta noqonuniy amaliyotlarda foydalanishi mumkin, degan shubha uygʻotadi. Shu tarzda, mayning-fermalarning qonuniylashtirilishi ularga nisbatan elektr energiyaning yangi tarifini qoʻllash imkonini beradi.

Asosiy mavzular