00:21 19 Noyabr 2019
Efir
  • RUB148.82
  • EUR10455.03
  • USD9490.77
Traditsionnыe uzbekskiye kovrы

Oʻzbekiston Baku orqali paxta, gilam va ipak savdosini yoʻlga qoʻyishi mumkin

© Flickr / Jean-Pierre Dalbéra
Iqtisod
Havola olish
26510

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga (TTDHK) Oʻzbekistonning aʼzo boʻlishi uning Yevropaga yuk oqimini sezilarli darajada oshirishiga zamin yaratadi. Buning barobarida yuk koridorlari va marshrutlari oʻrtasidagi farqni hisobga olish kerak, deydi ozarbayjonlik ekspert.

Bakuda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining oliy darajadagi yettinchi yigʻilishi yakuniga yetdi. Oʻzbekiston tashkilotning yangi toʻlaqonli aʼzosi boʻldi. “Yevropa-Kavkaz-Osiyo” (TRASEKA) Xalqaro hukumatlararo komissiyasi doimiy kotibiyatining Ozarbayjondagi vakili Akif Mustafayev Sputnik bilan suhbatida Oʻzbekistonning kengashga aʼzoligi unga xalqaro transport koridori boʻylab yuk tashishda qanday qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishi haqida soʻzlab berdi.

-          Oʻzbekistonning Turkiy kengashga aʼzoligi uning TRASEKA koridori boʻylab yuk tashimalariga taʼsir koʻrsatadimi?

-          Oʻzbekistonning kengashga aʼzoligi uning koridor boʻylab yuk tashishlari hajmini sezilarli darajada oshiradi, albatta. Dastavval aniqlik kiritib olaylik, Oʻzbekiston “Yevropa-Kavkaz-Osiyo (TRASEKA) koridorini rivojlantirish boʻyicha xalqaro transport toʻgʻrisidagi asosiy koʻptomonlama shartnoma”ni 1998 yilda imzolagan mamlakat. Shunday boʻlishiga qaramay, Oʻzbekistonning turkiy tilli davlatlar bilan oʻzaro savdo aylanmasi naqadar past boʻlib qolayotganiga eʼtibor bering – birgina joriy yil sakkiz oyi yakuni boʻyicha bu raqam bor-yoʻgʻi 5 mlrd AQSH dollarni tashkil etdi.  

Oʻzbekistonning yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tamomila ijobiy va ilgʻor yetakchi ekanligini namoyish qildi. Uning mamlakatni TTDHKga aʼzo qilish toʻgʻrisidagi qarori, shubhasiz, mamlakatlar oʻrtasidagi savdo aloqalarining rivojlanishi va yuklar tranziti oshishiga olib keladi. Ilgari oʻzbek va turkmanlar bu kabi mintaqaviy tuzulmalar xususida oʻta ehtiyotkor edilar. Yangi rahbariyat kelishi bilan esa tashqi iqtisodiy faoliyatni taraqqiy ettirish yuzasidan muzokaralar boshlanib ketdi va koʻrib turganingizdek, natijasi oʻlaroq Oʻzbekiston Turkiy kengashga aʼzo boʻldi.

Tranzit yoʻlida: MDHdan YEOIIga qarab

-          Turkmaniston bu yoʻnalishda qadamini hanuzgacha bosgani yoʻq. Sizningcha, uning TTDHKga aʼzo boʻlishi uchun qancha vaqt talab qilinadi?

-          Turkmaniston ham kengashga yaqin orada aʼzo boʻladi. Birinchidan, oʻzimizning ham bunday istagimiz bor, chunki bu turkiy tilli bizning qoʻshni davlat. Umid qilamizki, Turkmaniston bu borada ijobiy qaror qabul qiladi. Mintaqadagi bir turkiy tilli mamlakat boshqalardan chetda qolib, yakkalanib qolishi mumkin emas. Taʼkidlash kerakki, barcha turkiy tilli mamlakatlar TRASEKA xalqaro hukumatlararo shartnomasini imzolagan.

-          Soʻnggi paytlarda yangi koridorlarning tashkil etilayotganligi toʻgʻrisida mulohazalarni tez-tez eshitib turibmiz. Ular TRASEKAga raqobat hosil qila oladimi?

-          Hech qanday yangi koridorlar haqida soʻz borayotgani yoʻq. Bu yanglish mulohaza.

Aslida, Yevropa-Kavkaz-Osiyo xalqaro transport koridori doirasidagi marshrutlar nazarada tutilgan edi. Yaʼni gap Afgʻoniston, Turkmaniston orqali Ozarbayjonga, bu yerdan Turkiyaga va soʻngra Yevropaga oʻtuvchi Transkaspiy xalqaro transport marshruti yoki Lapis Lazuli marshruti haqida ketayotgan edi. Zotan, koridor ichida yana koridor ochish mumkin emas. Yaʼni nutqlarda koʻpincha “yangi marshrutlar” iborasi oʻrniga “koridorlar” tushunchasi qoʻllanilmoqda va natijada, tushunmovchilik yuzaga kelmoqda. 

Mintaqada yangi marshrutlarni hosil qilish faqat ragʻbatlantiriladi, chunki bu yuklarni yuborish yoʻllarini diversifikatsiyalashga va umuman olganda, TRASEKA koridori boʻylab yuk tashimalari hajmini oshirishga imkon yaratadi. Masalan, Baku-Tbilisi-Kars temir yoʻllar marshrutini olaylik. Ilgari Yevropaga Qora dengiz va Gruziya orqaligina chiqishimiz bor edi, endilikda esa Gruziya va Turkiya temir yoʻllari orqali yangi yoʻlimiz ham paydo boʻldi.

Qolaversa, 12 davlat rahbari tomonidan imzolangan TRASEKA koridori toʻgʻrisidagi shartnomamiz hamda tranzit va chegaradan oʻtish jarayonini soddalashtirish boʻyicha texnik ilovalarimiz bor.

-          Oʻzbekistondan Yevropa yoʻnalishi boʻyicha qanday tovar va yuklar qatnashi mumkin boʻladi?

-          Bugungi kunga kelib, TRASEKA boʻylab Oʻzbekistonning tranzit oqimi deyarli yoʻqligini hisobga olganda, koridor boʻylab yuk oqimi bir necha marotabagacha oshishi mumkin. Bunga qiziqish endi, hokimiyatga Shavkat Mirziyoyev kelishi bilan paydo boʻldi. Ozarbayjon orqali Yevropa yoʻnalishlari boʻyicha bu mamlakatdan xususan, paxta, gilamlar, ipak va shu kabi anʼanaviy boʻlib qolgan mahsulotlar oqimini yoʻlga qoʻyish mumkin boʻladi. Shu bilan birga, tabiiyki, Yevropa mamlakatlaridan ham Oʻzbekiston yoʻnalishida tovarlar harakatlana boshlaydi.

1998 yil sentyabrda Ozarbayjon poytaxtida TRASEKAning 12 mamlakati ishtirokida tarixiy sammit boʻlib oʻtgandi. Unda davlatlar oʻz geosiyosiy va iqtisodiy imkoniyatlarini toʻliq ravishda tatbiq etish maqsadida “Yevropa-Kavkaz-Osiyo koridorini rivojlantirish boʻyicha xalqaro transport toʻgʻrisidagi asosiy koʻptomonlama shartnoma”sini imzolagan edilar.

TRASEKA aʼzo-mamlakatlari Yevropa-Kavkaz-Osiyo xalqaro transport koridorini rivojlantirish bobida TRASEKA hukumatlararo komissiyasi strategiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirib kelmoqda. Hozirga kelib, koridorni Transevropa transport tarmoqlariga asta-sekinlik bilan integratsiya qilish orqali multimodal yuk tashimalarining barqaror infrastrukturaviy tarmogʻini tashkil toptirishga butun diqqat-eʼtibor qaratilmoqda.

Asosiy mavzular