13:12 18 Noyabr 2019
Efir
  • RUB148.82
  • EUR10455.03
  • USD9490.77
 AO «Navoiyazot»

"Navoiyazot" tsexlari faoliyati toʻxtatildi

© Navoiyazot
Iqtisod
Havola olish
193 0 0

Korxona hududida turli xil chiqindilar belgilanmagan joyga aralash holatda joylashtirganligi, oʻz vaqtida olib chiqib ketilmaganligi, qurilish va ishlab chiqarish chiqindilari joylashtirilganligi oqibatida atrof-muhit holati sifatining buzilishiga olib kelganligi aniqlandi.

TOSHKENT, 5 noyab - Sputnik. Davlat Ekologiya qoʻmitasi tomonidan joriy yil 16-25 sentyabr kunlari aholining koʻp sonli shikoyatlariga sabab boʻlgan «Oʻzkimyosanoat» AJ tasarrufidagi Navoiy viloyatida joylashgan «NAVOIYAZOT» aktsiyadorlik jamiyatida tekshirishlar oʻtkazildi va natijada, jamiyatning qator tsexlari faoliyati vaqtincha toʻxtatildi.

Mazkur korxona 1964 yilda ishga tushirilgan boʻlib, bugungi kunga qadar ayrim tsexlari biror marotaba rekonstruktsiya qilinmagan, eskirgan uskunalarni almashtirish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan tadbirlar doimo kechiktirib kelingan boʻlib, buni  quyidagi tahlillarda koʻrish mumkin.

Korxonaning «Kuchsiz azot kislotasini ishlab chiqaruvchi», «Kaustik soda, xlor va xlor mahsulotlari ishlab chiqaruvchi», «Ammiak selitra ishlab chiqaruvchi» tsexlaridagi agregatlar yaroqlilik muddatini oʻtab boʻlganligi, ehtiyot qismlar belgilangan muddatlarda almashtirilmaganligi sababli azot oksidlari, xlor va xlor kislotasi, ammiak moddasini atmosfera havosiga tashlanishi ruxsat etilgan meʼyorlardan yuqori chiqish holatlari bir necha bor aniqlangan. Sababi uskunalar eskirgan, buyurtmalar berilgan boʻlsa-da, yangi qurilmalar yetkazib berilmagan, eskirgan qurilmalardan hali-xanuz foydalanib kelinmoqda. 

Tekshirish davrida oʻtkazilgan laboratoriya tahlil natijalariga koʻra korxona faoliyati natijasida atrof-muhitga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar tarkibidagi azot oksidlari 2,9 marotaba, ammiak 1,5 marotaba, xlor moddasi 9,4 marotaba, xlorid kislotasi 1,5 marotaba ruxsat etilgan meʼyordan yuqori chiqish holatlari aniqlandi. 

Tekshirish davrida korxonaning «1-navbatdagi azot kislotasini ishlab chiqaruvchi» 5-tsexidagi 10-agregatni, 25-tsexidagi 1-agregatni, «Ammiak selitra ishlab chiqaruvchi» 23-tsexdagi 87-manbani, «Kaustik soda, xlor va xlor mahsulotlari ishlab chiqaruvchi» 107-tsexdagi 1-kompressorni va «Ammoniy xlorid ishlab chiqarish» boʻlimi faoliyatlari vaqtincha toʻxtatildi.

Korxona faoliyati natijasida hosil boʻlgan oqova suvlarni Zarafshon daryosiga tashlanayotgan nuqtasida laboratoriya tahlillari oʻtkazilganida oqova suvlar tarkibidagi azot ammoniy moddasi 4,6 marotaba, azot nitrit 1,5 marotaba, azot nitrat 2,5 marotaba, xloridlar 1,3 marotaba, mis ionlari 1,2 marotaba, sulfatlar 2,4 marotaba ruxsat etilgan meʼyoridan yuqoriligi aniqlandi, oqova suvlarni tozalash inshootining ishlash samaradorligi 73 % koʻrsatmoqda.

«Chiqindilar toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 15-moddasida yuridik shaxslarning chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish sohasidagi majburiyatlari belgilangan boʻlib, korxonada mazkur majburiyatlar bajarilmagan xususan, korxona hududida turli xil chiqindilar belgilanmagan joyga aralash holatda joylashtirganligi, oʻz vaqtida olib chiqib ketilmaganligi, korxona tashqarisida oʻziga tegishli boʻlmagan yer maydonida juda koʻp miqdordagi (12.000 tn) qurilish va ishlab chiqarish chiqindilarini olib borib joylashtirilganligi oqibatida atrof-muhit holati sifatining buzilishiga olib kelganligi aniqlandi.

Tekshirish natijalariga koʻra, «Atmosfera havosini muhofaza qilish toʻgʻrisida», «Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida»,  «Chiqindilar toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari talablarini buzganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasining «Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida»gi Kodeksning tegishli moddalari bilan jami 45 nafar masʼul shaxslarga nisbatan jami 27,8 mln. soʻm miqdorida maʼmuriy jarimalar hamda atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilarni belgilanmagan joylarga joylashtirilganligi uchun qoʻshimcha ravishda 520,4 mln. soʻm kompensatsiya toʻlovlari hisoblandi.

Tekshirish yakuni bilan korxonada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida bu kabi holatlarni oldini olish maqsadida, 21 banddan iborat bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi hamda Davlat ekologiya qoʻmitasi tomonidan nazoratga olindi.

Asosiy mavzular