12:13 24 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Iqtisod
Havola olish
55601

Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan qaror bilan Oʻzbekistonda tadbirkorlar uchun oʻrnatilgan qator talablar bekor qilinib, yangi tartiblar joriy qilinmoqda.

TOSHKENT, 21 noya – Sputnik. Shavkat Mirziyoyev “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga imzo chekdi.

Qaror bilan 2020 yil 1 yanvardan ayrim talablar bekor qilinadi:

  • tadbirkorlik subʼyektlari – yuridik shaxslar oʻrtasidagi koʻchmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini taraflardan birining talabi boʻyicha notarial tasdiqlanganda kommunal xizmatlar boʻyicha qarzdorliklarni tekshirib olish;
  • davlat soliq xizmati organlariga soliq toʻlovchilar tomonidan koʻchmas mulkka boʻlgan huquq davlat roʻyxatidan oʻtkazilgandan soʻng arizani hamda koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazuvchi organlar tomonidan tegishli hududda joylashgan yer uchastkasi va boshqa koʻchmas mulk, uning mulkdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotni bevosita qogʻoz koʻrinishda taqdim etish;
  • meva-sabzavot va toʻqimachilik mahsulotlari va buyumlarini eksport qilish (paxtadan tashqari) uchun zarur ruxsatnoma va sertifikatlarni rasmiylashtirishda tadbirkorlik subʼyektlaridan toʻlov undirish.

2020 yil 1 fevraldan boshlab yangi tartib oʻrnatiladi:

  • eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda talab etiladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlar “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi;
  • fitosanitariya, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya va ekologik nazorat oʻtkazish uchun undiriladigan toʻlovlar miqdori vakolatli organning mazkur hujjatni berish uchun qilgan xarajatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan kelishilgan holda belgilanadi;
  • yuridik shaxslar tomonidan daʼvo arizasi va uning ilovalarini javobgar hamda iqtisodiy sudga soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron tarzda yuborish imkoniyati yaratiladi;

2020 yil 1 oktyabrdan boshlab yangi tartib:

Quvvati 140 kilovattgacha boʻlgan elektr uskunalarini elektr tarmoqlariga ulanish “Hududiy elektr tarmoqlari” aktsiyadorlik jamiyati mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Bu tadbirkorning xohishiga koʻra uning davlat xizmatlari markazlariga bergan soʻrovnomasiga asosan bajariladi.

Mablagʻlar tadbirkorlik subʼyektlari foydalangan elektr energiyasi qiymatiga qoʻshiladigan ustamalar hisobidan bir yil davomida undirib olinadi.

Qaror bilan davlat organlariga xususiylashtirish natijalarini qayta koʻrib chiqish tashabbusi bilan chiqish taqiqlandi.

Qarorga koʻra, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini, shu jumladan, obʼyektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta koʻrib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan, nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish sifatida baholanadi hamda bunday ishlar koʻrib chiqish uchun qabul qilinmaydi.

Bosh prokuraturaga xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka qatʼiy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, jazo muqarrarligi, jinoiy javobgarlikka tortishga qadar oshirishni taʼminlanishi topshirilgan.

Asosiy mavzular