22:22 19 Yanvar 2020
Efir
  • RUB156.59
  • EUR10620.45
  • USD9550.76
Iqtisod
Havola olish
326 0 0

2020 yilda elektr energiyasi isteʼmoli 71 milliard kilovatt-soatni tashkil etadi va bu oʻtgan yilgiga nisbatan oʻrtacha 9 foizga koʻproq. Iqtisodiyot tarmoqlari talabi 10, aholiniki esa 8,5 foizga oshishi kutilmoqda.

TOSHKENT, 13 yanv — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13 yanvar kuni elektr energetikasi sohasini yanada rivojlantirish boʻyicha joriy yilga asosiy vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. 

Oʻtgan yili mamlakatda 6 ta yirik loyiha doirasida jami 1076 megavatt elektr energiya quvvatlari ishga tushirildi.

Joriy yilda elektr energiyasi isteʼmoli 71 milliard kilovatt-soatni tashkil etib, oʻtgan yilgiga nisbatan oʻrtacha 9 foizga, yaʼni, iqtisodiyot tarmoqlari talabi 10, aholiniki esa 8,5 foizga oshishi kutilmoqda. 

Yigʻilishda ushbu ehtiyoj qaysi manbalar hisobidan qoplanishi muhokama qilindi. Prezident 2020 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish, taqsimlash va yetkazib berish boʻyicha belgilangan chora-tadbirlarni toʻliq, sifatli amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.

“Joriy yilda issiqlik elektr stantsiyalarida 1177 megavatt, gidro elektr stantsiyalarida 120 megavatt quvvatlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga 3 ming 500 megavattli bugʻ-gaz qurilmalari, 400 megavattli shamol va shunday quvvatga ega quyosh elektr stantsiyalarini qurish boʻyicha loyihalar shakllantirilgan”,  - deyiladi davlat rahbari matbuot xizmati xabarida.

Yigʻilishda elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi bu borada yaxshi samara berayotgani qayd etildi. “Hududiy elektr tarmoqlari” aktsiyadorlik jamiyatiga yil yakunigacha yana 4,5 million dona zamonaviy hisoblagichlar oʻrnatish vazifasi qoʻyildi.

Sohadagi islohotlarning keyingi bosqichida elektr energiyasining raqobatli ulgurji bozorini shakllantirish, generatsiya jarayoniga davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida investorlarni jalb qilish va bunda davlat kafolatini bosqichma-bosqich kamaytirish muhimligi taʼkidlandi. 

Hisob-kitoblarga koʻra, 2030 yilga borib mamlakatda elektr energiyasi isteʼmoli hozirgiga nisbatan 2 barobar koʻp boʻlishi kutilmoqda. Shu bois prezident Energetika vazirligiga keyingi oʻn yilda umumiy quvvati 7900 megavattni tashkil etadigan yangi issiqlik elektr stantsiyalarini ishga tushirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Shuningdek, investorlarni jalb qilgan holda, 8000 megavatt quvvatga ega quyosh va shamol elektr stantsiyalarini qurish, gidro elektr stantsiyalari quvvatini 1 ming 935 megavattga oshirish, kichik gidro elektr stantsiyalar barpo etishni xususiy sektorga berish yuzasidan vazifalar belgilandi.  

Mutasaddi tashkilotlarga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda elektr energiyasi sohasida zamonaviy texnologiyalar bilan bevosita ishlaydigan oʻrta va kichik boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha besh yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. 

Asosiy mavzular