01:33 27 May 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Iqtisod
Havola olish
274 0 0

Markaziy bank 25 soʻmlik va undan kichik tanga va banknotlar muomaladan chiqarilganini tushuntirib berdi. 2020 yilning 1 iyulidan boshlab 200 soʻmlik va 500 soʻmlik banknotlar ham toʻlov qobiliyatini yoʻqotadi.

TOSHKENT, 12 mar — Sputnik. Markaziy bank kichik tanga va banknotlar muomaladan chiqarilganini tushuntirib berdi.

“Markaziy bankning 25 soʻmlik va undan kichik nominal qiymatdagi banknot va tangalarini muomaladan qaytarib olish muomaladagi naqd pullarning nominal qatorini optimallashtirish maqsadida amalga oshirilmoqda”, - dedi Markaziy bank Naqd pul muomalasini tashkil etish departamenti direktori Fazliddin Bozorov

Buning asosiy sabablari quyidagilar bilan izohlanadi.

Dunyodagi aksariyat mamlakatlarda tangalarning asosan 4-5 xil nominali, banknotlarning 5-6 xil nominali muomalada. Oʻzbekistonda esa bugungi kunga qadar muomalada rasman 14 ta (1 tiyin, 3 tiyin, 5 tiyin, 10 tiyin, 20 tiyin, 50 tiyin, 1 soʻm, 5 soʻm, 10 soʻm, 25 soʻm, 50 soʻm, 100 soʻm, 200 soʻm, 500 soʻm) nominaldagi tangalar, 12 ta (1 soʻm, 3 soʻm, 5 soʻm, 10 soʻm, 25 soʻm, 200 soʻm, 500 soʻm, 1000 soʻm, 5000 soʻm, 10 ming soʻm, 50 ming soʻm, 100 ming soʻm) nominaldagi banknotlar mavjud.

Shuningdek, butun dunyoda amal qilinadigan muomaladagi pul belgilarining nominal qatorini belgilash nazariyasiga koʻra, eng kichik nominaldagi pul belgisi (asosan tanga koʻrinishida) oʻrtacha kunlik ish haqining 1/1000 qismini tashkil etishi lozim.

"Oʻzbekistonda bu nisbat 85,2 ni tashkil etadi (Davstatqoʻm maʼlumotlariga koʻra, 2019 yil yakunida oʻrtacha oylik hisoblangan ish haqi – 2 324,5 ming soʻm, daromad soligʻi chegirilganda 2 045,6 ming soʻm), - deyiladi xabarda.

Shunga koʻra, naqd puldagi hisob-kitoblar uchun eng kichik nominaldagi pul belgisining 50 soʻmlik tanga boʻlib qolishi yuqoridagi nazariyaga asoslangan.

Taʼkidlanishicha, 1994-2001 yillarda muomalaga kiritilgan 25 soʻmlik va undan kichik nominaldagi tangalar hamda banknotlar bugungi kunda naqd puldagi toʻlovlarda ulardan umuman foydalanilmayapti.

Shu bois 2006 yildan buyon bunday qiymatdagi tangalar zarb qilinmayapti va banknotlar bosib chiqarilmayapti.

Endi naqd puldagi toʻlovlar qanday amalga oshiriladi?

Respublikada eng kichik qiymatdagi pul belgisi 2018 yil namunasidagi 50 soʻmlik tanga boʻlib qolayotganligini inobatga olib, chakana savdo va aholiga pullik xizmatlar koʻrsatishda naqd pulda amalga oshiriladigan toʻlovlarni 50 soʻmga yaxlitlash lozim boʻladi.

Yaʼni tovarlar va xizmatlarning yakuniy hisob-kitoblari boʻyicha toʻlovlar naqd pulda amalga oshirilganda, umumiy qiymatning 1 tiyindan 49 soʻm 99 tiyingacha boʻlgan qismi quyidagicha:

- 1 tiyindan 24 soʻm 99 tiyingacha boʻlgan tangalar va banknotlar qiymati, 0 soʻmga tenglashtirilgan holda;

- 25 soʻmdan 49 soʻm 99 tiyingacha boʻlgan tangalar va banknotlar qiymati, 50 soʻmga tenglashtirilgan holda yaxlitlanadi.

Misol uchun: 257 (257-250=7≈0)≈250 soʻm, 474 (474-450=24≈0)≈450 soʻm, 376 (376-350=26≈50)≈400 soʻm, 586 (586-550=36≈50)≈600 soʻm.

Hayotiy misol sifatida: bugungi kunda tabiiy gaz narxi 1 metr kub. – 380 soʻm, elektr energiyasi narxi 1kVt/soat – 295 soʻm boʻlib, fuqaro 212 metr kub. tabiiy gaz va 115 kVt/soat elektr energiyasi uchun toʻlovlarni amalga oshirmoqchi.

Bunda tabiiy gaz uchun – 80 560 soʻm, elektr energiyasi uchun – 33 925 soʻm.

Toʻlovni naqd shaklda amalga oshirmoqchi boʻlgan fuqaro tabiiy gaz uchun 80 550 soʻm, elektr energiyasi uchun 33 950 soʻm toʻlashi mumkin.

“Yaxlitlash naqd pulsiz va bank kartalari orqali amalga oshiriladigan hisob-kitoblarga tadbiq etilmaydi. Naqd pulsiz hisob-kitob hujjatlarida (toʻlov topshiriqnomasi, toʻlov talabnomasi va boshqalar) summalar yaxlitlanmasdan toʻligʻicha qayd etiladi va qayd etilgan summaga operatsiyalar amalga oshiriladi”, - deyiladi xabarda.  

Eslatib oʻtamiz, 2020 yil 1 martdan 25 soʻmlik va undan kichik nominal qiymatidagi tanga va banknotlar muomaladan chiqarilgan edi.

Asosiy mavzular