12:53 30 May 2020
Efir
  • RUB121.10
  • EUR10637.67
  • USD9554.22
Iqtisod
Havola olish
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (879)
157430

Bugun oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ichki talabni toʻliq taʼminlash, aholi daromadlari va farovonligini oshirish uchun katta rezerv va imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.

TOSHKENT, 8 apr - Sputnik. Koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi borasidagi siyosat va chora-tadbirlar yetarli emasligini yaqqol koʻrsatdi.

8 aprel kuni oʻtkazilgan yigʻilishda Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev mamlakatda oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ichki talabni toʻliq taʼminlash, aholi daromadlari va farovonligini oshirish uchun katta rezerv va imkoniyatlar mavjudligini taʼkidladi.

Xususan, Oʻzbekiston rahbari bu yilgi murakkab vaziyatni hisobga olib, barcha tomorqalarda 2-3 marta ekin ekish va qoʻshimcha hosil olish birinchi darajali vazifa boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Xonadonlarda ixcham issiqxonalar qurish ham muhim. Bugungi kunda tomorqalarda jami 4 ming gektar yengil konstruktsiyali issiqxonalar mavjud boʻlib, ularda yiliga uch marta hosil olishni yoʻlga qoʻyish mumkin.

Lekin koʻplab tumanlarda bu masalaga yetarlicha eʼtibor berilmayotgani koʻrsatib oʻtildi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida har bir sektor hududida kamida 100 tadan xonadonda 1-1,5 sotixli issiqxonalar tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Tomorqa obodligi, albatta, suvga bogʻliq. Oʻtgan yili joylarda 233 ta quduq qazilib, 4,5 mingdan ortiq xonadonning suv taʼminoti yaxshilangan edi.

Hozirda esa Jondor, Shofirkon, Baxmal, Forish, Gʻuzor, Chiroqchi, Nurota, Qoʻshrabot, Urgut, Xovos, Bekobod, Yozyovon, Qoʻshkoʻpir kabi tumanlarning aksariyat qishloqlarida suv taʼminoti ogʻir boʻlib qolmoqda.

Shu bois Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga hokimlar bilan birgalikda suv taʼminoti yaxshi boʻlmagan mahallalarda artezian quduqlar qazib, hosildorlikni oshirish vazifasi qoʻyildi.

Qishloq xoʻjaligida vaqtincha foydalanilmayotgan yerlarni oʻzlashtirib, kam taʼminlangan oilalarni band qilish boʻyicha tizim yaxshi samara bermoqda. Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlarida bu borada 31 ta kooperativ tashkil etilib, 1 ming 600 nafar ishsiz fuqaro bandligi taʼminlandi. Bunday kooperativlar faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Oʻzbekiston, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huzuridagi jamgʻarmasidan 50 milliard soʻm ajratilgan.

Yigʻilishda bu tajribani boshqa hududlarda ham joriy qilib, kambagʻallikni va ishsizlikni kamaytirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Kooperativga aʼzo boʻlgan ishsiz fuqarolarga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamgʻarmasidan mahsulot yetishtirish xarajatlari uchun 24 milliard soʻm subsidiya ajratiladi. Kam taʼminlangan, qarovchisi boʻlmagan oilalarga mevali koʻchatlar, sabzavot urugʻlari va boshqa moddiy resurslar yetkazib beriladi.

Tomorqalarda yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorga yetkazib berish masalasiga ham eʼtibor qaratildi.

Hozirgi sinovli davrda tomorqa yerlariga ekin ekmaslik, qarovsiz tashlab qoʻyish yurtga va yerga nisbatan xiyonat deb baholanishi kerak.

Shuning uchun tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalari rasman ogohlantirilishi, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer soligʻi oshirilgan stavkada qoʻllanilishi maʼlum qilindi.

Bu borada mutasaddi rahbarlarga tegishli hujjatni qabul qilish topshirildi. Tomorqalar holatini dronlar orqali monitoring qilish hamda ulardan unumli foydalanish uchun har bir sektor kesimida zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Mavzu:
COVID-19 umumjahon pandemiyasi (879)

Asosiy mavzular