Mirziyoyev korxonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga doir ikkita qarorni imzoladi

© Sputnik / Ramiz BaxtiyarovPismennie prinadlejnosti
Pismennie prinadlejnosti - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
O‘zbekiston prezidenti karantindan so‘ng korxonalar barqaror ishlab ketishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlashga oid ikkita qarorga imzo chekdi.

TOShKENT, 5-may — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev korxonalar barqaror ishlab ketishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlashga oid ikkita qarorga imzo chekdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Ulardan biri -  “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror.

Unga ko‘ra:

  • to‘qimachilik korxonalari va klasterlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, mahsulot raqobatdoshligini oshirish maqsadida xomashyo narxini 10 foizgacha pasaytirish imkoniyatini beruvchi xalqaro birja narxlariga o‘tiladi;
  • 1 aprelga qadar ichki bozorda sotilgan paxta tolasi uchun yakuniy to‘lov muddati 90 kundan 150 kungacha uzaytirildi;
  • to‘qimachilik korxonalari eksport qilgan mahsulot respublikadan chiqib ketishi bilan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘liq qaytariladi;
  • soha uchun muhim bo‘lgan 64 turdagi xomashyo va materiallar bojxona bojidan ozod qilindi.

Shuningdek, tayyor mahsulot eksportini keskin ko‘paytirish, yirik, kamida 1 mingta odam ishlaydigan, xalqaro brend ostida ishlab chiqaruvchi zamonaviy yirik to‘qimachilik va tikuv klasterlarini barpo etish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, prezidentning “Eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilingan.

Unga muvofiq, tashish xarajatlari uchun subsidiya beriladigan mahsulot turlari hozirgi 52 tadan 86 tagacha ko‘paytirildi. Bu ro‘yxatga 32 turdagi sabzavot va poliz mahsulotlari hamda ho‘l, muzlatilgan va konservalangan mevalar qo‘shildi.

Ushbu transport xarajatini subsidiyalash mexanizmidan 2 mingdan ziyod eksportor korxonalar foydalanishi imkoniyati yaratilmoqda va bunga budjetdan 360 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

“Bunday choralardan maqsad – korxonalar faoliyatini tez tiklash, eksport hajmini barqaror oshirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish uchun katta imkoniyat yaratish. Shu sababli barcha darajadagi rahbarlar doimiy ravishda har bir tuman va mahallada yangicha g‘oya hamda tashabbuslarni joriy etib, oddiy xalq yoki kambag‘alning hayotini yaxshilash, ularni band qilish va daromadini oshirish masalalari bilan ustuvor darajada shug‘ullanishi kerak”, – dedi Mirziyoyev.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga tarmoq rahbarlari, viloyat hokimlari va banklar bilan birga 1-iyunga qadar korxonalarga ko‘rsatiladigan yordam turlari va miqdorini aniqlab, har bir korxona bo‘yicha Inqirozdan keyingi manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirildi.

Noviy sort kartofelya. - Sputnik O‘zbekiston
Jahonda oziq-ovqat tovarlari narxi oshib borayotgan bir vaqtda O‘zbekiston qanday yo‘l tutadi?

Ushbu rejada korxonalarga aylanma mablag‘lar uchun qo‘shimcha kreditlar berish,  eksport majburiyatlarini bajarishga ko‘maklashish, tomorqa va issiqxonalar uchun davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar miqdorini oshirishga ustuvor ahamiyat beriladi. 

Yig‘ilishda soliq tushumlarini ta’minlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.  Joriy yilning yanvar-aprel oylarida bu boradagi prognoz 102,7 foizga bajarilgan. Bundan buyon budjetga tushumlar sezilarli ravishda ortib borishi qayd etilib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Oziq-ovqat xavfsizligiga ham yana bir bor e’tibor qaratilib, aholini asosiy turdagi mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlash, narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari belgilandi.

Yangiliklar lentasi
0