21:39 21 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB137.65
  • EUR12194.82
  • USD10295.33
Iqtisod
Havola olish
Oʻzbekiston va YEOII – integratsiya istiqbollari (51)
36221

Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorov Oʻzbekistonning YEOIIda kuzatuvchi sifatidagi ishtiroki xususida fikrlarini bildirdi.

TOSHKENT, 11 may — Sputnik. Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri Jamshid Qoʻchqorov Oʻzbekistonning YEOIIda kuzatuvchi sifatidagi ishtiroki respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarga qanday taʼsir koʻrsatishi haqidagi savolga javob berdi.

“Haqiqatdan ham, bu oʻrinli savol. Shuni ishontirib aytish mumkinki, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga salbiy taʼsiri yoʻq. Chunki birinchi navbatda oʻzingiz ham koʻrib chiqayotgan qaror loyihasida Oʻzbekiston YEOII bilan hamkorlikda kuzatuvchi maqomi bilan ishtirok etmoqchi. Demak, Oʻzbekiston ittifoqning barcha ishchi organlari faoliyatida ishtirok etishda bemalol fikr bildirish huquqiga ega boʻladi, faqat qaror qabul qilish jarayonida bundan mustasno. Umuman ochiq hujjat boʻladigan boʻlsa, hammasi bilan tanishish imkoniyatiga ega.

Buning islohotlarga qanday ahamiyatga ega, demoqchi boʻlsak, avvalambor shuni aytish kerakki, biz koʻplab islohotlarni hammaning xabari bor, maʼlum maʼnoda, ayrim shu mamlakatlarda orqada qolgan holda amalga oshiryapmiz. Ular shu islohotlarni avvalroq qilgan. Koʻp marta muhtaram davlatimiz rahbari ham aytib oʻtganlar, ancha vaqtni yoʻqotib qoʻydik. Shuning uchun maʼlum maʼnoda, oʻrganishimiz ham mumkin.

Ikkinchi tomondan qaraydigan boʻlsak, yaʼni ertaga toʻlaqonli aʼzo boʻlsak, mana shu islohotlarga taʼsiri boʻladimi, deb aytadigan boʻlsak, yoʻq. Bu ham qaytanga raqobatni kuchaytiradi. Biz maʼlum bir bozorlarda oʻz oʻrnimizni topishga majburmiz. Buning bitta-yu bitta yoʻli – iqtisodiyot tarmoqlarining raqobatdoshligini taʼminlash. Shuning uchun biror bir islohotlar uchun salbiy tomonlarini koʻrmayapmiz. Buni koʻplab ekspertlar aytyapti”, - dedi Qoʻchqorov.

Qoʻchqorov investitsion loyihalar boʻyicha tadbirlar salbiy taʼsir ostida qolmasligi uchun amalga oshiriladigan ishlar haqida gapirdi.

“Islohotlar bilan birga koʻplab Oʻzbekistonda investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda bir qator bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlarni belgilangan va x.z. Bu tadbirlar qandaydir salbiy taʼsirga tushmasligi uchun tarmoqlar boʻyicha boʻlinib, qisqa, oʻrta va uzoq muddat davrgacha “otsrochkalar” olamizki, agar vaqti kelib aʼzo boʻladigan boʻlsak, bu davr ichida biz tegishli tarmoqlarda raqobatdoshligi oshirib, oyoqqa qoʻyib olamiz. Mana shular hisobiga qarab gapiradigan boʻlsak, bizda bunday bir xavf – xatarga oʻrin yoʻq”, - deb taʼkidladi bosh vazir oʻrinbosari.

Hukumat vakili islohotlar borasida misol keltirdi.

“Birinchidan har qanday islohotni zaminida makroiqtisodiy barqarorlik turadi. Masalan, Yevropa Ittifoqi haqida gapiradigan boʻlsak, unda hamma mamlakatlar byudjet taqchilligini 3 foizdan oshirmaslik haqida kelishuvga kelgan. Demak, makroiqtisodiy barqarorlik bir indikatorlardan biri. YEOII xuddi shunday talabni qoʻymoqda. Yaʼni maʼnosi yoʻq talab emas, makroiqtisodiy barqarorlikka xizmat qiladigan talab. Aksincha, bizning islohotlarga xizmat qiladi.

Aktsiz soliqlari haqida gapiradigan boʻlsak, YEOII talablariga binoan qaysi tovarlarga ichki mahsulotlarga aktsiz soligʻi qoʻllanilayotgan boʻlsa import qilinayotganda, faqat shularga qoʻllanilishi kerak. Ular stavkalari ham bir xil boʻlishi kerak. Bu talab nima, bizga qandaydir manfaatlarimizga zid-mi?, degan savol beradigan boʻlsak? Bular ham oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan talab emas, bu xalqaro valyuta jamgʻarmasining ham, jahon savdo tashkilotining ham talabi. Shuning uchun ikkita misoldan koʻrinib turibdiki, bular hammasi YEOII koʻplab iqtisodiy talablari ham oʻsha dunyoni katta qismida tan olingan, xalqaro tashkilotlar tomonidan qoʻllanilayotgan talab va tartib-taomillaridan kelib chiqqan.

Shuning uchun yana bir karra hurmatli senatorlarimizga ishontirib aytaman, buni iqtisodiy islohotlarga salbiy taʼsiri yoʻq. Qolaversa, muhtaram prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bir necha marta aytganlar, Oʻzbekiston oʻzining iqtisodiy siyosatini erkin amalga oshiradi, bu gap suverenitet yoki bir nima haqida emas, deb aytganlar”, - deb taʼkidladi Qoʻchqorov.    

Munozara yakunida senatorlar Oʻzbekiston Respublikasining YEOIIda “kuzatuvchi davlat” maqomida ishtirok etish taklifini maʼqullashdi.

Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzu:
Oʻzbekiston va YEOII – integratsiya istiqbollari (51)

Asosiy mavzular