12:21 10 Iyul 2020
Efir
  • RUB142.48
  • EUR11455.78
  • USD10184.73
Iqtisod
Havola olish
69320

Davlat rahbari Oʻzbekiston bozor iqtisodiyotiga qatʼiy oʻtishi jarayonida raqobat masalasi printsipial ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

TOSHKENT, 28 may - Sputnik. Oʻzbekistonda monopol korxonalarga qatʼiy choralar koʻrish vaqti keldi, deb taʼkidladi mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun iqtisodiyotda raqobat muhitini taʼminlash mavzusiga bagʻishlab oʻtkazilgan yigʻilishda.

Yigʻilishda taʼkidlandiki , Oʻzbekistonning jahon iqtisodiyoti bilan aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Bu esa ichki bozorda raqobat muhitini taʼminlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatdoshligini oshirishni talab etadi.

Davlat rahbari Oʻzbekiston bozor iqtisodiyotiga qatʼiy oʻtishi jarayonida raqobat masalasi printsipial ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

"Meni tashvishlantiradigan masala shuki, korxonalarimiz tashqi raqobatga bardosh bera oladimi? Chetdan tovar kirib kelsa, yurtimizda ishlab chiqarilgan xuddi shunday mahsulot unga raqobatchi boʻla oladimi? Mahalliy mahsulotlarning tannarxini pasaytirsak, xorijdan oʻzlari olib ketishadi", – dedi prezident.

Bugungi kunda 31 ta tovarlar guruhi va 82 turdagi xizmatlar bozorida 245 ta korxona monopol holatda saqlanib qolmoqda. Lekin bir qator yoʻnalishlarda raqobat muhiti shakllanib boʻlgan 19 xil mahsulot va xizmatlar boʻyicha 70 ta korxonani monopolistlar reyestrdan chiqarish mumkin.

"Raqobat boʻlmasa, sifat boʻlmaydi, narx tushmaydi. Zamon oʻzgaryapti, lekin monopol korxonalar oʻzgara olmayapti. Qatʼiy choralar koʻrish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz. Agar rahbarlar shunga munosib boʻlsa, ishlaydi, boʻlmasa – ketadi", – dedi Mirziyoyev.

Yigʻilishda korxonalarning bozordagi monopol mavqeini aniqlash boʻyicha yondashuvlarni qayta koʻrib chiqish, monopol tovarlar roʻyxatini keskin qisqartirishga qaratilgan “yoʻl xaritasi” tasdiqlash vazifasi belgilandi.

– Dunyo tajribasini oʻrganib, oʻz yoʻlimizni topishimiz zarur. Monopoliyadan chiqarish, raqobatni taʼminlash, isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish boʻyicha yakdil yoʻnalishimiz boʻlishi kerak, – deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi kurashish borasida mutlaqo yangi tizim yaratish lozimligi taʼkidlandi. Oliy taʼlim tizimida raqobatni rivojlantirish yoʻnalishi boʻyicha alohida fakultet, kunduzgi va sirtqi oʻqish shaklini ochish, yangi fan joriy qilish va ushbu maqsadlar uchun akademik soatlar ajratish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining vakolatlarini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir qaror loyihasi tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

Qoʻmitani isteʼmolchilarning manfaatlarini toʻgʻridan-toʻgʻri himoya qiladigan xalq vakillik organi – Oliy Majlisga hisobdor etib belgilash masalasini koʻrib chiqish topshirigʻi berildi.

Asosiy mavzular