15:42 15 Iyul 2020
Efir
  • RUB143.88
  • EUR11518.27
  • USD10194.96
Iqtisod
Havola olish
624 0 0

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga joriy yil 1 oktyabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal isteʼmol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

TOSHKENT, 4 iyun - Sputnik. Endilikda tuman (shahar) sektor rahbarlari eng qiynalgan va muhtoj oilalar roʻyxatini shakllantirib, ularni kambagʻallikdan xalos etish rejasini ishlab chiqadi. Bu haqda Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishida aytildi.

Yigʻilishda taʼkidlandiki, pandemiya sharoitida eng farovon davlatlarda ham aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish katta muammo boʻlib qolmoqda. Mamlakatda ham ishsizlar soni koʻpaydi. Shuningdek, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, pandemiya 450 mingga yaqin oilalar daromadiga jiddiy taʼsir qilishi mumkin.

Aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlari. Bu borada komleks va hududiy dasturlar ishlab chiqilgan, vazirlar, hokimlar va sektorlar rahbarlarining vazifalari belgilab berilgan.

Kambagʻallikni qisqartirish borasidagi ishlar hamda "Saxovat va koʻmak" umumxalq harakati doirasida muhtoj oilalarni qoʻllab-quvvatlash uchun roʻyxatlar shakllantirilgan. Ularga muvofiq, bugungi kunga qadar shunday oilalarning 540 mingtasiga 307 milliard soʻmlik koʻmak berilgan.

Davlat rahbari asosiy maqsad kambagʻal oilaning hech boʻlmaganda bitta aʼzosini ish bilan taʼminlab, ularni muhtojlikdan chiqarish ekani, shuning uchun har bir oila, har bir fuqaroning muammosi bilan alohida shugʻullanish zarurligini taʼkidladi.

"Bu sinovli davrda raqamlar ortidan quvish emas, balki xalqni rozi qilish uchun chin koʻngildan ishlash kerak", – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yigʻilishda belgilanganidek, tuman (shahar) sektor rahbarlari eng qiynalgan va muhtoj oilalar roʻyxatini shakllantirib, ularni kambagʻallikdan xalos etish rejasini ishlab chiqadi. Viloyat hokimining iqtisodiyot va mahalla masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari sektorlar hamda tijorat banklari ishini muvofiqlashtirib, ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga masʼul boʻladi. Bosh vazir oʻrinbosari rahbarligida Respublika shtabi ularning hisobotini eshitib, muammolarini hal qilishga vazirlik va idoralar, tijorat banklarini jalb qiladi.

Ushbu tizim Yagona ijtimoiy reyestr uchun ham katta zamin boʻladi. Mutasaddilarga yil oxirigacha mazkur reyestrni vazirlik - viloyat - tuman - mahalla kesimida toʻliq joriy etish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Kambagʻallik chegarasi va mezonlarining jahon amaliyotida tan olingan 4 ta hisoblash usuli Fargʻona viloyatining Toshloq tumani misolida sinovdan oʻtkazilishi belgilandi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga joriy yil 1 oktyabrgacha tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor va minimal isteʼmol savatchasining huquqiy asoslarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Asosiy mavzular