01:56 29 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Iqtisod
Havola olish
405 0 0

2020 yilning birinchi yarmida aholining real daromadi qaysi viloyatlarda kamaydi va qayerda koʻpaygani haqida Statistika qoʻmitasi maʼlumoti.

TOSHKENT, 27 iyul - Sputnik. Davlat Statistika qoʻmitasi 2020 yilning yanvar – iyun oylarida Oʻzbekistonda aholining real daromadi qanday oʻzgargani haqida rasmiy maʼlmotlarni tarqatdi.

Qoʻmita xabariga koʻra, Oʻzbekistonda ushbu yilning birinchi yarmida aholi daromadi oʻsish surʼati oʻrtacha 15,8 %ga oshgan, lekin bu koʻrsatgich inflyatsiyani va isteʼmol narxlari oʻsishini hisobga olmaydi. Inflyatsiya koʻrsatgichlaridan biri boʻlgan – Isteʼmol narxlari indeksini (INI) qoʻllagan holda hisoblaganda aholi daromadi oʻsishi miqdori atigi - 101,5 %ni tashkil etgan.

Jon boshiga hisoblaganda yanvar-iyun oylarida aholi oʻrtacha umumiy 5,2 mln soʻm daromad olgan. Bu esa oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 13,5 %ga koʻp, lekin inflyatsiyani hisobga olganda jon boshiga real daromadi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan - 99,6 %ni tashkil qilgan. Yaʼni 0,4 %ga kamaygan.

Daromadlar eng koʻp oʻzgarishi qarda boʻlgan ?

Eng katta oʻrtacha umumiy daromad  Toshkent shahrida – 10,5 mln., Navoiy viloyatida – 8,3 mln., Buxoroda – 6,4 mln., Toshkent viloyatida 5,5 mln. soʻm.  

© Sputnik /

Eng kam daromadlar esa – Qoraqalpogʻiston Respublikasi – 3,8 mln., Namangan viloyati – 3,9 mln., Fargʻona – 4 mln., Qashqadaryo – 4,3 mln., Samarqand – 4,4 mln.  viloyatlarida qayd etilgan.   

Pandemiya vaqtida aholining real daromadlari sezilarli oʻsishi Oʻzbekiston boʻyicha faqat Navoiy viloyatida (+5,2 %) va Jizzax viloyatida (+4,1%) kuzatildi.

Fargʻona, Sirdaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Namangan va Toshkent viloyatlarida – jon boshiga olingan umumiy daromad miqdori deyarli oʻzgarmagan: koʻrsatgichlar 99 – 101 % atrofida.    

Toshkent shahri (-4,8 %) va Andijonda (-1,5 %) aholi jon boshiga real daromadi pasayishi kuzatilgan.

Davlat Statistika qoʻmitasi xabariga koʻra, Oʻzbekiston aholisining deyarli 70 % mehnat faoliyatidan va mustaqil bandlikdan olingan daromadlar hisobiga yashaydi. 25 % aholi – transfertlar (turli pul oʻtkazmalari) hisobiga yashaydi.

Transfertlar (pensiya, nafaqa va stipendiyalar) hisobidan yashaydigan aholi eng koʻp hududlar Qoraqalpogʻiston (32,7 %), Samarqand (32,2%), Xorazm (30,4 %),  Andijon (29,3%),  Namangan (28,3 %), Surxondaryo (28 %) va  Fargʻona (27,8 %) viloyatlarida ekani qayd etilgan.

Shuningdek oʻzidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar va mol mulkidan olingan daromadlar hisobiga yashovchi aholi miqdori eng koʻpi Toshkent shahrida qayd etilgan – 16,3 %.

Qayerda xorijiy pul oʻtkazlari miqdori koʻp?

Respublika tashqarisidan kelib tushgan daromadlar miqdori oʻtgan davr mobaynida 9,2 %ga oʻsishi kuzatilgan. Aholi umumiy daromadi tarkibida xorijiy pul oʻtkazmalari ulushi eng koʻp boʻlgan hududlar quyidagilar ekani aniqlandi:

  • Samarqand viloyati – 20,3 %  
  • Xorazm viloyati – 20,1 %
  • Andijon viloyati – 18,5 %
  • Qoraqalpogʻiston – 17,3 %
  • Surxondaryo viloyati – 17,1 %
  • Namangan viloyati – 15,8 %
  • Qashqadaryo viloyati – 14,8 %
  • Fargʻona viloyati – 14,5 %
  • Buxoro viloyati – 13,9 %

Qolgan viloyatlarda aholi daromadi tarkibida xorijiy pul oʻtkazmalari 10 %dan kam miqdorni tashkil qilmoqda. Xususan xorijiy oʻtkazmalar eng kam boʻlgan hudud bu Navoiy viloyati – 4,2 %, Toshkent viloyati – 5,2 %, Jizzax – 6,9 % va Toshkent shahri – 9,4 %.

 

Asosiy mavzular