TOShKENT, 25 avg - Sputnik. 2021-yilning birinchi yanvaridan boshlab bir necha o‘nlab litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi, qolganlarini olish tartibi soddalashtiriladi. Bu haqida O‘zbekiston prezidentining 24-avgust kuni imzolangan "Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonida aytib o‘tilgan.
Farmonga muvofiq, 2021 yil 1-yanvardan boshlab:
- 37 ta litsenziya va 10 ta ruxsatnoma bekor qilinadi;
- 16 ta litsenziya va 11 ta ruxsatnoma birlashtirish yo‘li bilan bekor qilinadi;
- 17 ta litsenziya va 14 ta ruxsatnomalar xabardor qilish tartibi joriy etilishi yo‘li bilan bekor qilinadi;
- 14 ta turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish muddatlari qariyb 2 baravarga qisqartiriladi;
- 115 ta litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillari yanada soddalashtiriladi.
Undan tashqari, 2021-yil 1-yanvardan boshlab:
- turizm faoliyatini litsenziyalashda turoperatorlar xizmatlarini sertifikatlash ixtiyoriy etib belgilanadi.
- kredit burolari faoliyatini litsenziyalashda kamida 10 ta tijorat banki bilan kredit almashinuvini amalga oshirishga roziligini tasdiqlovchi hujjat mavjudligi talabi bekor qilinadi.
- Aptekalarning har bir filiali uchun alohida litsenziya olish talab qilinmaydi.
- Yer qa’ri uchastkalaridan foydalanish huquqi uchun litsenziya olishda talabgordan mahalliy davlat hokimiyati organlarining kafolat xatlarini olishni talab qilish tartibi bekor qilinadi.
Prezident yangi farmoninning maqsadi - respublikada ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, ortiqcha burokratik to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni takomillashtirishdir.
Farmonning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.