17:32 26 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Iqtisod
Havola olish
499 0 0

Ushbu yangi GESlarni 2022 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. GESlarning umumiy oʻrnatilgan quvvati 24 MVtni tashkil etadi

TOSHKENT, 5 sen - Sputnik. Oʻzbekiston va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasida "barqaror gidroenergetika" loyihasi doirasida Oqsu daryosida Rabat GES hamda Chappasuy GES qurilishi va Oqdaryo-Oqsu daryosida Tamshush GES qurilishi loyihalarini moliyalashtirish uchun 25 yil muddatga  60 mln AQSH dollari miqdorida kredit ajratilishi boʻyicha zayom kelishuvi imzolandi.

Ushbu hamkorlik doirasida "Oʻzbekgidroenergo" AJ Boshqaruvi raisi Abdugʻani Sanginov va Osiyo taraqqiyot bankining Oʻzbekiston Respublikasidagi vakolatxonasi  rahbari Sintiya Malvicheni oʻrtasida loyiha kelishuvlari imzolandi, deb xabar beradi "Oʻzbekgidroenergo" AJ Axborot xizmati

Mazkur GESlar qurilishiga jalb etilgan kredit mablagʻlari loyihalar doirasida Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida tender savdolari asosida tanlab olingan bosh pudratchi moliyalashtiriladi.

Oqsu daryosida Rabat GES va Chappasuy GES qurilishi va Oqdaryo-Oqsu daryosida Tamshush GES qurilishi investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanuvi "Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 iyuldagi "Xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarorida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Moliya vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilgan.

Umumiy qiymati 60,0 mln AQSH dollariga teng Oqsu daryosida Rabat GES qurilishi, Oqsu daryosida Chappasuy GES qurilishi va Oqdaryo-Oqsu daryosida Tamshush GES qurilishi investitsiya loyihasining texnik-iqtisodiy asosnomasiga muvofiq,  qurilish va montaj ishlari  uchun jalb qilinayotgan kreditning 21,6 mln AQSH dollari, mashina va uskunalari uchun  23,6  mln AQSH dollariga teng qismidan foydalaniladi. Kreditning qolgan mablagʻlari loyihani boshqarish va salohiyatini oshirish, loyiha oldi xarajatlari hamda yuqori kuchlanish tarmogʻi uchun foydalaniladi.

Ushbu yangi GESlarni 2022 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Yangi GESlarning umumiy oʻrnatilgan quvvati 24 MVtni tashkil etadi: Rabat GES – 6,2 MVt, Chappasuy GES–7,5 MVt, Tamshush GES–10,3 MVt.

Mazkur loyihalarni amalga oshirilishi natijasida  97.5 mln. kVt/soat arzon va ekologik sof elektroenergiya ishlab chiqarilishi hamda yangi GESlarda 40 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratish, mamlakat energetika balansida gidroenergetika ulushining oʻsishi va yoqilgʻi resurslarini tejash, tobora oshib borayotgan elektroenergiyaga  boʻlgan talabni qondirish imkonini beradi.

"Oʻzbekgidroenergo" AJ tomonidan zamonaviy texnologiyalarga asoslangan “Loyihalar fabrikasi” mexanizmini joriy qilgan holda yangidan-yangi loyihalarni uzluksiz ishlab chiqarilishi hamda bu boradagi koʻlamli ishlar Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.

Shu oʻrinda jamiyat tomonidan joriy yilda "loyihalar fabrikasi" boʻyicha dastlabki umumiy qiymati 1,57 mlrd.dollarga teng, quvvati 907,5 MVt boʻlgan 23 ta investitsiya loyihasi tayyorlanmoqda, shundan qiymati 1,37 mlrd. dollarlik 14 ta loyiha doirasida 637,25 MVt yangi quvvatlar yaratiladi va qiymati 190 mln dollarlik 9 ta loyiha doirasida 270,3 MVt quvvatlar modernizatsiya qilinadi.  

"Oʻzbekgidroenergo" AJ Oʻzbekistonda eʼlon qilingan karantin davrida ham karantin talablariga toʻliq amal qilgan holda aholiga uzluksiz arzon elektr energiyasini yetkazib berish borasidagi faoliyatini jadallik bilan olib borib, shu yilning oʻtgan 7 oyi davomida, umumiy quvvati 22,4 MVt boʻlgan Shahrixon GESlar kaskadi Janubiy Fargʻona kanali GES-2 va Qodiriya GESlar kaskadi GES-3 ning modernizatsiyasi loyihalarini yakunlab foydalanishga topshirdi.

Yil yakuniga qadar quvvati 95,9 MVt ga teng qoʻshimcha 4 ta loyihani, yaʼni Qamchiq GES va  Zarchob kichik GESlar kaskadi GES- 1 qurilishi hamda Toshkent GESlar kaskadi GES-9 va Quyi-Boʻzsuv GESlar kaskadi GES-14  modernizatsiyasini yakunlashga qaratilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yil davomida foydalanishga topshirilgan loyihalar soni 6 taga, qoʻshimcha quvvatlar hajmi 118,3 MVt ga va yaratilgan yangi ish oʻrinlari soni 100 taga yetkaziladi.

Asosiy mavzular