13:58 26 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Iqtisod
Havola olish
77 0 0

Shavkat Mirziyoyev bu tajribani keng qoʻllab, paxta, gʻalla va sholi maydonlarini lazer yordamida tekislash muhimligini taʼkidladi.

TOSHKENT, 16 sen — Sputnik. Oʻzbekistonda suv xoʻjaligida yana bir innovatsiya - ekin maydonini lazer yordamida tekislash joriy etish uchun kamida 250 milliard soʻm yoʻnaltiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida boʻlib oʻtgan suv xoʻjaligida tejamkor texnologiyalarni joriy etish va davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilindi.

Taʼkidlanishicha, mintaqamda suv tanqisligi bilan bogʻliq vaziyat yildan-yilga murakkablashib bormoqda. Oxirgi 10 yilda, misol uchun, Oʻzbekistonda suv hajmi 12 foizga, oʻtgan yilgiga nisbatan esa bu yil 15 foizga kamaygan.

Videoselektorda suv xoʻjaligidagi ishlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat va tumanlar kesimida tanqidiy tahlil qilinib, galdagi muhim vazifalar muhokama etildi.

Kelgusi yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni 600 ming gektarga yetkazish reja qilib qoʻyildi. Buning uchun davlat byudjetidan zarur mablagʻ yoʻnaltirish, tashabbuskorlar xarajatining bir qismini qoplash uchun subsidiya berish, shuningdek, xalqaro moliya tashkilotlari resurslarini jalb qilib, salohiyatli fermer xoʻjaliklari va klasterlarga tijorat banklari orqali kredit ajratish yuzasidan koʻrsatmalar berildi.

Suv tejovchi texnologiyalar qamrovi kengayishi bilan ularni ishlab chiqarishga ham talab oshadi. Biroq, mamlakatda shunga ixtisoslashgan 13 ta korxonaning quvvati kelgusi yil ehtiyojining yarmini qoplashga ham yetmaydi. Shu bois mutasaddilarga Samarqand, Toshkent va Namangan viloyatlarida suv tejovchi texnologiyalar uchun uskunalar ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etish vazifasi qoʻyildi.

Sohadagi yana bir innovatsiya – klasterlar 3 ming gektardan ziyod ekin maydonini lazer yordamida tekislash orqali suv sarfini 20-25 foiz, oʻgʻitni 15 foiz tejashga, hosildorlikni kamida 10 foizga oshirishga erishgan.

“Davlatimiz rahbari bu tajribani keng qoʻllab, paxta, gʻalla va sholi maydonlarini lazer yordamida tekislash muhimligini taʼkidladi. Moliya vazirligiga ushbu texnologiyani joriy qilishga Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasidan kamida 250 milliard soʻm kredit ajratish topshirildi”, - deyilgan xabarda.

Suv xoʻjaligi vazirligiga yil yakunigacha 150 ta, kelgusi yildan barcha oʻlchash postlarida suvni onlayn rejimda nazorat qiluvchi avtomatlashgan tizim joriy etish vazifasi yuklatildi.

Sugʻorish meʼyorlarini hisoblash metodikasini BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) talablariga moslashtirish, suv hisoblagichlar oʻrnatgan isteʼmolchilarni ragʻbatlantirish yuzasidan vazifalar belgilandi.

Asosiy mavzular