08:58 22 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Iqtisod
Havola olish
208 0 0

Markaziy bank axborotiga koʻra, yil yakuniga qadar milliy valyutaning almashuv kursi dinamikasi ichki va tashqi makroiqtisodiy omillar taʼsirida, ichki valyuta bozoridagi mavjud talab va taklifning joriy nisbatidan kelib chiqib shakllanib boradi.

TOSHKENT, 10 okt - Sputnik. Oʻzbekiston Markaziy banki joriy yilning 9 oyidagi ichki valyuta bozoridagi holat va 2020 yil yakuniga qadar kutilayotgan tendentsiyalar yuzasidan rasmiy axborot eʼlon qildi.

Maʼlumotlarda aytilishicha, soʻnggi ikki oy davomida karantin bilan bogʻliq cheklovlarning yumshatilishi hamda iqtisodiy faollikning asta-sekinlik bilan tiklanib borishi taʼsirida ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga boʻlgan talabning nisbatan yuqori darajada boʻlishi kuzatilgan. Bu asosan karantin sharoitlarida qondirilmagan talabning maʼlum bir kechikish orqali yuzaga chiqishi bilan izohlanadi.

2020 yilning yanvar-sentyabr oylari davomida ichki valyuta bozorida xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar tomonidan jami 10,7 mlrd. dollarlik xorijiy valyuta sotib olindi. Mazkur davrda ichki valyuta bozorida xorijiy valyutadagi umumiy taklif hajmi 7,0 mlrd. dollarni tashkil etib, qolgan 3,7 mlrd. dollarlik talab esa Markaziy bankning interventsiyalari hisobiga toʻliq qondirildi.

Hisobot davrida ichki valyuta bozoridagi Markaziy bankning interventsiyalari oltin-valyuta zaxiralarining neytralligi tamoyiliga asoslangan holda, mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olingan oltin miqdori doirasida amalga oshirildi.

Markaziy bank kelgusi oktyabr-dekabr oylari davomida ham ushbu tamoyilga asosan ichki valyuta bozoriga interventsiyalarni amalga oshirib boradi. Bunda ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga boʻlgan talabning sezilarli darajada oshishi kuzatilgan holatlarda, zaruriyatga qarab, yil boshidan oltin xaridi va amalga oshirilgan interventsiya operatsiyalari oʻrtasidagi tafovutdan hosil boʻlgan 300 mln. dollar miqdoridagi valyuta zaxirasi ham ushbu maqsadlarga yoʻnaltirilishi mumkin.

2020 yilning 9 oyi davomida xalqaro pul oʻtkazmalari orqali respublikaga kelib tushgan valyuta mablagʻlari hajmi 4,3 mlrd. dollarni tashkil etdi. Sentyabr oyida pul oʻtkazmalari miqdori 638 mln. dollarga yetib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 8 foizga oshdi.

Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan valyuta ayirboshlash shoxobchalari orqali sotilgan chet el valyutasi miqdori 3,2 mlrd. dollarni tashkil etib, ayni paytda ular tomonidan 2,9 mlrd. dollar sotib olindi.

Hozirgi kunda jismoniy shaxslar bilan valyuta operatsiyalarini amalga oshirish uchun tijorat banklari  kassalarida naqd xorijiy valyuta qoldigʻi 480-550 mln. dollarmiqdorida boʻlishi taʼminlanmoqda.

Shuningdek, Markaziy bank tomonidan muntazam ravishda tijorat banklari taqdimnomalariga asosan ushbu operatsiyalar uchun yana qoʻshimcha xorijiy valyuta bilan taʼminlanib kelmoqda. 

Valyuta kurslarining shakllanishi va dinamikasi

Chet el valyutalarining milliy valyutaga nisbatan Oʻzbekiston Markaziy bankining rasmiy kurslari haftada bir marta belgilanib, dushanba kuni eʼlon qilib boriladi.

Bunda AQSH dollarining soʻmga nisbatan kursini belgilashda hafta davomida Oʻzbekiston respublika valyuta birjasidagi kunlik banklararo savdo sessiyalarida mavjud talab va taklif nisbatiga koʻra shakllangan kurslarning oʻrtacha tortilgan miqdoridan kelib chiqiladi.

Joriy yilning aprel oyidagi toʻgʻirlanishdan soʻng, soʻm almashuv kursi nisbatan barqaror dinamika koʻrsatmoqda. Xususan, milliy valyuta kursi yanvar-aprel oylarida 6,6 foizga pasaygan boʻlsa, may-sentyabr oylari davomida 2 foizga pasaydi. 

Umuman olganda, 2020 yil 9 oyi davomida milliy valyutaning AQSH dollariga nisbatan almashuv kursi – 8,6 foizga qadrsizlandi.

Yil yakuniga qadar milliy valyutaning almashuv kursi dinamikasi ichki va tashqi makroiqtisodiy omillar taʼsirida, ichki valyuta bozoridagi mavjud talab va taklifning joriy nisbatidan kelib chiqib shakllanib boradi.

MB axborotiga koʻra, ichki iqtisodiy faollikning tiklanish surʼatlari va asosiy tashqi savdo hamkorlarimizdagi makroiqtisodiy sharoitlarda 2020 yil yakuniga qadar ichki valyuta bozorida holatning nisbatan barqaror shakllanishi, almashuv kursining keskin tebranishlariga olib keluvchi fundamental omillar xatarlari ehtimoli pastligi kuzatilmoqda. Bunda yil soʻnggiga qadar ichki valyuta bozorida xorijiy valyutaga boʻlgan talab va taklif mutanosibligini saqlash yuzasidan yetarli sharoitlar mavjud.

Asosiy mavzular