09:13 22 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Iqtisod
Havola olish
82 0 0

Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xitoy va Koreya bilan savdo va investitsiyalar hamda Xitoy rahbarining boʻlajak tashrifiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.

TOSHKENT, 15 okt - Sputnik. Prezident huzurida boʻlib oʻtgan majlisda Xitoy va Koreya Respublikasiga eksport va investitsiyalar masalasi muhokama qilindi. Videoanjuman koʻrinishida oʻtgan yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, hokimlar va Oʻzbekistonning chet mamlakatlardagi elchilari ishtirok etishdi. 

Savdo 

2020 yilning 8 oyi mobaynida Xitoy bilan savdo aylanmasi 4 mlrd. dollarga, Janubiy Koreya bilan - 1,4 milliard dollarga yetgani qayd etildi.

Prezident ushbu davlatlar bilan mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayotgani qayd etdi. Xususan, Xitoyning ochiq iqtisodiy siyosati va mamlakatimizning qulay geografik joylashuvidan samarali foydalanish, Janubiy Koreya bozoriga yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlarni aviatransport orqali tashish muhimligi aytib oʻtildi.

2020 yilda ayrim sohalarda eksport koʻrsatkichlari pasaygan. Jumladan, Xitoyga oʻtgan sakkiz oyda toʻqimachilik sohasida 42%, kimyo va neft-kimyo sanoatida 33%, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berishda 18%ga kamaygan.

Shu davrda Janubiy Koreyaga eksport boʻyicha Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida sustkashlikka yoʻl qoʻyilgani aytib oʻtildi. Xususan, tarmoq va hudud rahbarlari eksportning ahamiyatini hanuzgacha chuqur tushunib yetmayotgani, ularning bu boradagi ish uslubi bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermayotgani koʻrsatib oʻtildi. 

– Har bir tarmoq va hudud rahbari oʻz mahsulotlarining raqobatdoshligini oshirish, tannarxini tushirish va ularni tashqi bozorlarga yetkazib berish boʻyicha yangi, samarali takliflar ishlab chiqib, bu masalalar bilan doimiy shugʻullanishi shart, – dedi Prezident.

Investitsiya 

XXR va Koreya Respublikasi mamlakatimizning yirik investorlari ham hisoblanadi. Xususan, oxirgi uch yilda Xitoydan 3,9 milliard, Janubiy Koreyadan 850 million dollar sarmoyalar oʻzlashtirilgan. Lekin ayrim investitsiya loyihalari ijrosi kechikmoqda.

Yigʻilishda shunday loyihalar tarmoq va viloyatlar kesimida tanqidiy muhokama qilindi. Muddatidan ortda qolayotgan yoki toʻxtab qolgan loyihalarni jadallashtirish va ishga tushirish choralari belgilandi.

Shu bilan birga, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga Xitoy hamda Janubiy Koreyadan toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalarni jalb qilishni koʻzda tutuvchi yangi loyihalarni shakllantirish zarurligi qayd etildi. 

– Iqtisodiy barqarorlikning kafolati – eksport va investitsiya koʻrsatkichlarini oshirish, – deya taʼkidladi Prezident.

Shuningdek, transport, sogʻliqni saqlash, madaniy-gumanitar sohalardagi loyihalarning borishi ham koʻrib chiqildi.

Xitoy va Koreya rahbarlari bilan muloqot 

Maʼlumki Xitoy va Janubiy Koreya Oʻzbekistonning strategik sheriklaridir. Ikki davlat bilan ham oliy darajadagi tashriflar doirasida keng koʻlamli kelishuvlarga erishilgan, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, gumanitar va boshqa sohalardagi loyihalarni qamrab olgan “yoʻl xaritasi” qabul qilingan.

Si Tszinpin. Arxiv surat
© Sputnik / Sergey Guneyev

Lekin koronavirus pandemiyasi barcha mamlakatlar iqtisodiyoti uchun kutilmagan sinov boʻldi. Karantin cheklovlari tashqi savdo aloqalarining qisqarishiga, transport qatnovlari kamayishiga, investitsiya loyihalari kechikishiga olib kelmoqda.

Shavkat Mirziyoyev 6 oktyabr kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali suhbatlashdi. Muloqotda qoʻshma dastur va loyihalarni tezlashtirish hamda ularni amalga oshirishda koʻmaklashish, kerak boʻlsa, imtiyozli kreditlarni oshirish yuzasidan kelishib olindi. Yil oxiriga qadar davlat rahbarlari ishtirokida onlayn sammit oʻtkazilishi belgilandi.

Xitoy bilan ham aloqalar izchil rivojlanmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpinning mamlakatimizga boʻlajak davlat tashrifiga puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Asosiy mavzular