Sanoat rivojlantiriladi, eksport qo‘llab-quvvatlanadi - prezident

Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev huzurida bo‘lib o‘tgan majlisda sanoatni yanada rivojlantirish, eksportni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

TOShKENT, 22 okt - Sputnik. Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoat tarmoqlaridagi 9 oylik natijalar va yil yakunigacha bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Majlisda, pandemiyaga qaramay O‘zbekiston sanoatining qator sohalarida ishlab chiqarishning yuqori qo‘shilgan qiymatli sohalarida o‘sish kuzatilgani qayd etildi.

Xususan, qayta ishlash sanoatida 9 oyda umummiy hisobda qariyb 3% o‘sish qayd etilgan. Natijada YaIM o‘sish sur’ati 0,4 % ijobiy darajada saqlab qolindi va budjet daromadi 1,9 trillion so‘m ortig‘i bilan bajarilishiga erishilgan. 

Lekin sanoat mahsulotlari bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich 2,7 %ga  kamaygan. Prezident ushbu sohadagi qator muammolarni sanab o‘tdi. 

– Sanoat korxonalari boshqaruv tizimida muammolar bor. Mahsulotlar tannarxini tushirish kerak. Bu raqobat muhitini yaratishning muhim asosidir, – deya ta’kidladi Prezident.

Shuningdek neft-gaz tarmog‘idagi ishlar tahlil qilindi. Qoloqlikka yo‘l qo‘ygan korxonalar faoliyati tanqidiy baholanib, rahbarlarning lavozimlariga loyiqlik masalasi ko‘rib chiqildi.

Yil yakuni bilan tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish, ichki bozorga qo‘shimcha gaz yetkazib berish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Undan tashqari prezzident kimyo sanoati, qishloq xo‘jalik texnikasi ishlab chiqarish, qurilish materiallari hamda to‘qimachilik sanoati sohalaridagi vaziyatga batafsil to‘xtalib o‘tdi, yil oxirigacha erishish kerak bo‘lgan natijalar belgilandi. 

Shu bilan birga, prezident eksportchi korxonalarga moliyaviy ko‘mak berish masalasiga alohida e’tibor berilishini ta’kidlab o‘tdi. 

– Bugun eksportchi korxonalarni moliyaviy qo‘llab-quvatlashni kengaytirish bo‘yicha farmonni imzoladim. Endi bunday korxonalar uchun yangi tashkil qilinayotgan Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. Shu maqsadda jamg‘armaga 100 million dollar berilmoqda. Bu, o‘z navbatida, mahsulotlarni tashqi bozorlarga uzluksiz yetkazib berish uchun korxonalarning aylanma mablag‘lariga yo‘naltiriladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident huzurida bo‘lib o‘tgan majlis tafsilotlari bilan batafsil quyida tanishishingiz mumkin. 

Yangiliklar lentasi
0