03:52 29 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Iqtisod
Havola olish
115 0 0

Makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari 3 xil – asosiy, tezkor iqtisodiy tiklanishga (optimistik) va tashqi iqtisodiy xatarlar kuchayishiga (xatarli) asoslangan muqobil stsenariylar asosida ishlab chiqildi.

TOSHKENT, 22 okt — Sputnik. Markaziy bank pul-kredit siyosatining 2021 yil va 2022-2023 yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlarini ishlab chiqdi.

“Pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlari Markaziy bank tomonidan kelgusi yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmuini oʻzida aks ettirib, tarkibida tashqi va ichki makroiqtisodiy vaziyatlarning oʻzgarishi sharoitida sohada koʻriladigan choralar, qoʻllaniladigan tamoyil va instrumentlarni qamrab olgan”, - deyilgan xabarda.

Makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari 3 xil – asosiy, tezkor iqtisodiy tiklanishga (optimistik) va tashqi iqtisodiy xatarlar kuchayishiga (xatarli) asoslangan muqobil stsenariylar asosida ishlab chiqildi.

Taʼkidlanishicha, makroiqtisodiy rivojlanish stsenariylarni ishlab chiqishda, birinchi navbatda, koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga hamda tashqi savdo hamkorlar iqtisodiyoti va asosiy eksport tovarlari narxlariga taʼsirlari, shuningdek, potentsial ishlab chiqarish darajasining oʻzgarishlarini inobatga olishga harakat qilingan.

Asosiy stsenariy

Pandemiya bilan bogʻliq vaziyat bosqichma-bosqich yaxshilanib borsa, aholi va biznes vakillarini oʻz faoliyatlarini pandemiya va undan keyingi sharoitlarga moslashgan holda davom ettirishadi.Tashqi savdo hamkorlar iqtisodiyotining bir maromda tiklanishi hisobiga tashqi talab 2022 yil ikkinchi yarim yilligidan inqirozdan oldingi darajasiga yetadi.

Mamlakatda iqtisodiy faollik va yalpi talab 2021 yil oxirida inqirozdan oldingi koʻrsatkichlarga yaqinlashadi, 2023 yilda iqtisodiyot oʻzining potentsiali darajasigacha tiklanadi.

Byudjet daromadlari tiklanib borib, 2022 yilda yigʻma byudjet defitsiti 2,5 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda. Bunda, tarkibiy islohotlar davom ettirilib, tartibga solinadigan narxlar erkinlashtirilishi jarayoni 2022-2023 yillarda amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.

Asosiy stsenariyga muvofiq, pul-kredit siyosatining joriy “nisbatan qatʼiy” sharoitlari 2021 yil oxiriga qadar saqlanib qolinadi.

Optimistik

Pandemiya bilan bogʻliq vaziyatning nisbatan tez surʼatlarda yaxshilanishi, kelgusida karantin choralarining joriy etilmasligi hamda jahonda virusga qarshi vaktsina va dorilar 2021 yilning ikkinchi yarmidan keng tatbiq qilinishi sharoitlarini oʻz ichiga oladi.

Asosiy savdo hamkorlar iqtisodiyotining bir maromda tiklanishi hisobiga tashqi talab 2021 yil ikkinchi yarim yilligida inqirozdan oldingi darajasiga yetishi va jahon iqtisodiyoti tiklanib borgani sari oltin narxi pasayib borishi prognoz qilinmoqda.

Ichki iqtisodiy faollik va yalpi talab 2021 yil oʻrtasida inqirozdan oldingi darajaga yaqinlashishi, iqtisodiyot oʻzining potentsialiga 2022 yilda yetishi kutilmoqda.

Bunda asosiy stsenariydan farqli ravishda transport, xizmatlar va turizm sohalarida ham oʻsish surʼatlarni jonlanadi.

Iqtisodiy faollikning tiklanishiga mos ravishda davlat byudjeti daromadlari nisbatan tezkor surʼatlarda oʻsib borishi va yigʻma byudjet defitsitining 2022 yilda 2 foizgacha qisqarib boradi.

2022-2023 yillarda mantiqiy yakuniga yetkazilishi va ushbu sohalarga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi iqtisodiy oʻsishning asosiy omillaridir.

Optimistik stsenariyda belgilangan shartlar roʻy bergan taqdirda, pul-kredit siyosatining amaldagi “nisbatan qatʼiy” sharoitlari saqlanib qolinadi. Bunda 2021-2022 yillarda inflyatsiya darajasi asosiy stsenariyga qaraganda biroz pastroq darajada shakllanadi.

Xatarli

Jahonda pandemiya bilan bogʻliq vaziyatning keskinlashib borishi va global yopilish 2021-2022 yillarda ham davom etishi ehtimollarini koʻzda tutadi.

Tashqi savdo hamkorlar iqtisodiyotining sekin  surʼatlarda tiklanishi, tashqi talab darajasining faqatgina 2023 yil ikkinchi choragiga kelib inqirozdan oldingi darajasiga yetadi va xavfsiz aktiv sifatida oltin narxida oʻsuvchi dinamika saqlanib qolinadi.

Xatarli stsenariyda ichki iqtisodiy faollik va yalpi talab faqatgina 2022 yilning oxiriga kelib inqirozdan oldingi darajaga yaqinlashishi, iqtisodiyot oʻzining potentsiali darajasiga 2023 yildan keyin yetishi va  byudjet xarajatlari yuqoriligicha saqlanib qolishi sharoitida yigʻma byudjet defitsiti 6-7 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Mazkur stsenariy shartlari yuz bergan taqdirda tartibga solinadigan narxlar erkinlashtirilishi jarayoni 2023 yilga qoldirilish ehtimollari oshadi.

Mazkur stsenariyda talab omillari tomonidan inflyatsiyaga bosim pasayadi, inflyatsiyaning prognoz trayektoriyasidan pasayish tomonga ogʻishi pul-kredit sharoitlarini “biroz yumshatish” imkoniyatini yaratadi. 

Markaziy bank nima qiladi

Uchta stsenariylar sharoitida ham Markaziy bank inflyatsiyaning 2023 yil oxirida 5 foizlik target doirasida boʻlishi hamda bank va toʻlov tizimlari barqarorligini taʼminlash boʻyicha doimiy maqsadlari oʻzgarishsiz qoladi.

Banklararo pul bozoridagi likvidlikni samarali qayta taqsimlanishini taʼminlash va Markaziy bankning ushbu bozordagi rolini bosqichma-bosqich pasaytirib borish rejalashtirilmoqda.

Ichki valyuta bozorini yanada takomillashtirishda valyuta kursining ichki va tashqi omillarga moslashuvchanligini oshirish, bozor ishtirokchilarning almashuv kursini belgilashdagi rolini oshiradi.

Yangi kommunikatsion siyosatni amalga oshirishda inflyatsiyaning maqsadli koʻrsatkichlari, pul-kredit sohasida qabul qilinayotgan qarorlarning mohiyati va operatsion mexanizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumotlar keng jamoatchilikka muntazam ravishda eʼlon qilib boriladi.

Oʻrta muddatli istiqbolda makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlash va yuqori surʼatli iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlariga erishish koʻp jihatdan kelgusi yillarda amalga oshiriladigan tarkibiy islohotlar hamda ichki va tashqi xususiy investitsiyalarni iqtisodiyotimizga jalb etilishiga bogʻliq.

Bu oʻz navbatida, davlat korxonalarini isloh qilish, iqtisodiyotda raqobat muhitini rivojlantirish, biznes yuritish uchun qulay institutsional sharoitlar taʼminlash va yalpi unumdorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni samaradorligi va amaliy ahamiyatining oshirilishi bilan chambarchas bogʻliq.

Asosiy mavzular