05:26 24 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Iqtisod
Havola olish
335 0 0

Oʻzbekiston energetika sohasi uch bosqichda isloh etiladi. Sohada raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, inson kapitaliga va "yashil" energiya ishlab chiqarishga qaratilgan chora-tadbirlar ham belgilab olinmoqda, deya qayd etdi Energetika vaziri Alisher Sultonov

TOSHKENT, 23 okt - Sputnik. Oʻzbekiston energetika sektorida eng yaxshi, zamonaviy va ilgʻor tajribalarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu haqda mamlakat energetika sektorini yanada isloh qilishga bagʻishlangan davra suhbati davomida Energetika vaziri Alisher Sultonov maʼlum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik Oʻzbekiston muxbiri.

Sultonovning aytishicha, Oʻzbekiston energetika sektorida muammolarni aniqlash va islohotlarni rejalashtirish jarayonida Xalqaro moliya institutlari ekspertlari va obroʻli xalqaro konsalting tashkilotlari salmoqli hissa qoʻshib kelmoqdalar.

Xususan, joriy yil boshidan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining bevosita koʻmagi ostida, xalqaro ekspertlar va maslahatchilar yordami bilan biznes yuritishning xalqaro amaliyotini joriy etgan holda elektr energiyasi va neft-gaz tarmoqlarini yanada isloh qilish boʻyicha tavsiyalar, va bu tavsiyalarni amaliyotga joriy etish boʻyicha aniq ishlar rejasi tayyorlangan.

"Belgilab olingan islohotlardan pirovard maqsadimiz - elektr energiyasi va tabiiy gazni isteʼmolchilarga kafolatli yetkazib berish, energetika sektori korxonalarining iqtisodiy barqarorligini va raqobatbardoshligini taʼminlash, alternativ yoqilgʻi turlariga oʻtishni joriy etish, elektr energiyasi va tabiiy gaz ishlab chiqarishda va isteʼmolida energiya tejamkorligini taʼminlashdan iborat", - dedi Alisher Sultonov.

Vazir taʼkidiga koʻra, belgilab olingan ishlarning huquqiy asosini taʼminlash maqsadida, birinchi navbatda, normativ-huquqiy islohotlar, korxonalar moliyaviy barqarorligini taʼminlash uchun bir qator moliyaviy islohotlar, narxlarning erkin shakllanishini va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishni taʼminlovchi bozor islohotlari, tarmoq korxonalarini boshqarishda butunlay yangi tizimni nazarda tutuvchi institutsional va boshqaruv islohotlari, davlat ulushi yuqori boʻlgan korxonalarda, eng avvalo, tashkilot manfaatini nazarda tutuvchi qarorlarning qabul qilinishi taʼminlovchi korporativ tashkiliy va boshqaruv islohotlari amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, sohada raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, inson kapitaliga va «yashil» energiya ishlab chiqarishga qaratilgan chora-tadbirlar ham belgilab olinmoqda.

 

Asosiy mavzular