06:20 28 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Iqtisod
Havola olish
58 0 0

Oʻzbekiston yevroobligatsiyalar yordamida elektr energetikasi sohasiga investitsiyalarni jalb qilishga tayyorgarlik koʻrmoqda.

TOSHKENT, 27 okt - Sputnik. Shavkat Mirziyoyev elektr energetikasi korxonalarini transformatsiya qilish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Yigʻilishda energetika sohasi rivojlanishining navbatdagi bosqichi -  IESlarni modernizatsiya qilish, energiya tejamkorlikni oshirish, tannarxni pasaytirish va istiqbolda elektr energiyasining raqobatli bozorini yaratish masalalari koʻrib chiqildi.

Bugungi kunda elektr stantsiyalarining eskirganlik darajasi 50 %dan yuqori. Bundan tashqari, eski quvvatlarda yoqilgʻi sarfi yangi bugʻ-gaz qurilmalariga nisbatan 2 baravar ziyod.

Shu bois modernizatsiya ishlarini davom ettirish, lekin buni oldingidek davlat kafolati hisobiga emas, balki xususiy kapitalni jalb qilish orqali amalga oshirish zarurligi qayd etildi.

“Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Issiqlik elektr stantsiyalari” hamda “Oʻzbekgidroenergo” aktsiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy hisobotlarni - jahon standartlari asosida tayyorlash tizimiga oʻtish kerakligi taʼkidlandi.

Bu - xalqaro kredit reytingi olish, kelgusida yevroobligatsiyalar chiqarishda muhim omil boʻladi. Mutasaddilarga shu maqsadlardan kelib chiqib, mazkur 4 ta kompaniyaning uch yillik moliyaviy modeli va biznes rejalarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Transformatsiya jarayonlariga koʻmaklashish uchun korxonalar boshqaruviga va kuzatuv kengashlariga chet ellik mutaxassislar jalb qilinishi boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Hozirda elektr energiyasi ulgurji bozori qoidalari belgilanmagani sababli investorlar bilan energiyani qatʼiy narxlarda xarid qilish boʻyicha uzoq muddatli shartnomalar imzolanmoqda. Bunday yondashuv kelgusida raqobatning cheklanishiga olib kelishi mumkin. Shu bois elektr energiyasi raqobatli bozoriga oʻtish bosqichlari va qoidalarini belgilovchi hujjat ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Sohaga ilgʻor texnologiyalarni keng joriy etish, “raqamli transformatsiya”ni amalga oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda yangi loyihalarning ijrosiga ham eʼtibor qaratildi. Maʼlumki, Jizzax, Samarqand va Surxondaryoda quyosh, Buxoro va Qoraqalpogʻistonda shamol, Sirdaryo va Surxondaryoda issiqlik elektr stantsiyalari barpo etilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarni jadallashtirish, ularga davlat-xususiy sheriklik asosida investitsiyalar yoʻnaltirish muhimligi aytildi.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonda elektr energetikasi sohasida tizimli oʻzgarishlar 2019 yil 1 fevralda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi yoqilgʻi-energetika tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident farmoni bilan boshlangan edi. Hujjatga muvofiq, Energetika vazirligi tashkil etilib, sohada boshqaruv va tijorat funktsiyalari ajratildi.

Undan soʻng 2019 yil 27 martda “Oʻzbekiston Respublikasida elektr energetika tarmogʻini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi Prezident qarori bilan sobiq “Oʻzbekenergo” aktsiyadorlik jamiyati negizida 3 ta yoʻnalish boʻyicha alohida kompaniyalar – “Issiqlik elektr stantsiyalari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” hamda “Hududiy elektr tarmoqlari” aktsiyadorlik jamiyatlari tashkil etildi.

Energetika sohasiga xususiy investitsiyalar kirib kelishi uchun zamin yaratildi. Natijada bir yilning oʻzida davlat-xususiy sheriklik asosida 2 milliard dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalarni jalb qilish, 2 ming 700 megavatt quvvatli 6 ta yangi elektr stantsiyasini qurish boʻyicha loyihalar boshlandi.

Asosiy mavzular