22:09 27 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Iqtisod
Havola olish
21810

YEIning 2021-2027-yillardagi yangi byudjet davri doirasida hamkorlik mintaqa davlatlari hayotining qishloq joylarini rivojlantirish, taʼlim sifatini yaxshilash, samarali davlat boshqaruvi va tibbiyot kabi jabhalarini qamrab olishi kerakligi aytildi.

TOSHKENT, 17 noya - Sputnik. Oʻzbekiston TIV rahbari Abdulaziz Komilov videokonferentsiya shaklida oʻtkazilgan "Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo" 16-vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda TIV axborot xizmati.

Tadbirda Qozogʻiston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari, Qirgʻiziston TIV rahbarining birinchi oʻrinbosari hamda Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili turli sohalardagi mintaqalararo hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qilganlar.

Yevropa tashqi aloqalar xizmatining aniqlik kiritib oʻtishicha, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mintaqasiga sogʻliqni saqlash tizimi va ijtimoiy-iqtisodiy sohasi shoshilinch ehtiyojlarni qondirish uchun 134 million yevro byudjetga ega boʻlgan "Team Europe" moliyaviy yordamini ajratgan.

Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston TIV rahbari Komilov koronavirus pandemiyasi oqibatlarini yumshatish va Markaziy Osiyo mamlakatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining barqarorligini mustahkamlash boʻyicha muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirishning zarurligiga eʼtibor qaratgan.

2019-yilda qabul qilingan YEIning Markaziy Osiyo boʻyicha strategiyasida koʻzda tutilgan tashabbuslarni roʻyobga chiqarishning borishi tahlil qilinib, mazkur yoʻnalishdagi birgalikdagi ishlarni faollashtirishning mexanizmlari koʻrib chiqilgan.

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari uchun islohotlar jarayonida sherik sifatida oʻz rolini kuchaytirishga, ularning global savdo tizimiga integratsiyalashuvi va oʻzaro yaqin hamkorlik qilish harakatlarini qoʻllab-quvvatlash niyatini tasdiqlagan.

YEIning 2021-2027-yillardagi yangi budjet davri doirasida hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini kengaytirishning dolzarbligi eʼtirof etilib, bu jarayon mintaqa davlatlari hayotining qishloq joylarini rivojlantirish, taʼlim sifatini yaxshilash, samarali davlat boshqaruvi va tibbiyot kabi jabhalarini qamrab olishi kerakligi aytilgan.

Oʻzbekiston TIV rahbari mintaqaning global iqtisodiy, transport va tranzit koridorlariga chuqur integratsiyasini taʼminlash masalasi Markaziy Osiyo davlatlarining strategik vazifasi ekanligini qayd etgan.

Tovarlar va xizmatlar bozoriga chiqish imkoniyatlarini hamda iqtisodiyotni raqamlashtirish borasidagi munosabatlarni yaxshilash orqali savdo-iqtisodiy sohadagi mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Afgʻonistonda mustahkam tinchlikning oʻrnatilishi butun mintaqa barqarorligi va farovonligi kafolati boʻlib xizmat qilishi taʼkidlangan. Yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish orqali mazkur mamlakatning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb qilinishi afgʻon muammosining tez fursatlarda bartaraf etilishi uchun zarur sharoitni yaratadi.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri madaniy-gumanitar, turizm, fan, taʼlim va innovatsiya sohalaridagi koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirish istiqbollariga ham batafsil toʻxtaldi.

Vazirlar uchrashuvi yakunlariga koʻra Qoʻshma kommyunike qabul qiligan.

Asosiy mavzular