TOSHKENT, 15 dek — Sputnik. Energetika vazirligi nima uchun turli avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalarida benzin bir narxda sotilmasligi, nima uchun baʼzan olib kirilayotgan benzin partiyasi mahalliy benzindan arzonroq boʻlishi ham mumkinligiga javob berdi.
Vazirlik Oʻzbekistonda 2020 yil 1 maydan boshlab turli markadagi benzin va dizel yoqilgʻisi chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinganini eslatgan.
1 maydan boshlab xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar, jumladan AYOQShlar benzinni birja savdolari orqali sotib olmoqda.
Shu sabab benzin narxlari turli AYOQShlarda farq qilishi mumkin, chunki bu u har bir AYOQSH tomonidan qanchaga sotib olinganiga bogʻliq.
“Shu tariqa, benzin narxining shakllanishi Oʻzbekiston Energetika vazirligi yoki boshqa davlat tuzilmalariga emas, balki ishlab chiqaruvchi (maʼlum bir neftni qayta ishlash zavodi)ning boshlangʻich bahosi, taklif (birja savdolariga qancha benzin qoʻyilgan) va unga boʻlgan talab (xaridorlar qancha sotib olishi)ga bogʻliq”, - deyilgan xabarda.
Nega baʼzan import benzin mahalliy benzindan arzonroq?
Taʼkidlanishicha, 1 maydan boshlab import qilingan benzin partiyalari ham savdolar orqali sotilmoqda. Haqiqatdan ham savdolarga ancha past narxda qoʻyilishi mumkin.
“AYOQShlar bunday benzinni bu partiya tugamaguncha sotishlari mumkin. Bu yerda soʻz bir marttalik yetkazib berish va import qilinayotgan benzin yetkazib beruvchining har bir partiyaga oid kelishuvi toʻgʻrisida soʻz bormoqda. Bu bozor munosabatlaridan dalolatdir, bunda xuddi shu AYOQSH tomonidan qanday benzin qanday narxda sotilishi faqat birjaga bogʻliq boʻladi”, - deyilgan Energetika vazirligi xabarida.
Maʼlum qilinishicha, benzin va dizel yoqilgʻisini sotishning bozor mexanizmi neftni qayta ishlash zavodlari va AYOQShlarga sogʻlom raqobat sharoitida faoliyat yuritish imkon beradi. Hozirgi vaqtda benzin narxining oshishi yoki kamayishi maʼlum bir talab va taklifga bogʻliq.
Xususan, bozor mexanizmi joriy etilganidan soʻng 3 mayning oʻzidayoq “Oʻzbekiston Respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJda oʻtkazilgan savdolar savdoga qoʻyilgan benzin narxi tushganini koʻrsatgan.
“Birja savdolarida “Oʻzbekneftgaz” AJ neft bazalari, avtomobilga yoqilgʻi quyish shahobchalari va oʻz ehtiyoji uchun benzin sotib oluvchi yuridik shaxslar ishtirok etadi. Savdolar erkin, shaffof va barcha toifadagi xarid qiluvchilar uchun teng sharoitda oʻtkaziladi”, - deya qoʻshimcha qilingan xabarda.