19:20 20 Yanvar 2021
Efir
  • RUB142.66
  • EUR12682.88
  • USD10500.81
Iqtisod
Havola olish
199 0 0

Navoiyazot Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining karbamidga boʻlgan ehtiyoji toʻliq qoplaydi va Afgʻoniston, Turkiya, Ukraina va Gruziyaga mahsulot eksportini yoʻlga qoʻyadi.

TOSHKENT, 25 dek- Sputnik. “Navoiyazot” AJning “Ammiak va karbamid ishlab chiqarish” majmuasida 2020 yil 23 dekabr kuni ilk karbamid mahsuloti olindi. Bu haqida "Oʻzkimyosanoat" AJ xabar qildi. 

Majmua Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries Ltd” va “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari konsortsiumi bilan hamkorlikda qurilgan majmuaning umumiy qiymati $ 985,7 mln.ga teng. Undan 577 mln. dollari Yaponiyaning kreditlari, $ 320,0 mln. - Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi krediti va $ 88,7 mln. -  korxonaning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan.

Korxona dunyodagi eng ilgʻor texnologiyalardan foydalanadi. Xususan, ammiak ishlab chiqarish boʻyicha Daniyaning “Haldor Topsoe”, karbamid ishlab chiqarish boʻyicha Italiyaning “Saipem” kompaniyasi hamda karbamid granulyatsiyasi boʻyicha esa Germaniyaning “Uhde” kompaniyalari yetkazib berdi. Asosiy texnologik uskunalar Yaponiya va Yevropadan keltirildi.

Majmuada 660 ming tonna ammiak va 577,5 ming tonna karbamid ishlab chiqariladi. Ammiakning 330 ming tonnasi yangi karbamid ishlab chiqarishga va 330 ming tonnasi mavjud ammiakli selitra ishlab chiqarishga yoʻnaltiriladi.

Loyiha toʻliq qoʻvvatga chiqqanda 1 trillion 428 mlrd. soʻmlik tovar mahsulot ishlab chiqariladi va kimyo tarmogʻini 9,5 foizga oʻsishga olib keladi. Yiliga byudjetga 600 mlrd. soʻm miqdoridagi tushumlarini taminlaydi hamda 58,0 mln. dollarlik qoʻshimcha mahsulot eksport qilinadi.

Mamlakatimiz qishloq xoʻjaligining karbamidga boʻlgan ehtiyoji toʻliq qoplanadi. Xususan, gʻalla va paxta xosilini agrotexnik muddatlarida gektarga qoʻshimcha 100-150 kilogrammgacha oʻz vaqtida karbamid mineral oʻgʻiti bilan oziqlantirish imkonini beradi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari, Afgʻoniston, Turkiya, Ukraina va Gruziyaga mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan.

Ushbu korxona ishga tushganidan soʻng 1964 yilda qurilgan va ayni damda eskirgan “Navoiyazot” AJ 1- va 2- ammiak ishlab chiqarish tsexlari foydalanishdan chiqariladi.

Asosiy mavzular