09:17 23 Yanvar 2021
Efir
  • RUB142.66
  • EUR12682.88
  • USD10500.81
Iqtisod
Havola olish
247 0 0

Kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, maktablarning pedagog xodimlari xalqaro tadqiqotlarga oʻquvchilarni tayyorlab borish ishlariga munosib hissa qoʻshgan taqdirda bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 100 foiz ustama qoʻshiladi

TOSHKENT, 4 yanv — Sputnik. Hukumatning 31 dekabr 2020 yildagi qarori bilan Vazirlar Mahkamasining “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻrnak koʻrsatgan xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2019 yil 30 sentyabrdagi 823-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Kiritilgan qoʻshimchalarga koʻra, maktablarning pedagog xodimlari xalqaro tadqiqotlarga oʻquvchilarni tayyorlab borish ishlariga munosib hissa qoʻshgan taqdirda bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 100 foiz ustama qoʻshiladi. Ilgari ushbu ustama pedagog xodimlar faoliyati davomida yuqori natijalar koʻrsatgan taqdirda toʻlangan.

100 foizlik ustama olishga daʼvogar pedagog xodimlarning mashgʻulot olib boradigan fanlari boʻyicha oʻquvchilarining bilimlari xalqaro baholash dasturlari integratsiya qilingan nazorat materiallari asosida baholanadi.

Bunda nazorat materiallari Taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi bilan hamkorlikda Respublika taʼlim markazi tomonidan tayyorlanadi.

Ilgari nazorat materiallari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Toshkent shahar xalq taʼlimi bosh boshqarmasi va viloyatlar xalq taʼlimi boshqarmalari tomonidan tayyorlangan.

Shuningdek, endilikda oʻquvchilari xalqaro fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritganda maktablarning rahbar xodimlariga va soatbay ishlovchi oʻqituvchilarga ham oylik ustamalar belgilanadi.

Asosiy mavzular