03:12 27 Yanvar 2021
Efir
  • RUB139.72
  • EUR12798.46
  • USD10518.99
Iqtisod
Havola olish
86520

Shavkat Mirziyoyev “Oʻzavtosanoat”ni transformatsiya qilish, hamyonbop avtomobillar va elektromobillar ishlab chiqarishga sarmoya kiritish vazifasini qoʻydi.

TOSHKENT, 13 yanv - Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bugun boʻlib oʻtgan yigʻilishda “Oʻzavtosanoat” faoliyatini hamda mashinasozlik tarmogʻini transformatsiya qilish va sohada raqobatni rivojlantirish masalalarini koʻrib chiqildi.

Avtomobil sanoati transformatsiyasi

Xususan, respublikada olib borilayotgan davlat korxonalarini isloh qilish dasturi doirasida, xorijiy mutaxassislar ishtirokida “Oʻzavtosanoat” faoliyatini transformatsiya qilish ofisini tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi.

Ushbu jarayonlarda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi yetakchi boʻlib, ishlarni muvofiqlashtiradi.

Ushbu yilning 1 iyuliga qadar tarmoq tarkibidagi 40 ta korxonani transformatsiya qilish boshlanadi. Raqobat muhitini rivojlantirish uchun kompaniya tarkibidagi ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqaradigan 23 ta korxonani xususiylashtirishga tayyorlash lozimligi qayd etildi.

“Oʻzavtosanoat”ning asosiy faoliyatiga bogʻliq boʻlmagan 14 ta tashkilotdagi ulushlarini sotuvga chiqarish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, avtomobillarni sanoat usulida yigʻish, yiliga 50-60 mingta hamyonbop avtomashina va elektromobillar ishlab chiqarishga investitsiya kiritish zarurligi taʼkidlandi.

Joriy yilda Xorazmda kuzov detallarini tayyorlash korxonasi, Andijonda 4 ta, Navoiy viloyatida 2 ta mahalliylashtirish loyihalari ishga tushiriladi. Kooperatsiya platformasi doirasida 122 ta xususiy korxona ishtirokida yana 80 ta detal ishlab chiqarish mahalliylashtiriladi. 

Mashinasozlik sanoati 

Undan tashqari yigʻilishda, mashinasozlik sanoatiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ushbu soha Oʻzbekiston iqtisodiyotining yetakchi yoʻnalishlaridan boʻlib, sanoatdagi ulushi 11 %ni tashkil qiladi.

Bugungi kunda bir qator kompaniyalar Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va investitsiyalar olib kirish istagini bildirmoqda. Barcha ishtirokchilar uchun bozor sharoitlarini bir xil qilish maqsadida prezident lokalizatsiya darajasidan kelib chiqib, ishlab chiqaruvchilar uchun bir xil sharoitlar joriy etish boʻyicha koʻrsatma berdi.

Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi mashinasozligini isloh qilish masalasi ham atroflicha muhokama etildi. Tarmoqda iqtisodiy samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish boʻyicha vazifalar belgindi.

Mutasaddilarga korxonalarning boʻsh yer maydonlarini optimallashtirish, texnikalar tannarxini 30 %gacha tushirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Hamyonbop texnikalar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, shu yil yakunigacha ularning lokalizatsiyasini 30 foizga, kelgusi yilda esa kamida 45 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

 

Asosiy mavzular