14:25 22 Oktyabr 2020
Efir
  • RUB133.19
  • EUR12153.63
  • USD10371.76
Hodisalar
Havola olish
159060

Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi "Toshkent" teleradiokanali orqali efirga uzatiladigan "Poytaxt yoʻllarida" koʻrsatuvining 15 dekabrda namoyish etilgan sonida yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaslik oqibatida sodir etilgan ogʻir oqibatli yoʻl transport hodisalari haqida soʻz yuritildi

TOSHKENT, 17 dek — Sputnik. Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi "Toshkent" teleradiokanali orqali efirga uzatiladigan "Poytaxt yoʻllarida" koʻrsatuvi yoʻllardagi harakat xavfsizligini taʼminlash, harakat ishtirokchilarining hayotini, salomatligini, mol-mulkini asrashga qaratilgan tadbirlarni faol yoritib keladi, deb yozadi mahalliy OAVlarga asoslangan holda "Darakchi" nashri.

Xabarda aytilishicha, koʻrsatuvning 15 dekabrda namoyish etilgan sonida yoʻl harakati qoidalariga amal qilmaslik oqibatida sodir etilgan ogʻir oqibatli yoʻl transport hodisalari haqida soʻz yuritilgan.

1-voqea

2016 yil 7 iyul soat 24:30 larda Mirobod tumani Shahrisabz koʻchasi boʻylab harakatlanayotgan Epica rusumli avtomobil haydovchisi tezlikni belgilanganidan oshirgani uchun boshqaruvni yoʻqotgan. Natijada ogʻir oqibatli yoʻl transport hodisasi sodir boʻlgan. Aniqlanishicha, haydovchi mast boʻlgan. Ustiga-ustak, 1993 yilda tugʻilgan haydovchi hatto mashina boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasiga ham ega boʻlmagan.

Surishtiruv-tergov ishlaridan:

Diyor Roʻziyev, Toshkent shahar IIBB TB katta tergovchisi: "Avtomashinani necha tezlikda boshqarib kelayotgandingiz?" Haydovchi: "Bilmadim. 100 boʻlsa kerak".

Alisher Abduqodirov, Toshkent shahar IIBB YHXB inspektori: "Toshkent shahrida yoʻl-transport hodisalarini keltirib chiqarayotgan omillar tahlil qilinganda, 75 %iga haydovchilarning tezlikni meʼyoridan oshirishi sabab boʻlgan. Tezlik qanchalik yuqori boʻlsa, yoʻl-transport hodisalari shunchalik ogʻir oqibat keltirib chiqaradi".

2-voqea

2016 yil 22 mart kuni Yunusobod tumani Bodomzor koʻchasida ham ogʻir oqibatli yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Toshkent shahar IIBB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga koʻra, ichki koʻchada katta tezlikda harakatlanib kelgan Captiva rusumli avtomashina yoʻl-transport hodisasi sodir etib, avval Cobalt, soʻng Spark avtomashinasiga urildi.

Xayrulla Dadaqoʻziyev, guvoh: "Haydovchi mashinani tashlab qochib ketdi. Katta tezlikda kelganiga toʻsiqqa urilib, mashinani koʻtarib yuborgan".

Dadamurod Muhammadaliyev, Toshkent shahar IIBB TB tergovchisi: "Toʻqnashuv sababli boshqaruvini yoʻqotgan Captiva rusumli avtomobil yoʻl chetida ketayotgan piyodani urib yuborgan. Jabrlangan piyodaga yordam berish oʻrniga haydovchi voqea joyidan qochib ketgan. Olgan ogʻir tan jarohatlari oqibatida piyoda hayotdan koʻz yumgan. Hali 40 yoshga yetmagan ayolning uch nafar norasida farzandi yetim qolgan".

3-voqea

2016 yilning 1 sentyabrida Toshkent shahrining Shayxontohur tumani Nurafshon koʻchasida ham tezlik meʼyorlariga amal qilmaslik, spirtli ichimlik ichib avtomashina boshqarish oqibatida oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi.

Surishtiruv-tergov ishlaridan. Haydovchi: "Malibu yoʻl bermaganiga tezlikni oshirdim. Mashinani chetga oldi. Menga yoʻl beryapti deb piyodalar yoʻlagiga kelib qolganimni sezmabman"

Oʻtkirbek Chinaliyev, Toshkent shahar IIBB TB katta tergovchisi: "Jinoyat ishi yuzasidan oʻtkazilgan texnik ekspertiza xulosasiga koʻra, yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan joydagi tormoz izlariga koʻra, Matiz avtomashinasining harakatlanish tezligi soatiga 113 kilometr va undan ham yuqori boʻlgan".

Afsuski, haydovchilik masʼuliyatini unutgan, aytish joiz boʻlsa, insoniylik qiyofasini yoʻqotgan haydovchi mast holatda katta tezlikda harakatlanib kelib, piyodalar yoʻlkasidan yoʻlni kesib oʻtayotgan yosh qizaloqni urib yuborgan. Kuchli zarba natijasida 10 yashar qizaloq voqea joyida vafot etgan.

Umid Muhammedov, jabrlanuvchining otasi: "Hech kimning bolasi oʻlmasin. Toʻgʻri, mening yana farzandlarim bor. Lekin oʻnta boʻlsa, oʻrni boshqa ekan. Bu qizim boshqacha edi".

Toshkent shahar IIBB TB ish yurituvida boʻlgan tergov materiallari asosida tayyorlangan koʻrsatuvning maqsadi kimnidir ayblash yoki sodir etgan qilmishini elga yoyish emas, balki bu mudhish holatlardan boshqa fuqarolarning tegishli xulosalarni chiqarib olishlariga imkon berishdir. Sir emaski, spirtli ichimlik ichib mast holatda avtomobil boshqaradigan yoki tezlik meʼyorlarini pisand qilmaydigan haydovchilar yoʻq emas. Ana shunday, kam boʻlsa-da, hech qanday meʼyorlarga toʻgʻri kelmaydigan qilgʻilikni sodir etuvchilar bor ekan, yoʻllarimizni xavf-xatardan xoli deb aytolmaymiz.

"Poytaxt yoʻllarida" ana shunday hodisalarning oldini olishga xizmat qiladi.

Teglar:
Oʻzbekiston prezidenti, tergov, transport hodisasi, YHHB, avariya, poytaxt, YTH

Asosiy mavzular