04:58 16 Noyabr 2019
Efir
  • RUB148.82
  • EUR10455.03
  • USD9490.77
Qonun va odil sudlov ramzlari

Yirik firibgarlik: "Mikrokreditbank"ning bir guruh xodimlari qamoqqa olindi

© fotolia
Hodisalar
Havola olish
1750 0 0

Firibgarlar mavjud boʻlmagan fermer xoʻjaliklari nomiga soxta kreditlarni rasmiylashtirgan, ular shuningdek 53 mijozning, umumiy hisobda 1,7 milliard soʻm omonatlarini oʻzlashtirishgan

TOSHKENT, 19 sen — Sputnik. Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudi "Mikrokreditbank" AK Qoʻqon filialining bir guruh xodimlariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishini koʻrib chiqishni yakunladi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.

Sudlanuvchilar kursisidan filial boshqaruvchisi Jabborali Usmonov, pul operatsiyalari boʻlimi boshligʻi Zohid Sodiqov, bosh hisobchi oʻrinbosari Shodiyor Raxmataliyev, shuningdek turli lavozimlarni egallagan yana toʻrt nafar bank xodimi oʻrin olganlar.

Muxbir xabariga koʻra, firibgarlar 53 kishining omonatini oʻzaro boʻlishib olgan. Oʻgʻirlangan summaning umumiy miqdori 1,73 milliard soʻmni tashkil qilgan.

Bundan tashqari, filial boshqaruvchisi Usmonov soxta hujjatlar yordamida oʻz akasi boshqaruvida boʻlgan fermer xoʻjaligi nomiga Cobalt avtomobiliga kredit rasmiylashtirgan. Ushbu kreditni yopish uchun yana bir firibgarlik sxemasi ishga solingan boʻlib, natijada soxta hujjatlar yordamida turli korxona va firmalar xisob raqamlaridan fermer xoʻjaligiga 31 million soʻm oʻtkazib berilgan.

"Tergov ishlari davomida jinoyatchilar bank hisobiga aholidan kelib tushgan elektr energiya uchun toʻlov pullari — 13,4 ming dollaru 148 million soʻmni oʻzlashtirganliklari aniqlangan. Firibgarlar bu pullarning bir qismini oʻzlari oʻgʻirlagan xalq omonatlarini yopish uchun yoʻnaltirganlar", — deb xabar qilgan MXX xodimi.

Jinoiy guruh, shuningdek, bu vaqtga kelib oʻz faoliyatini toʻxtatgan toʻqqizta fermer xoʻjaliklari nomlariga imtiyozli kreditlarni rasmiylashtirgan.

Sud toʻplangan materiallarni koʻrib chiqib, Jabborali Usmonovni 12 yilga ozodlikdan mahrum qilgan. Shodiyor Rahmataliyevga — 10 yil, Zohid Sodiqovga — 8 yil qamoq jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, sudlanuvchilar 3 yilgacha rahbarlik kursilarini egallashdan mahrum etilganlar.

Jinoiy guruhning qolgan toʻrt nafar ishtirokchisi ham Jinoyat kodeksining tegishli moddalari boʻyicha turli muddatlarga ozodlikdan mahrum etilib, har biriga eng kam ish haqining 300dan 400 baravarigacha jarima solingan.

Asosiy mavzular