Navoiy viloyatida 40 kishi ovqatdan zaharlandi

© Sputnik / Aleksey Kudenko / Mediabankka o‘tishKapelnitsa
Kapelnitsa - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Ayni vaqtda shifoxonalarda jami 18 nafar bemor davolanmoqda

TOShKENT, 7 mar – Sputnik. Navoiy viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 6-mart kuni 13 nafar, Karmana tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga 27 nafar bemor "Ovqatdan zaharlanish" birlamchi tashxisi bilan yotqizildi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.

Ularning barchasida ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorinda og‘riq kabi shikoyatlar bo‘lgan.

O‘tkazilgan birlamchi epidemiologik tekshirishda aniqlanishicha, shikoyat qilganlarning barchasi Karmana tumanidagi yangi GRES qurilishida ishlayotgan "Calik Enerji"AS kompaniyasi ishchilari bo‘lgan. Ular shu hududda faoliyat ko‘rsatayotgan "Whitehouse Investments" LTD oshxonasida tushlik qilishgan.

Mashina skoroy pomoshi - Sputnik O‘zbekiston
Namanganda 36 kishi kalla-pocha va xasipdan zaharlandi

Kech soat to‘rtlarda bir necha ishchilar ko‘ngil aynishi, qayt qilish, qorinda og‘riq kabi shikoyatlar bilan "CALIK ENERJI"AS kompaniyasining tibbiy punktiga murojaat qilgan. Shundan keyin bemorlar viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga va Karmana tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limiga yotqizilgan.

Xabarda aytilishicha, 7-mart soat 15:00 holatiga ko‘ra, Navoiy viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida qolgan bemorlardan 12 nafarining ahvoli qoniqarli bo‘lib, uylariga javob berildi. Hozirda bir nafar bemor shifoxonada davolanmoqda.

Karmana tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limidagi bemorlardan 10 nafari uylariga javob berildi. Shifoxonada 17 nafar bemor davolanmoqda.

Ayni vaqtda shifoxonalarda jami 18 nafar bemor davolanmoqda.

Shifoxonada davolanayotgan bemorlarning ahvoli qoniqarli, og‘ir bemorlar yo‘q, ularga malakali tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Ushbu holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etildi. Navoiy viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi, Karmana tuman tibbiyot birlashmasi zarur dori-darmonlar, infuzion eritmalar, bir marotaba ishlatiladigan shpris va sistemalar bilan yetarli miqdorda ta’minlangan.

Yuzaga kelgan epidemik vaziyatni joyiga chiqib o‘rganish, bemorlarga va mahalliy mutaxassislarga o‘z vaqtida har jihatdan amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari, Respublika Bosh Davlat sanitariya vrachi S.Saidaliyev boshchiligidagi guruh 6-mart kuni Karmana tumaniga yuborildi.

Hozirda "Whitehouse Investments" LTD oshxonasida tushlik vaqtida ishchilarga berilgan oziq-ovqat mahsulotlari va ulardan tayyorlangan taomlardan, tashqi muhit obyektlaridan hamda bemorlardan biologik namunalar olinib, laboratoriya tahlili uchun viloyat Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining laboratoriyasiga topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil sentabrida Buxoro viloyati Romitan tumanida 90 nafar fuqaro to‘yxonada ovqatdan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgandi.

Yangiliklar lentasi
0