19:42 18 Noyabr 2019
Efir
  • RUB148.82
  • EUR10455.03
  • USD9490.77
Uzbekskiy militseyskiy avtomobil

Fuqaroga “soqoltoy” deb murojaat qilgan PPX xodimining lavozimi pasaytirildi

Stringer
Hodisalar
Havola olish
63400

Qashqadaryoda PPX xodimi fuqaroga ”soqoltoy” deb murojaat qildi va uni noqonuniy valyuta savdosi bilan shugʻullanganlikda gumon qilib tayanch punktiga olib bordi.

TOSHKENT, 10 noya — Sputnik. Qashqardaryoda fuqaroga “soqoltoy” deb murojaat qilgan PPX xodimining lavozimi pasaytirildi. Bu haqda IIV xabar qildi.

Qashqadaryo viloyati IIV maʼlumotiga koʻra, haqiqatdan ham 31 oktyabr kuni  Qashqadaryo viloyati IIB Post-patrul va jamoat tartibini saqlash boʻlinmasi xodimi serjant X.Normurodov belgilangan taqsimotga asosan Qarshi shahridagi “Oqtepa fayz baraka” savdo majmuasi hududida jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash maqsadida xizmatga jalb etilgan.

Xizmat jarayonida, savdo majmuasi hududida noqonuniy valyuta savdosi bilan shugʻullanganligiga gumon qilib, Kasbi tumanida yashovchi 1993 yilda tugʻilgan F.Ahadovni huquqbuzarlik sodir etmasligi toʻgʻrisida ogʻzaki ravishda ogohlantirgan va ushbu joyni tark etishi haqida talab qoʻygan.

Oʻz navbatida fuqaro xodimning soʻzlariga bepisandlik qilganligi oqibatida ular oʻrtasida tortishuv yuzaga kelgan. Shundan soʻng xodim fuqaroni shaxsini aniqlash maqsadida uni bozor hududidagi tayanch punktiga olib borish uchun patrul mashinasiga mindirmoqchi boʻlgan. Biroq fuqaro qarshilik koʻrsatgan.

Maʼlum qilinishicha, PPX xodimi fuqaroni “avtozak”ning orqa qismiga mindirib, ichki ishlar organlari tayanch punktiga olib borgan. U yerda X.Normurodov ushlangan fuqaroning xatti-harakatlari nooʻrinligini, IIO xodimlarining qonuniy talablariga boʻysunishi uning burchi ekanligini tushuntirgan.

Shundan soʻng F.Axadov uzr soʻrab, boshqa bunday holat qaytarilmasligini taʼkidlagan. X.Normurodov oʻz navbatida fuqaroni ogʻzaki ogohlantirish bilan cheklanib, huquqbuzarlik holatini hujjatlashtirmasdan unga javob bergan.

“Tekshiruv jarayonida X.Normurodov fuqaro F.Axadovni ismini bilmaganligi sababli uning soqol qoʻyib olganligi uchun unga nisbatan “soqoltoy” deb murojaat qilganligi, diniy eʼtiqodi boʻyicha tahqirlash mazmunida biror bir gap aytmaganligi aniqlangan. Fuqaro F.Ahadov ham buni tasdiqlagan”, - deyiladi xabarda.

Xulosaga koʻra PPX xodimi fuqarolar bilan muloqot jarayonida kasb madaniyatini tamoyillarini buzgan, oʻzining xatti-harakatlari tufayli keng jamoatchilikda ichki ishlar organlarining faoliyatiga nisbatan salbiy fikr shakllanishiga sabab boʻlgan.

Intizomiy jazo sifatida lavozimidan chetlatilib, quyi tizimga tushirilgan.

Asosiy mavzular