12:46 26 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Hodisalar
Havola olish
301 0 0

DXX idoralari tomonidan Prokuratura va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda korruptsiya va firibgarlik bilan bogʻliq bir nechta holatlarga chek qoʻyildi.

TOSHKENT, 3 iyul — Sputnik. Davlat xavfsizlik xizmati idoralari tomonidan Prokuratura va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda korruptsiya va firibgarlik bilan bogʻliq bir nechta holatlarga chek qoʻyildi.

Aniqlanishicha, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Kapital qurilish bosh boshqarmasida ishlovchi mansabdor shaxs oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, Chilonzor tumanidagi koʻp qavatli uylar oraligʻida joylashgan 1 gektar boʻsh yer maydonini tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga rasmiylashtirib berishni vaʼda qiladi va evaziga 1 mln. 400 ming AQSH dollari soʻraydi.

DXX Toshkent shahar boshqarmasi xodimlarining shahar prokuraturasi va ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida mazkur shaxs kelishilgan puldan 50 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Dastlabki surishtiruv harakatlari davomida, qoʻlga olingan shaxs ushbu pul mablagʻlarini Chilonzor tumani hokimligida boʻlim boshligʻi vazifasida ishlovchi rahbar xodimga berishi kerakligi maʼlum boʻlgach, tezkor tadbir davom ettirilib, u ham 50 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida qoʻlga olindi.

Shuningdek, bunday noqonuniy holat Toshkent viloyatida ham qayd etildi. Xususan, Yangiyoʻl tuman ichki ishlar boʻlimining mayor unvonidagi masʼul xodimi mahalliy fuqaroni “Chinobod neft baza” masʼuliyati cheklangan jamiyatining filiallaridan biriga rahbarlikka tayinlanishida yordam berishini aytib, buning uchun undan 50 ming AQSH dollari talab qiladi.

DXX xodimlarining Prokuratura organlari bilan oʻtkazgan tezkor tadbiri davomida u kelishilgan puldan 10 ming AQSH dollarini Toshkent shahrida joylashgan Ichki ishlar vazirligi markaziy gospitali yonida olayotgan vaqtida ushlandi.

Taʼkidlash lozimki, ayni vaqtda mamlakatdagi oliy oʻquv yurtlariga oʻqishga kirish imtihonlari yaqinlashayotganligi bois, afsuski, bu sohada ham korruptsiya bilan bogʻliq holatlar qayd etilmoqda.

Jumladan, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Samarqand davlat universiteti xodimi 2020-2021 oʻquv yili uchun qabul komissiyasi aʼzosi boʻlgan katta oʻqituvchi bilan birgalikda ikki kishini oʻqishga kiritib qoʻyish uchun 6 ming AQSH dollari olayotgan vaqtlarida ushlandilar.

Shuningdek, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti oʻqituvchisi oʻzi faoliyat yuritayotgan oliy oʻquv yurtiga ikki nafar fuqaroni davlat granti asosida oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga, ularning har biri uchun 5 ming AQSH dollaridan pul soʻrab, avvaldan 2 ming AQSH dollari olayotgan vaqtida ushlandi.

Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga asosan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari doirasida ushbu noqonuniy ishlarga aloqador boʻlgan shaxslarni aniqlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Asosiy mavzular