TOSHKENT, 9 sen — Sputnik. Toshkent viloyati Chirchiq shahrida ish vaqtida giyohvandlik moddasini isteʼmol qilmoqchi boʻlgan shaxslar ushlandi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qilmoqda.
2020 yilning 05 sentyabr kuni soat 23:30 da IIB va Milliy gvardiya xodimlari Oʻzbekiston koʻchasida tungi xizmatni olib borayotgan vaqtlarida “Bolalar va oʻsmirlar sport maktabi” binosidan oʻziga xos hid taralayotganligini bilib, tekshirish maqsadida bino xonasiga kirishgan.

Xonada maktab qorovuli boʻlib ishlovchi 38 yoshli T.B. va uning 29 yoshli tanishi D.O.lar elektr plitasi yordamida oshxona qozonida oʻziga xos modda qovurayotganliklari aniqlashgan.

Mazkur xabar asosida tergov-tezkor guruhi tomonidan hodisa joyini koʻzdan kechirish davomida, xonada boʻlgan televizor korobkasi va yogʻoch fanera ustidagi yoyib qoʻyilgan yashil rangdagi, oʻziga xos hidli modda, 4 dona gugurt qutisi va 2 dona 0.5 litr hajmdagi bankalarda quritilgan modda hamda chekish uchun maxsus moslama aniqlangan. Ular ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.
Sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga qoʻra, T.B. dan olingan oʻsimlik marixuana va sof ogʻirligi jami 5,7 kg.
Bundan tashqari hodisa joyidan olingan ikki dona baklajkalar, 1 dona shisha idish va qopqoq (angishvona)da giyohvand modda, tetrogidrokannabinol yuqlari mavjudligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda T.B. jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.
Xabarda tergov jarayonida har ikkala fuqaroning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilishi taʼminlanishi qoʻshimcha qilingan.