07:16 28 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Hodisalar
Havola olish
17901

Deputlarning “UzAuto Motors” AJda qonunchilik hujjatlari buzilishi, korruptsion holatlar va isteʼmolchilar huquqlariga putur yetkazish kabi alomatlar koʻrinayotganligi sababli yoʻllagan soʻroviga javob keldi.

TOSHKENT, 5 noya — Sputnik. Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi “UzAuto Motors” kompaniyasiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish rad etdi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev maʼlum qildi.   

Uning soʻzlariga koʻra, 21 avgust kuni Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan oʻtkazilgan tekshiruv yakunlari boʻyicha “UzAuto Motors” AJda qonunchilik hujjatlari buzilishi, korruptsion holatlar va isteʼmolchilar huquqlariga putur yetkazish kabi alomatlar koʻrinayotganligi sababli Bosh prokuraturaga “Deputatlik soʻrovi” yuborgan. Mazkur masalani oʻrganib huquqiy baho berilishi va jinoyat alomatlari bor yoki yoʻqligi yuzasidan oʻz nuqtai-nazarini bayon etishni soʻralgan.

“Koʻpchilik saylovchilarni qiziqtirayotgan soʻrov yuzasidan shu yilning 4 noyabr kuni Bosh prokuror oʻrinbosari imzosi bilan xabarnoma shaklida javob xati oldik. Bosh prokuratura tomonidan 28.10.2020 sanasi bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan xabarnomada “UzAuto Motors” AJda oʻtkazilgan tekshirishda toʻplangan hujjatlar boʻyicha  jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli jinoyat ishi qoʻzgʻatish rad etilganligi, agar tekshirishdan norozi boʻlsak qaror ustidan shikoyat qilishimiz mumkinligi maʼlum qilingan”, - deya yozgan deputat.

Kusherbayev “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi qonunning 15-moddasiga muvofiq davlat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari Qonunchilik palatasi deputatining, Senat aʼzosining soʻroviga, agar boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, soʻrov olingan kundan eʼtiboran 10 kundan kechiktirmay yozma javob yuborishi, soʻrovga javob oʻz nomiga soʻrov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanishi belgilanganini eslatgan.

Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 193-moddasiga muvofiq, mansabdor shaxslar tomonidan parlament soʻrovini, deputat, senator soʻrovini koʻrib chiqmasdan qoldirish yoki ularni koʻrib chiqish muddatlarini uzrli sabablarsiz buzish yoxud ular yuzasidan bila turib notoʻgʻri maʼlumotlarni qasddan taqdim etish, mansabdor shaxslarga BHMning 3 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda (669 mingdan 1,56 mln soʻmgacha) jarima solishga sabab boʻladi. 

Eslatib oʻtamiz, Toshkent shahar maʼmuriy sudi 30 oktyabr kuni arizachi “UzAuto Motors” AJning shikoyat arizasini qanoatlantirdi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining qarorini haqiqiy emas deb topdi. Avvalroq MQKQ kompaniya yengil avtomobillar narxlarini oʻrtacha 10,29 foizga oshirganini maʼlum qilgan edi. Shu bois narxlar arzonlashtirishi va mijozlarga qayta hisoblab berishishi lozim edi. "UzAuto Motors" bunga javoban avtomobillar narxi asosli va hozirgi vaziyatda narxni pasaytirish imkonsiz ekanini maʼlum qildi va sudga berdi.

Asosiy mavzular