13:40 24 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Hodisalar
Havola olish
166 0 0

Oʻzbekistonda ikki yil ichida salkam 2000 nafar mansabdor shaxs korruptsiyaviy jinoyatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

TOSHKENT, 8 noya — Sputnik. Bosh prokuror Nigʻmatilla Yoʻldoshev raisligida korruptsiya holatlari kuzatilayotgan sohalar hamda vazirlik va idoralarda buning sabab va shart-sharoitlariga bagʻishlangan idoralararo yigʻilish boʻlib oʻtdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Yoʻldoshevning soʻzlariga koʻra, respublikada oʻtgan ikki yilda 1 986 nafar mansabdor shaxslar korruptsiyaviy jinoyatlarni sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

“Bunday jinoyatlar oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori 2 trln soʻmdan oshgan”, - dedi u.

Shuningdek, oʻtgan ikki yilda respublika boʻyicha 371 mlrd. soʻm byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilish holatlari aniqlanib, bu qilmishlar uchun 2 477 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Oʻtgan ikki yilda moliya organlarining 41 nafar xodimi korruptsiya holatlari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan. Masalan, Gʻaznachilikning Andijon viloyati boshqarmasi mansabdor shaxslari xodimlarga ish haqi berish vaji bilan bankdan 1 mlrd. soʻm ortiqcha pul olishga erishib, uni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov oʻtkazilmoqda.

Vazirlik tizimidagi Byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasining 22 nafar xodimi pensiya uchun ajratilgan mablagʻlarni talon-toroj qilganligi va boshqa suiisteʼmolchiliklari uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Bank tizimida oʻtgan ikki yil mobaynida banklarning 166 nafar mansabdor shaxslari korruptsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan.

Masalan, Xalq banki va Mikrokreditbankda boshqaruv raisi lavozimlarida ishlab kelgan E. oʻz mansabidan foydalanib, qator korruptsiyaviy jinoyatlarga qoʻl urgan.

Xususan, muqaddam qator jinoyatlarni sodir etib, AQShda yashirinib yurgan X. bilan til biriktirib, Sirdaryo viloyatida 4 ta soxta firma tashkil qilgan. Bu firmalarni amalda boshqarish uchun 18 nafar shaxslardan iborat uyushgan guruh faoliyatini yoʻlga qoʻyishgan.

Uyushgan guruh 2019 yil soʻnggi 9 oyida qariyb 732 mlrd. soʻmni qonunga xilof tarzda naqdlashtirib, 7 mlrd. soʻmga yaqin byudjet  mablagʻini talon - toroj qilgan. 215 mlrd. soʻm turli plastik kartalarga moliyaviy yordam koʻrinishida oʻtkazilib, 22,5 mln. dollar naqd pulga aylantirilib,  xorijga olib chiqib ketilgan. Uyushgan guruh rahnamolik qilgan firmalar 101 mlrd. soʻm soliq toʻlovlaridan ham boʻyin tovlagan.

Bundan tashqari, E. Xalq banki boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangach, bank binosi qurilishini olib borayotgan pudratchilarni oʻziga tanish pudratchilarga almashtirib, obʼyekt qurilishida 5,5 mlrd. soʻmlik bank mablagʻini talon-toroj qilgan.

“Mikrokreditbank”ka rahbar etib tayinlanganda esa, oʻz rahnamoligidagi firmalar orqali birgina xizmat kabineti uchun 100 mln. soʻmlik mebel jihozlarini 273 mln. soʻmga, bankning Sirdaryo filiali uchun 700 mln. soʻmlik binoni 4 mlrd. 700 mln. soʻmga sotib olib, mablagʻlarni oʻmargan.

Yigʻilishda aholining iqtisodiy faolligini qoʻllab-quvvatlash uchun turli ijtimoiy loyihalarga byudjet mablagʻlari muhtojlarga yetib bormasdan, ayrim bank mansabdor shaxslari tomonidan talon-toroj qilinayotganligi koʻrsatib oʻtildi. Birgina “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida soʻnggi ikki yilda aholiga tarqatilishi lozim boʻlgan 1,7 mlrd. soʻm imtiyozli kredit mablagʻlari bank mansabdor shaxslari tomonidan talon-toroj qilingan.

Oʻtgan ikki yilda mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilganligi uchun 31 nafar soliq xodimlari ham jinoiy javobgarlikka tortilgan. Masalan, Dangʻara tumani davlat soliq inspektsiyasi rahbari T. pul mablagʻlarini naqdlashtirish bilan shugʻullanuvchi jinoiy guruh tuzgan. Uyushgan guruh boshqa fuqarolar nomiga 22 ta soxta firmalarni ochib, ularga norasmiy rahbarlik qilib kelgan. Ushbu firmalarda 268 mlrd. soʻmlik noqonuniy pul aylanmalari amalga oshirilgan. 19 mlrd. soʻm soliq toʻlovidan qochishga erishilgan. Shuningdek jinoiy yoʻl bilan topilgan 200 mln. soʻm legallashtirilgan.

Qurilish sohasi korruptsiyalashgan sohalardan biri boʻlib qolayotganligi oqibatida soʻnggi ikki yilda 1 233 nafar shaxslar jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Taʼkidlanishicha, qurilish uchun yer ajratish, tanlov va tender oʻtkazish, shaharsozlik hujjatlarini rasmiylashtirish, muhandislik - kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish jarayonlarida korruptsiya koʻplab kuzatilmoqda. Byudjetdan moliyalashtiriladigan qurilish ishlari uchun pudratchilarni tanish - bilishchilik yoki pora evaziga tanlab olish kabi korruptsiyaviy amaliyot kuzatilmoqda.

Misol uchun, Toshkent shahar hokimligining kapital qurilish boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari A. va Chilonzor tuman hokimiyati boʻlimi boshligʻi SH. “Max Saodat” jamiyatiga koʻp qavatli uy- joy qurish uchun Chilonzor tumanidan 1 gektar yer ajratish evaziga 1 mln. 400 ming dollar talab qilgan. Natijada 50 ming dollarni olgan vaqtda ushlangan.

Soʻnggi ikki yilda Transport vazirligi va sohadagi korxonalar xodimlaridan 57 nafari korruptsiyaviy jinoyatlarga qoʻl urgan.

Tahlillarga koʻra, tizimda yoʻl qurilishi uchun ajratilgan byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilish, yoʻlovchi va yuk tashish xizmatidan tushgan pullarni oʻzlashtirish bilan bogʻliq jinoyatlar sodir etilmoqda.

Masalan, “Kattaqoʻrgʻon tuman yoʻllardan foydalanish” korxonasi direktori R. bosh hisobchi SH. hamda muqaddam shu korxonada sodir etgan qator  jinoyatlari uchun sudlanib, korxonada faoliyatini yana davom ettirib kelayotgan jinoiy sheriklari bilan 2,4 mlrd. soʻm byudjet mablagʻlarini oʻmargan.

Oʻtgan ikki yilda qishloq xoʻjaligi sohasiga daxldor vazirlik va idoralarning 391 nafar xodimlari turli koʻrinishdagi jinoyatlari uchun   javobgarlikka tortilgan. Xususan, yer maydonlarini xatlovdan oʻtkazish jarayonida respublika boʻyicha 967 ta holatda 34.822 gektar yer maydoni qonunga zid ajratib berilgan.

Buxoro viloyatida qisqa muddatda oʻtkazilgan oʻrganishlarda 21.493 gektar yerni noqonuniy muomalaga qaratish bilan bogʻliq qonunga zid qarorlar qabul qilingan. Yer ajratish jarayonlarida korruptsiyaviy jinoyatlari uchun soʻnggi ikki yilda hokimliklarning 22 nafar masʼul xodimlari javobgarlikka tortilgan.

Misol uchun, Andijon viloyat hokimligi mutaxassisi Q. muqaddam sudlangan A. va M. bilan til biriktirib, soxta hujjatlar bilan  Shahrixon tuman Silga qarshi kurashish dispanseri binosini “nol” xarid qiymatida qoʻlga kiritgan. Keyinchalik binoda hech qanday tadbirkorlikni yoʻlga qoʻymasdan, binoni buzib, qurilish materiallarini 760 mln. soʻmga sotib yuborgan.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida soʻnggi ikki yilda vazirlik tizimidagi 57 nafar xodimlar turli korruptsiyaviy jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan. 

Masalan, Toʻraqoʻrgʻon tuman bandlikka koʻmaklashish markazi direktori E. aholi bandligini taʼminlash uchun ajratilgan byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilgan. U nafar xodimlari bilan jinoiy til biriktirib, 2019 yilgi paxta mavsumida toʻraqoʻrgʻonlik 327 nafar ishsizlar Toshkent va Jizzax viloyatlariga terimga jalb etilganligi, ularga jamoat ishlari jamgʻarmasidan mukofot puli berilishi haqida soxta hujjatlarni tuzgan. Soxta hujjatlarni bankka taqdim qilib, mukofot puli sifatida jami 276,4 mln. soʻm naqd pullarni olib, “choʻntakka urgan”.

Oʻtgan 9 oyda oliy taʼlim tizimdagi 70 nafar xodimlar taʼlim jarayoni bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir qilgan. Tizimda eng koʻp kuzatilayotgan korruptsiya oʻqishga kiritish masalasi bilan bogʻliq boʻlib qolmoqda.

Nostrifikatsiya jarayonida korruptsiya holati tilga olindi.Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi boshligʻining yordamchisi SH. sheriklari orqali 4 nafar fuqarodan xorijiy diplomlarni nostrifikatsiya qilib berish evaziga jami 6 500 dollar olganda ushlangan.

Madaniyat vazirligining ayrim mansabdorlari oʻziga xos jinoiy sxema yaratishgan. Muqaddam oʻgʻirlik va talon-torojlik jinoyatlari uchun 7 yil ozodlikdan mahrum etish jazosini oʻtab chiqqan I. 2019 yil fevral oyida vazirlik bosh hisobchisi lavozimiga tayinlangan. U sheriklari bilan 2,3 mlrd. soʻmni mablagʻ talon-toroj qilgan.

Vazirlik ishlar boshqarmasi boshligʻi O. teatr va musiqiy maktablarga aslida yetkazib berilmagan mebel va musiqa anjomlari yetkazib berilgani haqida soxta hujjatlar tuzib, 1,7 mlrd. soʻmni oʻziga tanish firmalarga oʻtkazib, talon-taroj qilgan.

Shuningdek, 13,5 mlrd. soʻmlik mebel va jihozlarni tanishlaridan 20,2 mlrd. soʻmga olish yoʻli bilan 6,7 mlrd. soʻm ham talon-toroj qilingan. Bu jinoiy sxema bilan 12 mlrd. soʻm byudjet mablagʻi oʻmarilgan. Hozirda bu shaxslar qamoqqa olinib, tergov oʻtkazilmoqda.

Yigʻilishda maʼlum qilinishicha, oʻtgan ikki yilda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 318 nafar xodimlari jinoiy qilmishlari uchun javobgarlikka tortilgan.

Masalan, “Ark buloq” bojxona posti boshligʻi J. boshchiligidagi bir guruh bojxona xodimlari pora evaziga turli subʼyektlar tomonidan import qilingan tovarlar qiymatini pasaytirib koʻrsatib, davlat manfaatlariga qariyb 9 mlrd. soʻm zarar yetkazgan.

Asosiy mavzular