TOSHKENT, 12 yanv — Sputnik. Buxoro shahrida hali tugʻilmagan farzandini sotmoqchi boʻlgan ayol qoʻlga olindi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qilmoqda.
Aniqlanishicha, 2020 yilning dekabr oylarida 22 yoshli M.R. Buxoro shahrida joylashgan kafelardan birida ofitsiant boʻlib ishlab yurgan vaqtida ushbu kafega mijoz sifatida kelgan fuqaro F.E. bilan tanishib qolgan. Suhbat davomida unga toʻrt oylik homilasi borligi va moddiy jihatdan qiynalayotganini aytgan. Kelgusida ham tugʻilajak farzandini moddiy taʼminlay olmasligini aytib, uni dunyoga keltirgandan soʻng sotish niyati borligini maʼlum qilgan.

Keyin F.E.ga toʻrt oylik homilasini sogʻlom holda tugʻib, 50 million soʻm evaziga sotishni taklif qilgan. Oldindan undan 25 million soʻm pullarni soʻragan.
Joriy yilning 6 yanvar kuni soat 19:00 da Buxoro shahar A.Jome koʻchasida joylashgan “Al-Pari” restorani oldida M.R. fuqaro F.E.dan 20 million soʻm va 500 dollar olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan M.R.ga nisbatan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 25, 135-moddasi 1-qismi (odam savdosiga suiqasd) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.