TOSHKENT, 13 yanv — Sputnik. Bosh prokuratura Jizzaxda yangi qurilgan koʻp qavatli bino qulab tushgani yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatdi.
Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar qilishicha, holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv oʻtkazilgan. Natijada Jizzax viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspektsiyasi mansabdor shaxslariga nisbatan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Jizzaxda yangi qurilgan koʻp qavatli bino qulab tushgani xabar qilingan edi. Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi bilan binoning qulab tushishi sabablarini oʻrganish boʻyicha Hukumat komissiyasi tuzilgan va ish olib bormoqda.