04:03 07 Mart 2021
Efir
  • RUB141.85
  • EUR12661.56
  • USD10517.12
Hodisalar
Havola olish
54530

Jinoiy guruh rahbarlari Sardobadagi suv toshqinidan talofat koʻrgan masjidlarning qayta qurilishiga moddiy koʻmak yigʻishni aytib, xayriya guruhini ochishgan. Oʻz hissasini qoʻshmoqchi boʻlganlarni aldab, ularning pullarini Suriyaga joʻnatishgan.

TOSHKENT, 21 yanv — Sputnik. Sirdaryo viloyatida “jihodchilar” ekstremistik oqimining yashirin guruhi faoliyatiga chek qoʻyildi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Sirdaryo viloyati boʻyicha DXX boshqarmasi va viloyat IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur guruhning 2 nafar yetakchisi Rossiyada mavsumiy ishlashi davomida radikal guruhlar taʼsiriga tushib, yashash joyiga qaytib kelganlaridan soʻng aholi orasida oʻzlarining buzgʻunchi gʻoyalarini targʻib qilayotgani aniqlangan.

Ular ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terrorchilik tashkilotlarning gʻoyaviy rahnamolarining maʼruzalarini tarqatish bilan shugʻullanishgan. Jumladan, Oʻzbekiston Oliy sudining qarori asosida taqiqlangan ekstremistik va terrorchilik guruhlarga aloqador shaxslarning maqola va maʼruzalarini internet tarmogʻidan yuklab olib, ularni saqlash va atrofdagilarga tarqatish, shuningdek, Suriyada davom etayotgan qurolli toʻqnashuvlarda ishtirok etuvchi terrorchilik guruhlarni moliyalashtirish bilan shugʻullangan.

Ushbu jinoiy guruh rahbarlari 2020 yilda Sardoba suv ombori bilan bogʻliq suv toshqini oqibatida talofat koʻrgan masjidlarning qayta qurilishiga moddiy koʻmak yigʻishni aytib, “Telegram”da xayriya guruhini ochishgan. Masjidlarning qayta qurilishiga oʻz hissasini qoʻshmoqchi boʻlganlarni aldab, ular bergan mablagʻlarni Suriyaga joʻnatishgan.

Qoʻlga olinganlardan baʼzilari karantin cheklovlari bekor qilingach, Suriyaga chiqib ketishni rejalashtirgan. Buning uchun u yerdagi maslakdoshlari bilan aloqada boʻlib kelganlar.

Tezkor tadbirlar natijasida guruhning barcha aʼzolari qoʻlga olingan. Yashash manzillarida oʻtkazilgan tintuvda ularning jinoiy faoliyatini fosh etuvchi daliliy ashyolar olingan.

Hozirda Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan qoʻzgʻatilgan.

Tergov ishlari davom ettirilmoqda. 

Asosiy mavzular