TOSHKENT, 17 fev — Sputnik. Samarqand viloyatida shaxsiy video va suratlarini tarqatmaslik uchun chet ellik fuqarodan pul talab qilgan ayol qoʻlga olindi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Maʼlum qilinishicha, 16 fevral kuni Samarqand viloyati IIBga Birlashgan Arab Amirligi fuqarosi ariza bilan murojaat qilgan. U Samarqand shahrida yashovchi J.Z. ismli ayol tanishi uning qoʻl telefonida boʻlgan shaxsiy video hamda suratlarini internetda tarqatish bilan qoʻrqitib, tarqatmaslik evaziga 20 ming dollar soʻrayotganini aytgan.

Samarqand viloyati IIB JQB Korruptsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boʻlimi hamda DXX Samarqand viloyati boshqarmasi oʻtkazgan tezkor tadbirda 27 yoshli J.Z. pullarni olayotgan vaqtda qoʻlga olingan.
“Rossiyadagi eringga yuboraman”: oilali ayolni shantaj qilgan tovlamachi jinoyat ustida ushlandi
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Jinoyat kodesining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.