23:59 07 Avgust 2020
Efir
  • RUB137.46
  • EUR12021.09
  • USD10209.86
Migratsiya
Havola olish
Men - migrantman. Yangi loyiha (74)
524262

Mehnat muhojirlari orasida oliy maʼlumotli mutaxassislardan tortib, kechagina kollejni bitirgan va ish topa olmay chet elda "non" topishni ixtiyor qilgan fuqarolarni uchratish mumkin. Ammo Rossiyaga ishga otlanayotgan yurtdoshlarimiz oldinda ularni qanday imtihonlar kutayotganini aksariyat hollarda bilishmaydilar, hatto...

TOSHKENT, 31 avg — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Soʻngi vaqtlarda mendan "Bizga ham Rossiyada ish bormi?" deb soʻraydiganlar koʻpaydi. Shu savolni berayotganlarning aksariyati, (taassufki, bu ayni haqiqat) "Samolyot (yoki poyezd)ga chipta sotib olib, Moskvagacha yetib olsam boʻldi, ish topish muammo boʻlmaydi, bu yogʻiga choʻntagim dollarga toʻladi" degan fikrda boʻladilar. Mana shu singari afsonalarga nuqta qoʻyish va Rossiyada muammosiz ishlab ketish uchun qanday qonun-qoidalarni bilib qoʻyish shart?

Asli andijonlik, ayni vaqtda Moskva shahrida migrantlarga yuridik xizmat koʻrsatib kelayotgan huquqshunos Botirjon Shermatov bilan suhbatimiz migrantlar mana shu borada kechdi.

- Botirjon, Rossiyaga ishlash uchun yoʻl olgan Oʻzbekiston fuqarolari uchun Rossiya tomon qanday tartib-qoidalar oʻrnatgan. Suhbatimizni shundan boshlasak.

— Bu yerda qoidalar bilan birga maslahatlarni ham berib ketmoqchiman. Rossiyaga kelishda chegarani kesib oʻtish paytidayoq hujjatlarga eʼtiborli boʻlish kerak. Rossiyaliklar uchun bizni ism-shariflar murakkab. Shuning uchun bu ismlarni yozishda koʻp xatoga yoʻl qoʻyishadi.

Buni oldini olish uchun Oʻzbekistonda pasportni rus tiliga notarial tarjima qildirib olish va chegarani kesib oʻtish paytida ushbu hujjatni chegara xodimiga taqdim qilishni maslahat beraman. Migratsiya kartasini toʻldirishda u yerda yozilgan maʼlumotlar toʻgʻri va xatosiz ekanligiga eʼtibor berish lozim. Bitta harfda xato boʻlsa ham, bu keyinchalik koʻp muammolarga olib kelishi mumkin. Mehnat qilish maqsadida kelgan shaxs migratsiya kartasida "Tsel vʼyezda" degan joyida — "Rabota"ni belgilashi shart. Aks holda, patent rasmiylashtirib boʻlmaydi.

Ushbu maʼlumotlar toʻgʻri koʻrsatilganidan keyingina migratsiya kartasiga imzo qoʻyish lozim.

Oʻzbekiston fuqarolari 7 ish kuni ichida turar joyi yoki ishlamoqchi boʻlgan joyi manziliga migratsiya roʻyxatidan(registratsiya) oʻtishlari kerak. Shuni taʼkidlash joizki, odatda migratsiya roʻyxatida oʻtganlik haqidagi maʼlumot migratsiya organlari bazasiga 3 ish kuni ichida kiritiladi. Patentni rasmiylashtirish uchun qonunchilikda 30 kun muddat berilgan. Lekin Moskovskaya oblast kabi regionlarda 21 kundan kech bulmasligi kerak.

Bunga sabab qilib tibbiy komissiya xulosasi va imtihon javobi chiqqunicha 30 kunga borib qolishi koʻrsatiladi. Agar migrant belgilangan muddatda patentga hujjat topshirishga ulgurmasa, 10 mingdan 15 ming rublgacha jarima toʻlashi yoki chegaraga chiqib migratsiya kartasini yangilab kelishi talab etiladi.

Patent rasmiylashtirish uchun pasport, migratsiya kartasi, migratsiya bazasiga kiritilgan migratsiya roʻyxati(registratsiya), pasportning notarial tarjimasi(shu oʻrinda aytish joizki, patent rasmiylashtiriladigan markazlarda Oʻzbekiston fuqarosidan faqatgina Rossiya hududida notarial tasdiqdan oʻtgan tarjimalarni qabul qilishadi, aks holda bu xizmat uchun 400 rubl miqdorida badal puli olinadi, tahr.), tibbiy sugʻurta polisi, rus tili, Rossiya tarixi qonunchiligi asoslarini bilish toʻgʻrisidagi hujjatlarni topshirish va tibbiy koʻrikdan oʻtish talab qilinadi.

Odatda patent 15-20 kunlarda tayyor boʻladi. Baʼzi regionlarda patentda kasb koʻrsatiladi va fuqaro faqat hujjatda koʻrsatilgan kasb bilan shugʻullanish huquqiga ega boʻladi.

Patent faqat berilgan hududdagina mehnat qilish xuquqini beradi.

Boshqa hududda ishlash uchun oʻsha hududga borib yangi patent rasmiylashtirish talab qilinadi. Undan tashqari patent rasmiylashtirishda soʻraladigan fuqaroning yuridik shaxs(yur. litso) yoki jismoniy shaxs(fiz. litso) qoʻlida ishlashi haqidagi maʼlumot faqat statistika uchun boʻlib, masalan jismoniy shaxsda ishlashi koʻrsatilib rasmiylashtirilgan patent egasi yuridik shaxsda ham ishlashi mumkin.

Patent chiqqan vaqtidan 2 oy ichida fuqaro migratsiya organlarini oʻzi mehnat qilayotgan joyi haqida xabardor qilishi va tegishli mehnat yoki fuqarolik-huquqiy (trudovoy, grajdansko-pravovoy) shartnomasi nusxasini topshirishi kerak.

Aks holda, berilgan patent bekor qilinishi mumkin. Bu narsaga jiddiy qarash kerak. Sababi, patent bekor qilinsa, bir yil davomida yangi patent rasmiylashtirib boʻlmaydi.

Har oy patent uchun oldindan daromad soligʻi (avansovыy NDFL) toʻlanadi va patent muddati shu toʻlangan soliq davriga qarab belgilanadi. Patent uchun toʻlovni patent orqasida yozilgan "Data vыdachi" dagi kundan kamida bir kun avval toʻlash kerak.

Misol uchun patent orqasida 31.08.2017 koʻrsatilgan boʻlsa, toʻlovni har oyning 30 yoki 29 sanasidan amalga oshirish lozim. Bir kun kechikib toʻlansa ham patent muddati tugagan hisoblanadi va yangitdan patent rasmiylashtirishga toʻgʻri keladi. Patent muddati berilgan kunidan boshlab bir yildan oshmasligi kerak.

Muddati tugashiga 30 kun qolganda chegaraga chiqmay yangi patent rasmiylashtirish mumkin. Patent olgandan keyin ham payent muddatiga qarab migratsiya roʻyxati (registratsiya) muddatini choʻzdirib yurish shart. Registratsiya ish beruvchi tashkilot yoki fuqaro yashayotgan xonadon manziliga rasmiylashtirilishi kerak. Doim rasmiy shartnoma asosida ishlash kerak. Aks holda, bu narsa fuqaroning maʼmuriy javobgarlikka tortilib, Rossyaida maʼmuriy chiqarib yuborilishiga olib kelishi mumkin.

- Rossiyaga ishga otlanganlar dastlabki vaktda oʻzlari bilan qancha pul olishlari kerak boʻladi?

— Patent rasmiylashtirish uchun Moskva shahrida 15-16 ming rubl boshqa hududlarda esa 25-26 ming rubl atrofida mablagʻ kerak boʻladi. Undan tashqari, uy-joy va oziq-ovqat bilan bogʻliq harajatlarni hisobga olish kerak.

- Ayting-chi, patent olish jarayonida qanaqa kutilmagan muammolar yuzaga kelishi mumkin?

- Patent rasmiylashtirish jarayonida fuqarolarimizda rus tili imtihoni va tibbiy koʻrik bilan bogʻliq muammolar yuzaga keladi.

Imtihon savollarini bir qancha saytlardagi demo-testlar orqali koʻrib tayyorlanish mumkin. Fuqaroda yuqumli kasalliklar bilan bogʻliq muammo boʻlsa, daʼvolanib sogʻlom ekanligi tasdiqlanmaguncha patent olib boʻlmaydi. Hozirgi kunda koʻp muammolar migratsiya roʻyxatining migratsiya organlari bazasiga kiritilmaganligi bilan bogʻliq boʻlmoqda. Shuning uchun patentga hujjat topshirishdan avval migratsiya roʻyxatini tekshirib koʻrishni tavsiya kilamiz.

- Oxirgi vaqtlarda, Rossiyada muntazam kelib mehnat faoliyatini oshiradigan oʻzbekistonliklar orasida bir muammo paydo boʻlmoqda. Yaʼni, patent olish jarayonida yurtdoshlarimizga "siz zapretda ekansiz" deb aytilmoqda. Tabiiyki, patent uchun toʻlangan kattagina pul ham qaytarib berilmayapti. Mana shunday holatga tushgan fuqarolarimizga yordam berish mumkinmi? Umuman, patent uchun toʻlangan pulni qaytarib olishning iloji bormi?

— Patentni rasmiylashtirish uchun topshirilgan pulni qaytarib boʻlmaydi. Sababi, bu pullar imtihon topshirish, tibbiy koʻrikdan oʻtish kabi muayyan xizmatlar uchun olinadi va koʻrsatilgan xizmat uchun tegishli hujjatlar beriladi. Bunday holatda "zapret" olib tashlanmaguncha yoki muddati tugamaguncha hech qanday hujjat rasmiylashtirib boʻlmaydi va fuqaro Rossiyani tark etishiga toʻgʻri keladi.

Agar "zapret" asossiz qoʻyilgan boʻlsa yoki uni ochish uchun asos boʻlsa, malakali yuristlar yordamida bu ishni amalga oshirishga harakat qilib koʻrish mumkin.

- Rossiyaga kelib, ilk kunlardanoq qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolar qayerga murojaat qilishlari mumkin?

— Qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga amaliy yordam beruvchi tashkilotlar juda kam. Albatta fuqaroga qanday yordam kerakligiga ham bogʻliq. Biz asosan yuridik yordam beruvchi tashkilot va yakka shaxslarni bilamiz. Bulardan migrantlar uchun bepul yurist, Valentina Chupik (+7(926)834-76-02), huquq himoyachisi Izzat Amon, "Grajdanskoye sodeystviye" komiteti, Halqaro qizil yarim oy jamiyati kabilarni keltirishimiz mumkin. Undan tashqari huquqiy masalalarda bizni tashkilotga ham tortinmay murojaat qilishlari mumkin.

Aziz yurtdoshlar! "Men migrantman" yoxud musofirlar choyxonasi loyihamizni endigina yoʻlga qoʻydik. Agar sizda migratsiyaga oid savollar boʻlsa, Rossiyada biror muammoga duch kelgan boʻlib, yechimini topa olmayotgan boʻlsangiz d.rakhmatova@sputniknews.com elektron manziliga oʻz savollaringizni yoʻllashingiz mumkin. Hech bir maktub eʼtibordan chetda qolmaydi.

Mavzu:
Men - migrantman. Yangi loyiha (74)

Asosiy mavzular