17:33 28 Sentyabr 2020
Efir
  • RUB136.28
  • EUR12210.60
  • USD10315.62
Migratsiya
Havola olish
39147508

Koreyada ishlashni istaganlar birinchi navbatda yangi tashkil etilgan "Kompleks test markazi"ning www.ckt.uz saytida roʻyxatga oʻtishi hamda jeton olish uchun topshiriladigan imtihon kuni va seansini tanlashi kerak boʻladi. Ushbu sayt faqatgina Oʻzbekiston ichida ochiladi

TOSHKENT, 6 noya — Sputnik. 6 noyabr kuni Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan "Kompleks test markazi" ochilishi oldidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Koreyaga ishga ketishni xohlaganlarni roʻyxatga olish va imtihon qilish shartlari maʼlum qilindi, deb xabar qilmoqda "Xalq soʻzi" nashri.

Shartlarga koʻra, Koreyada ishlashni istaganlar birinchi navbatda yangi tashkil etilgan "Kompleks test markazi"ning www.ckt.uz saytida roʻyxatga oʻtishi hamda jeton olish uchun topshiriladigan imtihon kuni va seansini tanlashi kerak boʻladi. Ushbu sayt faqatgina Oʻzbekiston ichida ochiladi.

Jeton uchun imtihon kuni band qilinganidan soʻng imtihon topshiruvchi "Kompleks test markazi"ga borib, roʻyxatdan oʻtadi va 87 500 soʻm miqdoridagi pulni toʻlab, kompyuter orqali testdan oʻtadi.

Savollar matn va audio testlardan iborat boʻlib, ularning soni jami 30 tani tashkil etadi. Imtihon uchun 40 daqiqa vaqt beriladi. 40 daqiqa tugagach, avtomat ravishda imtihon toʻxtatiladi.

Test natijalari boʻyicha nomzodlar reytingi tuziladi. Bunda berilgan 40 daqiqadan qancha oldinroq imtihon topshirib boʻlinishi muhim ahamiyatga ega. Deylik, imtihon savollariga 20 daqiqa ichida toʻliq javob bergan odam 40 daqiqada barchasini toʻgʻri yechgandan koʻra oldingi oʻrinlarni egallaydi.

KTM testini topshirish uchun toʻlangan pul qaytarilmaydi.

Imtihon topshirib boʻlgandan keyin darhol uning natijalarini bilish mumkin. Reytingdagi oʻrinni esa test topshirilgandan 10 kun keyin Agentlik rasmiy saytidagi shaxsiy kabineti orqali bilish mumkin.

Turli sabablarga koʻra KTM imtihon natijalaridan qoniqmaganlar 20 kun ichida apellyatsiyaga berishlari mumkin. Appelyatsion arizani faqatgina imtihon topshirgan shaxs berishi mumkin.

KTM imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtganlar reyting asosida EPS-TOPIK imtihonida qatnashish huquqiga ega boʻladi.

Shu bilan birgalikda, EPS-TOPIK imtihonlarini oʻtkazish shartlari ham oʻzgargan. Endilikda EPS-TOPIK imtihon malaka testini ham oʻz ichiga oladi. Yaʼni, test savol-javoblaridan keyin koreyalik mutaxassislar suhbatidan oʻtish talab qilinadi.

"Kompleks test markazi" — mustaqil tashkilot boʻlib, Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Shota Rustaveli koʻchasi 138-uyda joylashgan. Moʻljal: Respublika Qon quyish markazi, "Aziya Tashkent" mehmonxonasi. Jamoat transportlari: №38, 40, 57, 58, 126, 132-avtobus yoʻnalishlari.

Markazga roʻyxatdan oʻtish uchun xohlagan paytda, biroq testdan oʻtish uchun band qilingan vaqtdan 60 daqiqacha oldin borish lozim. Imtihon zaliga test boshlanishidan 30 daqiqa oldin kiritish boshlanadi.

Imtihonga elektron qurilmalar, har qanday kantselyariya mahsulotlari, kitoblar, lugʻatlar, bloknotlar olib kirish taqiqlanadi. Savol-javob vaqtidan oʻrindan turish, gaplashish va boshqa ortiqcha harakatlarni qilish mumkin emas. Har bir stol atrofi toʻsiq bilan oʻralgan boʻlib, yuqoriga kuzatuv kamerasi oʻrnatilgan.

KTM imtihoni uchun roʻyxatdan oʻtish 7 noyabrdan, imtihonlar esa 13 noyabrdan boshlanadi.

Asosiy mavzular