06:43 26 Iyun 2019
Efir
  • RUB135.34
  • EUR9731.96
  • USD8562.34
Migrant iz Uzbekistana Feruza

Rossiyadagi muhojir ayol hayotidan: musofirchilik qiyinchiliklari va vatan sogʻinchi

© Foto : Iz lichnogo arxiva Feruzы
Migratsiya
Havola olish
Men - migrantman. Yangi loyiha (69)
145981

Vladivostok shahrida mikro-kredit bankida ishlayotgan Rustamova Firuza oʻzining hayoti, musofirchilik qiyinchiliklari va ona diyor sogʻinchi toʻgʻrisida hikoya qildi

TOSHKENT, 28 fev — Sputnik. Sputnik tahririyati xorijiy mamlakatlarda mehnat qilayotgan oʻzbekistonliklar hayotidan hikoya qilishda davom etadi.

Bu safar, Rossiyaning Vladivostok shahrida mikro-kredit bankida ishlayotgan samarqandlik Firuza Rustamova qanday qilib musofirchilik hayotini tanlagani, boshidan oʻtgan qiyinchiliklar va oʻzining kichik boʻlsa-da gʻalabasi haqida soʻzladi.

Firuza Rossiyaga kelmasidan avval Oʻzbekistonda "Erudit" tahririyatida muharrir lavozimida ishlagan.

Musofirchilik boshlanishi

Agar 1,5 yil avval kimdir menga "Ishingni tashlab, Rossiyaga ketasan, hayoting tubdan oʻzgarib, musofirchilikni achchik-chuchugʻini tatib koʻrasan",- desa, u insonni telbaga chiqarib koʻyishim mumkin edi. Lekin taqdir ekan, 2017 yilning mart oyida Rossiya Federatsiyasining Vladivostok shahriga keldim.

Kichik akam 2010 yildan buyon Vladivostok shahrida ishlab keladi. Gudakligidan koʻtarib katta qilgan jiyanim Bobirjon ham aynan Vladivostok shahrida oʻqiydi. 2017 yilning yanvar oyida Samarqand shahridan shaxsiy market ochdik, ammo uni yuritishda tadbirkorlik bilan shugʻullanib yurgan akam bevosita kerakligini anglab, vatanga qaytishga qistay boshladik. Lekin Bobirjon oʻqishi sabab Rossiyadan keta olmasligi bizni oʻylantirib qoʻydi. Musofir yurtda jiyanimni yolgʻiz qolishini koʻz oldimga keltirgan zahotimoq beihtiyor yoʻl tadorigini koʻra boshladim.

Avvaliga uncha sezilmagan ekan, samolyot chiptasi qoʻlimga tegishi bilan koʻnglim boʻshab yigʻlab yubordim. Tugʻilib-oʻsgan yurtim, ona shahrim, mahallam, xonadonim koʻzimga juda boshqacha koʻrinib ketgani esimda. Nazarimda bu yurtni tashlab ketsam, qayta koʻrmaydigandek boʻlardim, emin-erkin, oʻynab-kulib katta boʻlgan, kun sayin yashnab, dillarni yayratayotgan yurtimning hayotimda qanchalik muhim ekanligini oʻsha damlarda anglab yetdim.

Kindik qoni toʻkilgan yurt, ona vatan degan tushunchalar zamirida qanchalik teran maʼno borligini oʻshanda chuqurroq anglab yetganman desam, adashmayman.

Xullas, 2017 yil 5 mart kuni Vladivostok shahriga uchib keldim. Aeroportda kutib olishga chiqqan akam bilan jiyanimni izlab topguncha oʻtgan 10 daqiqa vaqt ichida begona yurtda yolgʻiz qolish dahshatini his kilishga ulgurdim.

Men 5 mart kuni kelgan boʻlsam, akam 12 mart kuni Oʻzbekistonga uchib ketdi. Akam bilan birga qaytib ketishni qanchalik istaganimni soʻz bilan taʼriflab berishim qiyin. Atigi 1 hafta ichida rus tuprogʻi oʻz yurtimning zarra gardiga arzimasligini anglab yetdim. Lekin oldimdagi masʼuliyat tufayli taqdir hukmiga boʻysunishdan oʻzga ilojim yoʻq edi…

Cheklanmagan muddatli taʼtil

Bobirjon darsidan boʻsh vaqtida shahar bilan tanishtirish barobarida kerakli hujjatlarimni rasmiylashtirib berdi.

Bir tanishimiz sizga ish topdim, deganida quvonganimni koʻrsangiz edi. Bu yerda har qadamda Pit-stop (kichik tamaddixona) uchraydi. Ana shu pit-stoplardan biriga ishga kirdim. Kechga yaqin "ishxona"mga kirib kelgan Bobirimning qarashlarini eslasam haligacha kulgim qistaydi:

— Iye, ammajon, bu yerda nima qilyapsiz?!

— Koʻrib turibsan-ku, ishlayapman, uyda oʻtirganim yetar, zerikib ketdim axir…

— Ammajon, bu yer siz ishlaydigan joy emas, sizni bunaqa ishda ishlashingizga yoʻl qoʻymayman! Yigʻishtiring hamma narsani, ketdik! Oʻzingizga yarashadigan ish chiqsa ishlarsiz balki, lekin qora ish qilmaysiz! Shu boʻyicha ishlashga qoʻymadi, bolasi tushmagur. Ikki oycha uyda oʻtirgach, sekingina gap boshladim:

— Bobirjon, bu nima oʻtirish, axir uyda bekor oʻtirish uchun kelmaganman-ku, kelgan shuncha musofirlar binoyidek ishlashyapti-yu?!

— Ammajon, sizni bobojonim bilan onajonim (Samarqandda buvijonni "onajon" deyishadi) puf-puflab koʻz ustida ustirishgan, musofirchilikda ishlash siz oʻylaganchalik oson emas. Birovlarning qoʻliga qarab mute boʻlib ishlashingizni istamayman! Meni ishlaganim bir sizni boqishga bemalol yetadi, oʻylanmasdan bemalol damingizni oling. Samarqandda bearmon ishlaganingiz yetar, endi sizga cheklanmagan muddatli "otpusk" belgilangan!

YO ketaman, yo ish topib berasan

Shu taxlit, oktyabr oyiga qadar majburiy otpusk kabilidagi "uy qamogʻi"da oʻtirdim desam, adashmayman. YO ketaman, yo ish topib berasan deb katʼiy shart koʻyganimdan keyin Bobirjon menga ish izlashga kirishdi.

Bir qarindoshimiz ushbu bankdan kredit rasmiylashtirgandi. Oʻzbekistonga ketganidan keyin uning kreditini toʻlash uchun bankka bordim va menedjerlikka tanlov boʻlayotganligidan xabar topdim. Shu bankda ishlayotgan andijonlik Nargizaxonning taklifi bilan bank boshqaruvchisi Gulziraxonga uchrashdim va ishga qabul kilindim.

Shu boʻyicha oktyabr oyidan buyon Vladivostok shahridagi "Baybol" mikrokredit bankida menedjer sifatida ishlab kelyapman. Ishimiz juda qiziqarli. Vazifamiz asosan Oʻzbekiston, Tojikiston, Kirgʻiziston hamda Rossiya fuqarolariga qisqa muddatli mikro-kredit rasmiylashtirishdan iborat.

Ish jarayonida turli yurtlardan kelgan musofirlarga moddiy yordam qoʻlini choʻzamiz. Bizning bankimizdan olingan pullar evaziga musofirlar asosan hujjatlarini rasmiylashtirishadi, mavsumiy sharoitlarini yaxshilashadi, kredit summasi Vatanlarida uy qurish, toʻy qilish yoki biror kutilmagan holatlarda hojatlarini chiqarishda juda qoʻl keladi. Ish kunimiz Rossiya mehnat qonunchiligiga asoslangan holda besh kun ishlab, ikki kun dam olamiz.

Vatanimdan uzoqda boʻlsam ham olis yurtlarda vatanim ravnaqi uchun xizmat qilayotganimdan juda xursandman. Chunki bizdan olingan kreditlar evaziga musofirchilikdagi koʻpgina yurtdoshlarimiz toʻy qilishyapti, uy-imoratlar qurib, mashina olishyapti, yashash sharoitlarini unglab olishyapti, yurtimizga valyuta kiritilyapti. Bunda mening ham hissam borligidan fahrlanaman!

Vatan, ona yurt sogʻinchi

Vatan deganda oilam ostonasi, mahallam, tugʻilib-oʻsgan shahrim, ona yurtim bor goʻzalligi bilan koʻz oldimda namoyon boʻladi. Aslida balandparvoz soʻzlardan ancha yiroq insonman, lekin vatan uchun qancha xizmat qilsam shuncha oz, qancha qadrlasam, shuncha kam. Vatanni sevish, ardoqlashni oʻzi kamlik qiladi. Vatanga otam-onam qadar mehrim baland. Vatan qadri… bu tushunchani turli sabablarga koʻra vatandan uzoqlashgan, oz boʻlsa-da musofirlik nonini totgan qora koʻzlardan soʻrab koʻring. Vatan deganda vatanidan uzoq insonlarning koʻzlarida chaqnaydigan uchqunni bir zumgina koʻz oldingizga keltirib koʻring…

Vatan sogʻinchi… bu jismingiz oʻzga yurtda boʻlsa-da, ruhingizning tugʻilib oʻsgan tuproqqa talpinib turishi, xayolan, fikran vatan bilan hamnafaslik, yaxshi kunidan quvonib, bulutli kunlaridan tashvishlanish hissi…

Oʻzbekiston degan soʻzni eshitganda yurakning sekingina entikib qoʻyishi, olis yurtda bir kalom oʻzbekcha soʻz eshitganda sekingina hapkirib qoʻyish… uyquga ketish oldidan bolalikning olis koʻchalariga hayolan sayr qilib, oʻsha begʻubor kunlarni qoʻmsash, ostonaga qaytish ishtiyoqi, vatanning bir kaftgina tuprogʻiga boʻlgan eʼzoz… umuman soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydigan noyob, inja tuygʻular tajassumi.

Mavzu:
Men - migrantman. Yangi loyiha (69)

Asosiy mavzular