05:37 27 Iyun 2019
Efir
  • RUB135.34
  • EUR9731.96
  • USD8562.34
Generalnыy konsul Rustam Ismailov

Migrantlar, talabalar va biznes forum: Oʻzbekiston va Uzoq Sharqni nima birlashtiradi

© Sputnik / Tatyana Meyel
Migratsiya
Havola olish
306 0 0

Oʻzbekistonning Uzoq Sharqdagi bosh konsuli Rustam Ismoilov mamlakatning Uzoq Sharq federal okrugi bilan hamkorlik rejalari haqida gapirib berdi.

TOSHKENT, 27 mar - Sputnik. Mart oyida Rossiyaning Vladivostok shahrida  Oʻzbekistonning Uzoq Sharqdagi ilk bosh konsulxonasi oʻz faoliyatini boshladi. Yangi diplomatik vakolatxona rahbari Rustam Ismoilov RIA Novosti va Sputnik Oʻzbekistonga bergan intervyusida birinchi darajali vazifalar va migrantlarni qaysi muammolar tashvishlantirishi haqida soʻz yuritdi.

- Bosh konsulxona yaqindagina oʻz faoliyatini boshladi. Konsulxona allaqachon toʻliq ishga tushirildimi, fuqarolar qabul qilinyaptimi? Shtatda necha kishi ishlaydi?

- Hozircha uch kishimiz. Yana 2-3 nafar xodim kelishini kutyapmiz. Lekin hozirda ham har kuni toʻliq rejimda faoliyat koʻrsatyapmiz. Fuqarolarni qabul qilish kunlari - dushanba, chorshanba, juma soat 10:00 dan 17:00 gacha, seshanba va payshanba kunlari esa boshqa tadbirlarga ajratilgan. Hozircha hammasiga ulguryapmiz, biroq tashrif buyuruvchilar oqimi koʻpaysa, albatta, qabul qilish soatlarini qoʻshamiz.

- Uzoq Sharq olisda joylashgan hudud va bu yerda ishlayotgan migratlarning asosiy muammosi biror-bir konsullik muammolarini hal qilishda Novosibirskka borishlariga toʻgʻri kelishidan iborat edi. Hozirda oʻzbekistonliklar bilan ishlash qanday yoʻlga qoʻyiladi?

- Barchangizga maʼlumki, Oʻzbekistonning Vladivostokdagi bosh konsulxonasi ikki prezident: Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning siyosiy intilishi tufayli ochildi. Moskva va Novosibirsk shaharlaridan tashqari Sankt-Peterburg va Yekaterinburgda diplomatik vakolatxona bor. Endilikda Vladivostokda ham oʻz faoliyatini boshladi. Qozon va Rostov-na-Donu shaharlarida ham diplomatik vakolatxonalar ochilish arafasida. U yerda tashkiliy masalalar bilan shugʻullanuvchi xodimlar tayinlangan. Tez orada bu konsulxonalar ochilishi kutilmoqda.

Biz 2018 yil dekabr oyida Vladivostokdagi konsulxona binosi taʼmirlanayotgan vaqtda diplomatik vakolatxona manzili va telefon raqamimni rasmiy ravishda eʼlon qilgan edik (Oʻzbekiston TIV saytida – Tahr.). Dekabr oyidan buyon menga qoʻngʻiroq qilishadi, telefon orqali maslahat berishim mumkin boʻlgan savollarga javob beraman. Ishlar olib borilmoqda. Umid qilamanki, bu intervyu Uzoq Sharq federal okrugida (USHFO) istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga ushbu maʼlumotni yetkazishda foydali boʻladi.

- Uzoq Sharqda boʻlib turgan vatandoshlaringizning umumiy soni toʻgʻrida maʼlumotlarga egamisiz?

- Vladivostokda yaqindan boshlab faoliyat koʻrsatayotganimiz sababli bizda hozircha Primorsk oʻlkasining vakolatli organlarining norasmiy maʼlumotlari bor. Unga koʻra, ayni damda Primoryeda Oʻzbekistonning 60-70 mingga yaqin fuqarosi bor, ulardan 20-25 foizining hujjati bor. Yaʼni patent, vaqtincha boʻlib turish ruxsatnomalariga egalar. Qolgan 80 foizi -  kimdir hujjat rasmiylashtirmoqda, kimdir, afsuski, noqonuniy ravishda boʻlib turibdi. Bular hammasi vakolatli organlar – IIV, migratsiya boshqarmasi maʼlumotlari.

- Bosh konsulxonaga murojaat qilayotgan migratlarni birinchi navbatda qaysi muammolar tashvishlantiradi?

- Aksariyat migrantlarimiz –hujjatlari, pasportlarining muddati amal qilish muddati tugaganlar, baʼzilar esa umuman biror-bir hujjatga ega emas. RF fuqaroligini qabul qilganlar, biroq mamlakat fuqaroligidan protsessual tartibda voz kechmaganlar ham murojaat qilishadi. Shuningdek, ular boshqa fuqaroviy masalalarni hal qilishni soʻrab murojaat qilishadi.

- Oʻzbekiston va Uzoq Sharq oʻrtasida birinchi navbatda qaysi sohalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilmoqda?

- Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Uzoq Sharq federal okrugidagi huquq va manfaatlari himoya qilishdan tashqari, bizning vazifamiz savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish va ilm-fan, turizm, Oʻzbekiston va RF OTMlari oʻrtasidagi hamkorlik, oʻqituvchilar, tajriba almashish sohasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan iborat.

- Mintaqada oʻz faoliyatlari yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan kompaniya va ishlab chiqaruvchilar bilan allaqachon aniq kelishuvlarga erishilganmi?

- Biz endigina ochildik, bu masala boʻyicha hozircha aniq maʼlumotlarimiz yoʻq, lekin Oʻzbekistondan bu yerda quruq va hoʻl meva yetkazib berilishini bilamiz. Bu nomuntazam xususiyatga ega, chunki Uzoq Sharq olisda joylashgan. Mashinalar bu yerga tovar olib kelishi uchun 10-15 kun lozim boʻladi, shuning uchun tez buziladigan mahsulotlarni bu yerga olib kelish foyda bermaydi. Hozirda quruq meva va toʻqimachilik mahsulotlarini yetkazib berish imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqdamiz.

- USHFO delegatsiyasining Oʻzbekistonga yoki mamlakat hududlari delegatsiyasining  USHFOga tashrifi rejalashtirilganmi?

- Bosh konsulxona ochilish marosimiga Oʻzbekistonning Moskvadagi diplomatik vakolatxonasi delegatsiyasi tashrif buyurdi hamda Oʻzbekistoning Rossiya poytaxtidagi bosh konsuli, elchining savdo-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchisi va savdo-iqtisodiy boʻlim rahbari kelishdi. Biznes doiralari, turistik kompaniyalar bilan uchrashuv oʻtkazildi, ularga savdo-iqtisodiy imkoniyatlar haqida rolik namoyish etildi. Biz fikr almashdik va keyinchalik hamkorlik qilishni rejalashtirmoqdamiz.

- Sizningcha, joʻgʻrofiy joylashuvi va ishlab chiqarish tuzilishini hisobga olgan holda qaysi sohalarda hamkorlik qilish juda istiqbolli boʻladi?

- Bu yoʻnalishlarni biznesmenlar bilan uchrashgandan soʻng, ularning maqsad va manfaatlaridan kelib chiqqan holda muhokama qilish lozim. Aytib oʻtganimdek, hozircha Uzoq Sharq bozorida faqat meva, quruq meva va toʻqimachilik mahsulotlari mavjud. Lekin Oʻzbekiston bugungi kunda rivojlanib boryapti, mamlakatimizda biznes forumlar oʻtkazilyapti, va biz ushbu forumlarga Uzoq Sharq tadbirkorlarini taklif qilamiz. Shuningdek, kelajakda bu yerda ham turli tadbirlar oʻtkazishni rejalashtirganmiz. Hozircha bu biz uchun yangi bozor. Biz aloqa qilish yoʻllarini qidiramiz.

- Yangi lavozimda sizning birinchi darajali vazifa va rejalaringiz qanaqa?

- Yaqin kelajakdagi rejalarimiz – umuman Uzoq Sharq yoki Primorsk oʻlkasi tadbirkorlik vakillari bilan biznes forum tashkil etish. Shuningdek, turistik imkoniyatimiz namoyish qilish va talabalar va oʻqituvchilar hayʼati almashishni tashkillashtirish ustida ishlashni rejalashtirmoqdamiz. Umuman olganda, mamlakat hududlari va USHFO hududlari oʻrtasidagi hamkorlik va yaqin muloqotni rivojlantirish niyatidamiz. Bizning global vazifamiz esa – bu Uzoq Sharqda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilish.

- USHFOning barcha mintaqasini, jumladan, yangi – Buryatiya va Baykalorti oʻlkasiga ham qamrab olishni rejalashtirganmisiz?

- Afsuski, yoʻq. 2017 yilda bosh konsulxona ochish masalasi koʻrib chiqilganda USHFOning toʻqqizta subʼyekti belgilab olingan, shuning uchun hozircha konsullik okrugiga faqat ular kiradi.

- Uzoq Sharq mintaqalari bilan ishni qanday yoʻlga qoʻyasiz?

- Xabarovsk oʻlkasiga tashrif buyurishga ulgurdik. U yerda mintaqa tashqi iqtisodiy vaziri, biznesmenlar, turistik firmalar, talabalar, professor-oʻqituvchilar hayʼati, tibbiyot oliygohi va Xabarovsk oʻlkasi texnika oliygohi rahbarlari bilan uchrashdik. Shuningdek, boshqa mintaqalarga ham tashrif buyurishni rejalashtirmoqdaman.

- Yaqin kunlarda USHFOning qaysi mintaqa rahbari bilan uchrashish niyatidasiz?

- Yaqin kunlarda Yevrey avtonom viloyati rahbari bilan uchrashini rejalashtirganman. Keyinchalik Saxalin, Yoqutiston, Magadan viloyati va Chukotka rahbarlari bilan uchrashaman. Uzoq Sharqning barcha mintaqalarida boʻlib, ularning rahbari bilan yaqindan tanishib, biznes uchrashuvlar oʻtkazish va imkoniyatlarimizni namoyish qilishni rejalashtiryapmiz.

- Osiyo mamlakatlari diplomatik vakolatxonalaridagi hamkasblaringiz bilan hamkorlik qilishni rejalashtiryapsizmi?

- Biz allaqachon tanishib olganmiz va hozirda muloqot qilib turamiz. Shuningdek, albatta, biror-bir ikki tomonlama uchrashuv tashkil etishni rejalashtirmoqdamiz.

- Mintaqada migrantlar bilan ishlash yoki mamlkatning madaniy meroslarini targʻib qilishga qaratilgan oʻzbek jamoat tashkilotlari qay darajada rivojlangan?

- Men bu yerda ikki diasporani bilaman, lekin aslida ular koʻproq.  Ularning vakillari bilan muloqot qilamiz – ular asli oʻzbekistonliklar. Bu yerda ular juda katta ishlarni amalga oshirishmoqda: migrantlarimizga koʻchib kelgandan soʻng koʻnikishlariga yordamlashishadi, rus jamiyatiga qoʻshilishiga koʻmaklashishadi, turli ijtimoiy muammolarni hal qilishda oʻz yordamlarini ayashmaydi.

- Ular qanaqa tadbirlar oʻtkazishadi?

- Diasporalar Primoryeda 5-6 yil davomida Navroʻz ayyomini nishonlab kelishayotganliklarini bilaman: kontsert dasturini tashkillashtirishadi, milliy taom – osh, kabob tayyorlashadi, estrada yulduzlari, artistlarni taklif qilishadi. Diaspora faollarini Primorye oʻlkasi administratsiyasida va shahar administratsiyasida yaxshi tanishadi.

- Talabalar almashish borasida aniq rejalar bormi? Hozirda bu yerda qancha oʻzbekistonlik talaba tahsil oladi?

- Bizning maʼlumotlarga koʻra, Uzoq Sharq federal universitetida  500 nafarga yaqin talaba, Vladivostok davlat iqtisodiyot va xizmat universitetida 200 nafarga yaqin talaba tahsil oladi. Biz ular bilan allaqachon uchrashib, muloqot oʻtkazdik. Ularga bosh konsulxonaga murojaat qilishlari mumkinligini aytdik.

Uzoq Sharq oliygohlari rahbarlari bilan uchrashishga hali muvaffaq boʻlmadik, shuninng uchun hozircha talabalar almashish borasida aniq kelishuvlar yoʻq. Lekin uchrashish rejalarimizda bor. Ishonchim komilki, talabalar almashish boʻyicha qilinajak ishlar hali oldinda turibdi.

- Bugungi kunda Oʻzbekiston fuqarolarining koʻp qismi Uzoq Sharqqa ish nuqtai nazaridan qarashadi. Ularni USHFOdagi turizm qiziqtiradimi? Bu borada hamkorlik qilish qanday rejalashtirilmoqda?

- Bu sohadagi aniq raqamlarga hozircha ega emasman. Lekin may oyida bu yerda (Primoryeda – Tahr.) turistik yarmarka boʻlib oʻtishini bilaman, va turizm davlat qoʻmitamiz bizni unda ishtirok etishga taklif qildi. Hozirda bu masalani koʻrib chiqmoqdamiz. Uzoq Sharq turistik firmalarni Oʻzbekistonga taklif qilish, ular uchun tur tashkillashtirishni ham rejalashtirganmiz. Ular USHFO aholisiga nimani reklama qilishliklarini bilishlari uchun imkoniyatlarimizni koʻrsatishimiz kerak.

- Oʻzbekiston delegatsiyasining Vladivostokda sentyabr oyida boʻlib oʻtadigan Sharqiy iqtisodiy forumda ishtirok etishi kutilmoqdami? Delegatsiyaga kim rahbarlik qilishi mumkin?

- Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtiroki mezbon tomon — Rossiyaga bogʻliq. Biz taklifni kutamiz. Odatda taklif yuborilganda kimlar, qanday tarkibda, necha kishi kelishi maqbulligi maʼlum qilinadi.

- Vladivostokka qachon keldingiz?

- 2018 yil 13 oktyabr kuni

- Demak, shaharni aylashishga ulgurdingiz? Qanday taassurotlarga ega boʻldingiz?

- Shahar menga manzur boʻldi. Men 2005-2006 yillarda Oʻzbekistonning Afinadagi bosh konsulxonasida bosh konsul sifatida faoliyat yuritdim. Vladivostok ham menga nimasi bilandir bu shaharni yodga soladi. U ham tepalikda joylashgan, bu yerda ham dengiz iqlimi bor. Umuman olganda, menga Vladivostokka eng sovuq ob-havo vaqtida kelib qolganimdek tuyuldi. Biroq mahalliy aholi bu yil bu yerda birmuncha issiq ob-havo kuzatilganini aytishdi.

Shaharning oʻzi menga yoqdi, odamlari yaxshi. Gap kelganda, menga bosh konsulxonani ochishda ilk kunlardanoq koʻmaklashgan shahar administratsiyasi, Vladivostokdagi Tashqi ishlar vazirligi vakolatxonalari va boshqa idoralar ishini qayd etmoqchiman.

- Oilangiz siz bilan kelganmi?

- Ha, oilam kelgan va bu yerda men bilan birga. Bolalar maktabda oʻqishadi va bolalar bogʻchasiga qatnashadi. Ularga bu yer maʼqul boʻldi va ularga tushunarli boʻlgan tilda mamnuniyat bilan suhbatlashishadi.

- Sizga qayerda ishlash va yashash koʻproq maʼqul boʻldi?

- Bilasizmi, men mehnat qilgan har yer yoqadi, chunki bu biz, diplomatlar ishining oʻziga xos xususiyatidir. Biz har bir joy sharoitiga moslashishimiz darkor. Men hech qachon oʻz vatanimdan ketishni istagan emasman, chunki u yerda qarindoshlarim, yor-birodarlarim, oilam aʼzolari yashashadi. Tabiiyki, har qanday boshqa shahar koʻchib oʻtish – bu iqlim sharoitlari almashishi, hayot tarzining oʻzgarishi. Umuman olganda, hamma yerda yaxshi. Vladivostokda ham havolar isiy boshladi, tez orada maysalar koʻkaradi. Bu esa taqqoslash imkonini beradi.

Asosiy mavzular