TOSHKENT, 18 okt — Sputnik. Bu yil Moskvada mehnat migrantlari soni 40 foizga qisqardi. Bu haqda Moskva meri Sergey Sobyanin “Rossiya-1” telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
“Moskvada migrantlar ancha kam boʻlgani bilan bogʻliq muammo bor. 40 foizcha, alohida hisob-kitoblarga koʻra”, - dedi Sobyanin.
U migrantlar soni kamayishi Moskvada mehnat bozoriga, ayniqsa, uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasiga taʼsir koʻrsatishini taʼkidladi.
“Bu qoʻl mehnati, bu belkurak, supurgi va lom. Har qanday moskvalik ham bunday ishlarda ishlashga tayyor emas. Lekin asta-sekinlik bilan baribir bu masalani ham hal qilyapmiz, juda koʻp mexanizatsiya bor. Boshqa mintaqalardan odamlarni jalb qilyapmiz”, - deya qoʻshimcha qildi Sobyanin.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq iqtisodiy siyosat masalalari boʻyicha Moskva merining oʻrinbosari Vladimir Yefimov shahar hukumati pandemiyadan keyin shaharda mehnat migrantlari kamayganini qayd etganini maʼlum qilgan edi.
Rossiya mart oyi oxiridan boshlab koronavirus pandemiyasi sabab boshqa mamlakatlar bilan muntazam va charter aviaqatnovlarni toʻxtatib qoʻygan. Shuningdek, parvozlar hozircha qayta tiklanmagan mamlakat fuqarolarining mamlakatga kirishi cheklangan. Markaziy Osiyo mamlakatlaridan Rossiya faqat Qirgʻiziston va Qozogʻiston bilan muntazam parvozlarni tiklagan.