19:38 30 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Migratsiya
Havola olish
168730

Oʻzbekiston arzon ishchi kuchi yetkazib beradigan davlat sifatida qolib ketadimi? Bu, albatta, migrantlarni maqsadi va harakatiga bogʻliq. Yangi Oʻzbekistonning yangi migratsiya siyosati haqida Sputnik muxbiri Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakili Azim Axmatov bilan suhbatlashdi.

Oʻzbekistonda 2016 yildan migratsiya sohasiga boʻlgan eʼtibor va yondashuv kuchaytirildi. Afsuski, hozirgi davrda migratsiya global tendentsiyalar taʼsiriga yanada taʼsirchan boʻlib bormoqda. Oʻzbekiston rahbarining yangi qabul qilingan qarorida va siyosatida esa yangi ichki va tashqi omillar eʼtiborga olingan. Bugungi zamonaviy davrda barcha davlatlarda kabi Oʻzbekistonda ham tartibli mehnat migratsiyasiga asosiy eʼtibor qaratilmoqda, deydi Azim Axmatov.

Migratsiya va dunyo – xalqaro tajriba

Yaqin tarixda Shimoliy Yevropa (Germaniya, Buyuk Britaniya, Frantsiya), Skandinaviya yarim orollari (Daniya, Norvegiya, Shvetsiya), AQSH, Jabuniy Koreya kabi davlatlarida sanoat va servis sohasi keskin rivojlanib borishi natijasida tashqaridan ishchi kuchiga talab oshgan va ushbu davlatlar migratsiyani qabul qiluvchi davlatlar sifatida yetakchi hisoblanadi.

Masalan, asosiy ishchi kuchini yuboruvchi eksportyor davlatlar sifatida Germaniyada Turkiya va Polsha, Buyuk Britaniyada Pokiston va Hindiston, Frantsiyada Aljir va Marokash, AQShda esa Xitoy va Fillipin ishtirok etadi.

BMT maʼlumotiga koʻra, 2019 yilda dunyodagi migrantlar soni 272 mln.ga yetdi. Ularning eng koʻp qismi Yevropa davlatlari (82 mln), Shimoliy Amerika (59 mln), Shimoliy Afrika va Gʻarbiy Osiyo (49 mln) davlatlari hissasiga toʻgʻri keladi.

Yevropa davlatlarida bugungi kunda BMT maʼlumotiga koʻra 2 mln., Shimoliy Amerikada 59 mln., Shimoliy Afrika va Gʻarbiy Osiyo davlatlarida 49 mln. mehnat migrantlari mavjud.

Migrantlar tomonidan pul oʻtkazmalari 2019 yil 554 mlrd. AQSH dollarini tashkil etgan.

Tashqi mehnat migratsisi hisobidan har yili oʻrtacha Hindistonga 55 mlrd., Xitoyga 51 mlrd., Meksikaga 23 mlrd. AQSH dollari miqdoridagi oʻtkazmalar amalga oshirilib, bu ulardagi tashqi daromadning 7-10 foizini tashkil qilgan.

1950 yillarda Yaponiya va Janubiy Koreya davlatlarida ommaviy migratsiya jarayonlari kuzatilgan, yaʼni tashqi mehnat migratsiyasiga intilish jarayonlari kuzatilgan va ushbu migrantlar tomonidan oʻtkazilgan mablagʻlar hamda yangi texnologiyalarni oʻzlashtirilishi natijasida mamlakat iqtisodiyoti tez suratlarda rivojlangan.

Hozirgi davrda tartibli mehnat migratsiyasini nisbatan yuqori darajada tashkil etgan davlat sifatida Fillipin hisoblanadi. Tashqi mehnat migratsiyasi jarayoni ushbu davlat iqtisodiyotining moliyaviy donori sifatida baholanadi. Mazkur davlatda bir yilda oʻrtacha 1,6 mln. fuqaro tashkillashtirilgan tartibda mehnat migratsiyasiga yuboriladi. Jami 10 mln.ga yaqin Fillipin fuqarolari mehnat migranti hisoblanadi. Pul joʻnatmalari davlat daromadining oʻrtacha 11 foizini yoki yiliga oʻrtacha 21,3 mlrd dollarni tashqil etadi.

Oʻzbekistondagi vaziyat

Oʻzbekistonda 2016 yildan ushbu sohaga eʼtibor kuchaydi. Oʻtgan davrda sohani bevosita yoki bilvosita tartibga soluvchi 12 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2016 yildagi qaroriga muvofiq mehnat migratsiyasida ishtirok etadigan fuqarolarga, ularga oʻz vaqtida ijtimoiy soliqni toʻlab borgan taqdirda, ish staj hisoblanadigan boʻldi.

Fuqarolarning mehnat migratsiyasi jarayonida yoʻnalishsiz transportlardan foydalanishlari oqibatida turli xil tan jarohatlari olishi, halokatlarga uchrash holatlari koʻp kuzatilardi. Buning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish maqsadida 2018 yilda xorijda ishlash istagi boʻlgan fuqarolarga yoʻnalishli transportlardan foydalangan holda xorijga borish imkoniyati yaratildi va ularga imtiyozli, amaldagi narxlardan 20 foizlik chegirma bilan chiptalar sotish tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Chegirmani kimlar, qanday olishi mumkin?

Koʻzda tutilgan imtiyozlarni qoʻllash uchun Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va ularning 14 ta hududda agentlikning filiallari yaratilgan. Ular huzurida ixtisoslashtirilgan kassalar tashkil qilingan. Barcha fuqarolar bevosita shu kassaga kelib migratsiya bazasida roʻyxatdan oʻtsalar boʻldi. Talab shu! Biron bir hujjat talab etilmaydi, biron bir ortiqcha tartib joriy qilinmagan.

Faqat ketish manzillari, qaysi davlatga ishga borayotgani, qaysi sohalarda ishlamoqchiligi haqidagi maʼlumot bazaga kiritilgandan keyin, shu asosda fuqarolarga imtiyozlar qoʻllaniladi. Bu imtiyozlardan birinchisi – havo, temiryoʻl, avtobus chiptalariga chegirmalar joriy qilingani boʻlsa, ikkinchisi, yoʻldagi baxtsiz hodisalardan sugʻurtalash.

Eng minimal toʻlovlar bilan yaʼni ellik ming soʻmga sugʻurta polislarini taʼminlash yoʻlga qoʻyildi. Bu sugʻurta polisining umumiy summasi 10-12 ming AQSH dollari miqdoriga teng. Hozirda bir yilda 200 mingga yaqin fuqaro bu imtiyozlardan foydalanmoqda.

Xususiy tashkilotlarning mehnat miratsiyasiga aralashuvi

2018 yilda xususiy sektorga mehnat migratsiyasi bilan shugʻullanish vakolati berildi. Oʻtgan ikki yildan ortiqroq vaqtda 103 ta shunday xususiy bandlik agentliklari tashkil topgan boʻlsa, ularning yetmish uchtasi litsenziya oldi. Bugungi kunga kelib ushbu xususiy bandlik agentliklari soni 25 tasi faoliyatini davom ettirmoqda, ularning 39 tasi oʻz arizalariga koʻra litsenziyalarni qaytarib berdi, 11 ta xususiy bandlik agentligiga nisbatan firibgarlik holatlari sodir etgani uchun jinoiy ish ochildi va litsenziyalari bekor qilindi.

Koʻrinib turibdiki, bu sahada xususiy korxonalarning kriminallashganlik holati ancha yuqori.

Shunga qaramay, xususiy bandlik agentliklari orqali fuqarolarni tashkiliy ishga joylashtirishda maʼlum yutuqlarga erishildi: 3200 dan ortiq fuqarolarimiz 15 dan ortiq davlatlarga ishga joylashtirildi.

Oʻqi, oʻqi va yana oʻqi...

2020 yilda mehnat migratsiyasiga boʻlgan eʼtiborni kuchaytirishga eʼtibor qaratildi. Bunda tashkiliy tartibda fuqarolarimizni xorijga ishga joylatirishda fuqaroning kasbga, hunarga va xorijiy tillarga oʻqitish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Bugungi kunda kasbga oʻqitish markazlari 191 taga yetkazildi, yaqin davrlar ichida 200 dan oshishi kutilyapti.

Shuningdek, 136 ta mahallada kasbga oʻqitish maskanlari tashkil etildi. Kasbga oʻqitish maskanlari qamrovi koʻp emas, bir vaqtning oʻzida yuz-ikki yuz odamga xizmat koʻrsata olmaydi, kasbga oʻqitish maskanlarida 1,3,6-oylik dasturlar asosida oʻqitiladi.

Bugungi kunda oʻsha xorijda koʻproq qaysi kasblarga talab kuchli, shulardan kelib chiqqan holda oʻqishlar tashkil etilgan. Mahallalarda tashkil etilgan maskanlarda toʻrttagacha kasbga oʻqitiladi. Bular – tikuvchilik, kompyuter savodxonligi va sartaroshxona xizmatlari. Shuningdek, oshpazlik yoʻnalishi.

Kasbga oʻqitish markazlarida 22 turdagi kabslar oʻrgatiladi.

Migratsiya va pandemiya

Bugungi pandemiya davrini inobatga olib, mehnat migratsiyasi sohasida ham bir qator ishlar olib borilyapti shulardan biri Rossiya hududiga fuqarolarining kirib borishi uchun Rossiya humati bilan kelishish.

Bugun Rossiya Federatsiyasiga ishga boradigan fuqarolar toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzi kirib borolmaydi, chunki maʼlum cheklovlar mavjud. Rossiya Federatsiyasining yirik qurilish obʼyektlarida yoki yirik kompaniyalarida minglab Oʻzbekiston fuqarolari faoliyat yuritib keladi, ularda yillar davomida toʻplagan tajriba va malaka mavjud. Yirik korxonalar Oʻzbekistonga qaytib kelgan tajribali xodimlarini ikki tomondan davlat komissiyasi ruxsatini olib, charter reyslari orqali ish joylariga olib ketishni amalga oshirdi.

Shuningdek, onlayn muloqotlar orqali, fuqaroni qanchalik darajada kasbga ega ekanligi fuqaro bilan ish beruvchi yoki mutaxassislar oʻrtasidagi suhbatlar jarayonida aniqlanib borilmoqda va ish beruvchi fuqarolarni charter reyslar orqali Rossiyaga kirib borishini taʼminlamoqda.

Oʻzbekistoning bahosi Rossiyada tan olinadimi?

Hozirda shuningdek, patent uchun talab etiladigan hujjatlarning maʼlum bir qismi Oʻzbekistonda tayyorlanadi: yaʼni Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ayrim sertifikatlari Rossiya hududida tan olinadi. Rossiyada ishlash uchun patent hujjatini olishda talab etiladigan sertifikat - Rossiya tarixi, rus tili va madaniyati boʻyicha imtihonlardan oʻtgan fuqarolarga beriladi. Xuddi shu jarayonlarni Oʻzbekiston hududida oʻtkazish va unga tayyorlash maqsadida Rossiyaning Xalqlar doʻstligi universiteti bilan hamkorlik shartnomasi tuzildi. Bugun barcha viloyatlarda jami 25 ta oʻquv kurslari mavjud. Fuqarolarda imtihonni Oʻzbekiston hududida topshirib, sertifikat olishlari mumkin.

Mehnat migranti Rossiyaga borib faqat ikkita hujjatni olishiga toʻgʻri keladi: tibbiy koʻrik va patentning oʻzi.

Pandemiya cheklovlari tugagandan keyin Oʻzbekiston fuqarolarida oldingi tartibda ishga joylashish imkoniyati paydo boʻladi. Hozircha toʻgʻridan toʻgʻri kirib borish uchun cheklov mavjud.

Tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi ish haqi kamayishiga olib keladimi?

Yoʻq, deydi suhbatdosh. Azim Axmatovning aytishicha, bu ishchining mahorati va malakasiga bogʻliq.

Birinchi oyda hammaga bir xilda maosh beriladi. Barcha davlatlarda ishlab chiqarishda, qurilishda maosh bajarilgan ish hajmiga qarab toʻlanadi. Xuddi shunday, bugungi kunda Agentlik orqali ishga joylashib (kam ishlagan taqdirda) 25 ming rubl va harakatiga qarab 70-80 ming rublgacha oylik olayotgan ishchilar bor.

Tan olish lozim, mehnatga ketganlar orasida umuman oylik ololmayotganlari ham bor. Chunki ish hajmini bajarmagan. Oʻsha yerda yashash bilan bogʻliq kunlik xarajatlarini qoplash nuqtai nazaridan ham qoʻliga hech qanaqa oylik chiqmasligi holatlari boʻladi.

Migrantlarning kelib-ketish xarajatlariga kelsak, bu masala ish beruvchilar tomonidan beriladigan takliflarga bogʻliq, ayrim ish beruvchilar barcha transport xarajatlarini oʻzi qoplab, keyinalik ishchining maoshidan ushlab qolishi mumkin.

Eng katta ogʻriq – majuriy soliq?!

Keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda migrantlarning soliqqa tortilishi haqidagi mavzu keng muhokama sabab boʻlmoqda. Migrantlarning majburiy soliqqa tortilishi - yolgʻon gap, deb taʼkidlaydi Axmatov.

Belgilangan tartibga koʻra, xorijda ishlayotgan fuqarolar Oʻzbekiston hududida oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar bilan tenglashtirildi va ular toʻlaydigan ijtimoiy soliqlarini toʻlash imkoniyati yaratildi. Fuqaro oʻzi istasa, ijtimoiy soliqni toʻlaydi. Bu summa 111 500 soʻm qilib belgilangan. Yaʼni bazaviy hisoblashning 50 foizi miqdorida. Shu ijtimoiy soliqni toʻlagan taqdirda, unga kelgusida staj hisoblanadi. Bu toʻlov jarayoni faqatgina ixtiyoriylikka asoslangan, pensiya olishni istasa, toʻlaydi. Hech qanaqa boshqa holatlarda fuqardan soliq ushlab qolinmaydi.

Sulton suyagini xoʻrlamas – nochor qolgan, qonunni buzgan va "qora roʻyxat"dagilar nima boʻladi?

Yangi Oʻzbekistonning yangicha migratsiya siyosati, bu sohaga boʻlgan yondashuvning oʻzgarishi, tizimli ishlar amalga oshirilishi natijasida chet ellarda ogʻir vaziyatlarga tushib qolgan yoki xorijiy davlatlarning, ayniqsa Rossiyaning vaqtinchalik markazlarida saqlanayotgan fuqarolarni Oʻzbekistonga olib kelish, tibbiy jarohat olgan fuqarolarga tibbiy yordam koʻrsatish xarajatlarini qoplab berish harakatlari amalga oshirilmoqda.

Vafot etganlarni Oʻzbekistonga olib kelish amalga oshirilyapti. Bu harakatlar fuqaro uchun bepul. Ushbu xarajatlar Xorijda mehnat faolyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qoʻllab quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan amal oshiriladi.

Shu orqali 2018 yildan buyon xorijda ogʻir va vaziyatlarda qolgan yoki vaqtinchalik saqlash markazlarida saqlanayotgan 4300 dan ortiq fuqaro Oʻzbekistonga olib kelindi. Ularning 4141 tasi vaqtinchalik saqlash markazlarida saqlangan, 144 nafari ogʻir vaziyataga tushib qolgan fuqarolar.

2020 yilning 10 oyi davomida xorijda vafot etgan 568 fuqaroning jasadi Oʻzbekistonga olib kelindi. Ulardan 546 tasi Rossiya Federatsiyasidan, qolganlari Turkiya, Qozogʻiston, Yaman, Livan kabi davlatlardan. Keyingi ikki yil davomida 878 nafar vafot etgan fuqaro Oʻzbekistonga keltirilgan.

Rossiyadan keyin eng koʻp mehnat migrantlari ketayotgan davlatlar

Bu Qozogʻiston Respublikasi, Koreya, Turkiya, Yevropa davlatlari. Ilgari, 2018 yilgacha, fuqarolarni tashkiliy ravishda ishga yuborish geografiyasi tor boʻlib, faqat Koreya Respublikasi, Rossiyaga yuborilgan. Bugun bu davlatlar soni kengaytirilib, 15 tadan ortdi. Bunda xususiy sektorning ham oʻrni bor. Hukumatlararo tuzilgan bitimga yoki idoralararo shartnomalarga asosan Qozogʻiston, Rossiya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirligi, Yaponiya, Koreya Respublikasi kabi davlatlarda fuqarolarni ishga joylashtirish imkoniyati mavjud. Yaqinda Saudiya Arabistoniga ham ishga jolashtirish imkoniyatlari paydo boʻldi. Polshaga ish beruvchilari bilan ham hamkorlik shartnomalari mavjud.

Migrantlar oilasi, ularga qanday yordam koʻrsatiladi?

Tizimli ishlarni tashkil qilish natijasida mehnat migrantlarining oila aʼzolarini qoʻllab quvvatlash yoʻlga qoʻyildi. Ehtiyoji boʻlsa, imtiyozli shartlarda uy-joy bilan taʼminlash, moddiy yordamlar koʻrsatish kabi ishlar amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston fuqarolari xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirib, Oʻzbekistonga qaytib kelganidan keyin ularni bandligini taʼminlashga qaratilgan tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi. Bu borada bandlikka koʻmaklashish markazi hisobidan oʻz ishini tashkil etish istagini bildirgan fuqaroga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha subsidiya beriladi

Pensiya – mehnatning rohatiyam boʻladimi?

Oʻzbekistonda ikki xil davlat ijtimoiy kafolati mavjud: birinchisi pensiya, ikkinchisi nafaqa tayinlash.

Nafaqa nima, pensiya nima?

Nafaqa bu fuqaroning ish staji yetmaydigan boʻlsa, unda pensiya yoshiga yetgan fuqaroga nafaqa tayinlanadi. Nafaqa miqdori bugungi kunda 315 ming soʻm.

Staji yetarli boʻlsa, fuqaroga pensiya tayinlanadi. Uning eng past miqdori bugungi kunda 513 ming soʻm. Hozirda fuqaro 111 500 toʻlayotgan boʻlsa, eng kam pensiya olish kafolatlanadi. Agar fuqaro ixtiyori bilan koʻproq ijtimoiy soliq toʻlasa, pensiyasi oshadi. Yaʼni, imkoniyati boʻlsa, toʻlasa shunga qarab ertaga pensiyasiyam oshadi.

Pensiya toʻlash boʻyicha MDH davlatlarining oʻzaro kelishuvi mavjud. Qaysi davlatda mehnat faoliyatini amalga oshirib kelishidan qatʼiy nazar, bugungi kundagi maʼlum belgilangan ijtimoiy soliqni toʻlasa, oʻtaveradi.

Xulosa oʻrnida.

Koʻrinadiki, Oʻzbekiston katta mehnat kuchi potentsialiga ega, hamma gap undan qanday, nima maqsadda foydalanishda. Vaqtlar boʻldi, mehnat migrantlariga past nazar bilan qaraldi... Bugunga kelib, ularga nisbatan qarash oʻzgardi. Nihoyat, ular ham millatning bir boʻlagi ekani tan olindi. Bugun mehnat migrantlari masalalari yuqori davralarda muhokama qilinmoqda.

Biroq, maʼlum boʻlyaptiki, bu hali yetarli emas. Mehnat migrantlariga Oʻzbekistonning kelajagini belgilab beruvchi, taraqqiyot yoʻlini koʻrsatuvchi va shunga boshlovchi kuch sifatida qarash va shunga mos munosabatda boʻlish lozim. Zero, bugungi globalizatsiya davrida yangicha fikr, yangicha qarash va ilgʻor gʻoyalar bir qobiqda oʻralib yaratilmaydi. Zero, malakali  mutaxassislar bir kunda paydo boʻlib qolmaydi.

Gap ular topib kelayotgan pulda ham emas...

Asosiysi, ular puldan-da qimmatroq turadigan bilim, malaka, tajriba, gʻoya va fikrga ega boʻlishmoqda. Ular bir kun kelib, Oʻzbekistonning yuzini albatta oʻzgartirishadi.

Millionlab insonlarning ong-tafakkuri millat qarashlariga taʼsir qilmasligi mumkin emas.

Asosiy mavzular