TOSHKENT, 23 noya - Sputnik. Bundan buyon Rossiyada patent olish uchun kerak boʻladigan "Rus tili va Rossiya qonunchiligi asoslari" boʻyicha imtihonni Oʻzbekistonda topshirish mumkin boʻladi, deb xabar qilmoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.
"Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimidagi respublikaning barcha hududlarida joylashgan oʻquv markazlarida rus tiliga oʻqitish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etilgan. Siz ushbu kurslarda oʻqish davomida rus tilini oʻrganish bilan birga, Rossiyada patent olish uchun kerak boʻlgan maxsus sertifikatni qoʻlga kiritishingiz mumkin", - deyilgan agentlik xabarida.
Eslatib oʻtamiz, 20-23 noyabr kunlari Oʻzbekistonga Moskva Migratsiya markazi rahbariyati delegatsiyasi tashrif byurgan edi. Ular Toshkentdagi "Ishga marhamat" monomarkaziga tashrif buyurib, Oʻzbekiston Mehnat vazirligi vakillari bilan mehnat migratsiyasi borasida muzokaralar oʻtkazishgan edi.