TOSHKENT, 15 fev - Sputnik. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari, Oʻzbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsuli va "Uzbekistan Airways" AJ vakillari Sankt-Peterburg shahrida bir necha yirik qurilish korxonalarida ishlayotgan mehnat migrantlari bilan uchrashuv oʻtkazishdi.
Uchrashuv davomida mehnat migrantlariga oktyabr oyida boʻlib oʻtishi kutilayotgan prezident saylovi, konsullik roʻyxatidan oʻtish, xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish va boshqa konsullik masalalari boʻyicha tushuntirishlar berildi.
Shu bilan birga fuqarolarga qonunlarga amal qilish, ekstremistik va diniy radikal guruhlar taʼsiriga tushib qolmaslik boʻyicha kerakli tavsiyalar berildi va mavzuga doir film namoyish etildi.
Eslatib oʻtamiz, "ENKA Inshaat ve Sanayi A.SH." qurilish korxonalarida 500 nafarga yaqin mehnat migrantlari ishlaydi. Ularning 200 nafari 2021 yilning yanvar-fevral oylarida tashkillashtirilgan holda Oʻzbekistondan jalb qilingan.