Prezident ishtirokisiz va mushakbozliksiz bayram

© StringerToshkentda bayram sayillari boshlandi
Toshkentda bayram sayillari boshlandi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Toshkentdagi 12ta park va xiyobonlarda musiqiy jamoalar hamda “Barkamol avlod” markazi badiiy to‘garaklari yosh iste’dodlarining chiqishlari tashkillashtirildi.

TOShKENT, 1 sen — Sputnik. O‘zbekiston poytaxtida bugun ertalab mamlakat Mustaqilligi kuniga bag‘ishlangan bayram sayillari boshlandi, deb xabar beradi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Toshkentdagi 12ta park va xiyobonlarda musiqiy jamoalar hamda “Barkamol avlod” markazi badiiy to‘garaklari yosh iste’dodlarining chiqishlari tashkillashtirildi. Taniqli hunarmand va dizaynerlarning ko‘rgazmalari, o‘z mahoratini yoshlarga namoyish etgan sportchilarning chiqishlari barchaning qiziqishini uyg‘otdi. Bundan tashqari nomdor yozuvchi va shoirlar, xonandalar bilan uchrashuvlar tashkil etildi.

"Biz Toshkentga viloyatdan butun oilamiz bilan keldik. Har yili ushbu bayramni butun oilamiz bilan poytaxtda nishonlash biz uchun an’anaga aylangan. Kichkintoylarimizga masxarabozlarning chiqishlari yoqadi, katta farzandlarimiz esa o‘zbek estradasi yulduzlari chiqishlarini tomosha qilishmoqda", — deydi Mashhura opa ismli ayol.

Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish jarayonida eng katta masalalardan biri xavfsizlikni ta’minlashdir.

"Bayram tadbirlari o‘tkaziladigan barcha joylar alohida nazoratga olingan, YHXB xodimlari tashrif buyuruvchilarga qulaylik yaratish maqsadida yo‘llarni nazorat qilishmoqda, ichkariga kiruvchilar metallodetektorlar yordamida tekshirilmoqda. Shuningdek, har bir parkda tez tibbiy yordam va yong‘in xavfsizligi mashinalari navbatchilik qilmoqda", — deyishdi poytaxt hokimligida Sputnik muxbiriga.

Bayram kunlari davomida jamoat transportiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Avtobus va yo‘nalishdagi marshrutlar soni ko‘payishdan tashqari to tungacha ishlaydi.

"Bugun o‘ziga xos kun, sababi Toshkentda bayram tadbirlaridan tashqari muhim futbol uchrashuvi ham bo‘lib o‘tadi. Uchrashuv kech soat 10dan keyin yakunlanadi, shu bois biz avtobuslar sonini oshiramiz. Bu barcha futbol ishqibozlarining uylariga qiyinchiliksiz yetib olishlariga imkon yaratadi", — dedi "Toshshahartransxizmat"dagi manba.

Shavkat Mirziyoyev va deputatlar Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydilar
Prezidentning betobligi sababli bir qator tadbirlarga o‘zgartirishlar kiritildi. 31-avgust kuni odatda Prezident Islom Karimov ishtirok etib kelgan rasmiy tadbirlar ilk marta uning ishtirokisiz o‘tdi. O‘zbekiston bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev va parlament a’zolari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar nomidan harbiy orkestr sadolari ostida Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambarlar qo‘yildi.

Bayramning bezagi bo‘lgan mushakbozlik ham boshqa kunga qoldirildi. Toshkent shahri hokimiyati bergan xabarga ko‘ra, bu qaror shu kuni soat 20:00da JCh-2018 saralashi doirasida O‘zbekiston va Suriya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv boshlanishi bilan bog‘liq.

«Hamshaharlarimizning bog‘ va maydonlardagi bayram sayllaridan o‘z uylariga qaytishlari chog‘ida avtotransport oqimida tirbandliklarning oldini olish maqsadida, qolaversa  poytaxtimiz keng jamoatchiligi, ayniqsa nuroniy otaxon va onaxonlar, oqsoqollarning taklif va istaklaridan kelib chiqib, Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi bayrami munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan mushakbozlik(salyut otish)ning boshqa kunga ko‘chirilganini ma’lum qiladi», deyiladi xabarda. Ammo mushakbozlik qaysi kunga ko‘chirilgani haqida ma’lum qilinmagan.

Shu tarzda ilk marta Mustaqillik bayrami Prezidentning raqsisiz va mushakbozliksiz o‘tadigan bo‘ldi.

 

Yangiliklar lentasi
0