01:30 25 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Yangiliklar
Havola olish
153030

Islom madaniyati markazi qurilishiga Alisher Usmonov homiylik qiladi, deb aytib oʻtildi Shavkat Mirziyoyev imzolagan qarorda

TOSHKENT, 24 iyun — Sputnik. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʻzbekistondagi Islom madaniyati markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarorida Islom madaniyati markazi binolari qurilishiga rossiyalik milliarder, asli oʻzbekistonlik Alisher Usmonov homiylik qilishi koʻrsatib oʻtildi.

"Markazning maʼmuriy va asosiy binolarini qurish, uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash borasidagi ishlar mashhur vatandoshimiz, rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovning homiylik xayriya mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishi inobatga olinsin", — deyiladi hujjatda.

Markazning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat boʻladi:

Oʻzbekiston asrlar davomida jahon tsivilizatsiyasining ajralmas qismi, islom madaniyati markazlaridan biri boʻlib kelganini aks ettiradigan ilmiy-tarixiy kontseptsiyani ishlab chiqish va amalga oshirish;

Markaz tarkibidagi kutubxona va arxiv, qoʻlyozmalar fondlarini bugungi Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk alloma va mutafakkirlar, aziz-avliyolar, ular tomonidan asos solingan ilmiy va diniy maktablarga doir yurtimizda va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori-atiqalar, shu yoʻnalishdagi zamonaviy ilmiy-tadqiqot ishlari, kitob va toʻplamlar, video va foto hujjatlar hisobidan shakllantirishdan iboratligi sanab oʻtilgan.

Markaz tarkibidagi muzey ekspozitsiyasining mavzu yoʻnalishlarini chuqur oʻylangan, ilmiy asoslangan aniq reja boʻyicha shakllantirish va uni eng zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida namoyish etish;

islom dini rivojiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk vatandoshlarimiz — Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturudiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulxoliq Gʻijduvoniy, Najmiddin Kubro, Burhoniddin Margʻinoniy, Bahouddin Naqshband, Xoʻja Ahror Valiy kabi allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur tadqiq etish, ularning ilmiy-maʼnaviy jasorati, ulugʻ insoniy fazilatlarini keng targʻib qilish;

jahon ilm-fani tarixida oʻchmas iz qoldirgan Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mahmud Zamahshariy, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi kabi olim va mutafakkirlar merosining tarixiy va zamonaviy tsivilizatsiya taraqqiyotidagi oʻrni va ahamiyatini, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari mumtoz adabiyot va sanʼat namoyandalari ijodining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish;

islom dini odamlarni, barcha millat va xalqlarni hamisha nurli hayotga, ezgulik, oʻzaro doʻstlik va insoniylikka daʼvat etishini, uning asl, gumanistik mazmunini teran tahlil etishga qaratilgan ilmiy tadqiqotlar, jahon ahlini bir maqsad yoʻlida — jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish yoʻlida birlashishga chorlaydigan turli anjumanlar, maʼrifiy tadbirlarni amalga oshirish;

Oʻzbekistonning qadimiy tarixi va madaniyati, davlatchilik anʼanalari, xalqimizning turmush tarzi va dunyoqarashi islom tsivilizatsiyasi bilan chambarchas bogʻliq holda shakllanib, rivojlanganini Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Kesh, Nasaf, Termiz, Andijon, Margʻilon, Karmana, Qoʻqon singari qadimiy shaharlarimiz, ulugʻ allomalar va aziz-avliyolar xotirasiga bagʻishlab yurtimizda bunyod etilgan yodgorlik majmualari, muqaddas qadamjolar maketlari, ulugʻ siymolar, noyob qoʻlyozma va toshbosma asarlar, moddiy va nomoddiy meros, xususan, "Shashmaqom" namunalari kabi noyob eksponatlar orqali aks ettirish, shu yoʻnalishlarda ilmiy tadqiqotlar olib borish, ularning natijalari asosida qomuslar, katalog va albomlar, ilmiy-ommabop toʻplamlar, telekoʻrsatuv, film va boshqa materiallar tayyorlash;

Markazda, mahalliy va chet ellik mutaxassislarni keng jalb etgan holda, ilmiy-tadqiqot ishlarini yoʻlga qoʻyish va ularning natijalaridan yurtimiz hamda jahon jamoatchiligini xabardor qilib borish;

Yevropa Renessansining shakllanishiga kuchli taʼsir koʻrsatgan Musulmon Renessansi davrida ilm-fan, madaniyat va sanʼat, meʼmorlik rivoji toʻgʻrisidagi keng qamrovli maʼlumotlar pavilonlarini tashkil etish orqali Markazda namoyish etiladigan ekspozitsiyalarni mazkur davrlarga oid eksponat va koʻrgazmali manbalar bilan boyitish;

jahon tarixida "Amir Temur va temuriylar renessansi" degan nom bilan alohida oʻrin egallaydigan davrda yaratilgan ilm-fan, madaniyat va meʼmorlik durdonalarini islom madaniyatining nafaqat yurtimizdagi, balki butun musulmon olamidagi taraqqiyot va yuksalish davri sifatida koʻrsatish;

bugungi kunda tobora katta ahamiyat kasb etayotgan dinlararo va tsivilizatsiyalararo muloqotni samarali yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekistondagi Islom madaniyati markazining jahondagi nufuzi xalqaro ilmiy muassasa va tuzilmalar, jumladan, YUNESKO, AYSESKO kabi xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik aloqalarini oʻrnatish.

Teglar:
Shavkat Mirziyoyev, Islom markazi, Alisher Usmonov

Asosiy mavzular