Abituriyentmi yo jinoyatchi: 1-avgust tomoshalari

© Sputnik / Vladimir Vatkin / Mediabankka o‘tishImtihonga tayyorgarlik
Imtihonga tayyorgarlik - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Bugun O‘zbekistonda oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tmoqda. Voqea joyida suratga olingan videoroliklarni e’tiboringizga havola qilamiz

TOShKENT, 1 avg — Sputnik, Dilshoda Rahmatova. Mahalliy OAVlarda 1-avgust kuni test sinovlari bo‘lib o‘tadigan binoga uyali telefon yoki boshqa aloqa vositalari hamda shpargalka olib kirishga uringan abituriyentlar imtihondan chetlashtirilishi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Shuningdek, bu yil abituriyentlar test sinovi o‘tkazilgan binoni soat 12dan ilgari tark etmasliklari ham e’lon qilindi.

Aytilishicha, bu qoida ayrim "bilimdon"larning faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida joriy etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ayrimlar o‘quv yurtiga hujjat topshirib, imtihon kuni test savollarini telefoni orqali suratga olgan va xonani tark etgan. Telefonni esa uni tashqarida kutib turgan shaxsga bergan. Bu shaxs test savollarini yechib, xonada imtihon topshirayotgan abituriyentga telefon orqali javoblarni yetkazib bergan.

Ayrim "ixtirochi" abituriyentlar esa telefonni o‘z poyabzali poshnasiga yashirishgan. Shu bois bu yil har bir abituriyentdan poyabzal yechishi so‘ralib, tufli poshnasi bolg‘a bilan urilib tekshirilishi ham e’lon qilingan edi.

Ayni damda ijtimoiy tarmoqdagi Troll.uz guruhida e’lon qilingan videoda abituriyentlar imtihon oldidan qay tarzda tekshirilayotganini ko‘rishingiz mumkin.

Imtihonga kiraverishdagi joyda xodimlardan biri ovoz karnayi orqali: "Shpargalka, valyuta har qanday buyumlarni o‘z ixtiyoringiz bilan topshirishingiz shart. Bojxona xodimlari tomonidan aniqlansa testdan chiqib ketiladi", — degan gaplarni baqirib turibdi.

Festival Korana v Moskve - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston musulmonlari idorasi abituriyentlar uchun duolar to‘plamini e’lon qildi
Shuningdek, "maxsus tekshiruvchilar" o‘g‘il bola abituriyentlarning yechilgan tuflilarini asfaltga "qars-qars" urib tekshirishayotgani aks etgan. (Dunyoning eng mashhur aeroportlarida yo‘lovchilar bu tarzda tekshiruvdan o‘tkazilmasa kerak)

Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Troll joylagan video ostidan o‘z fikr mulohazalarini qoldirishmoqda.

Jumladan, Tim Azamatov nikli foydalanuvchi tekshirishdan oldin "aqlli" abituriyentlar paydo bo‘lishi sabablarini o‘rganish kerak emasmi, deb fikr bildirgan.

"Hozirgi tomosha OTMlarga kirish tizimining naqadar nochorligini ko‘rsatadi. Lekin nimagadir hech kim sabablarni o‘rganmayapti, hamma natijaga qarshi kurashish bilan band", — degan u.

Abdullayeva Shaxida esa imtihonlar odamlarning ustidan kulish tadbiriga aylanib borayotganidan shikoyat qilgan.

"Qizim imtihon topshirganida bechora o‘g‘il bolalarni tursikchan qilib tekshirishgan. Bechora yoshlar imtihon topshirgani keladimi yoki kamsitilish uchunmi? Men umuman "shok"ka tushganman. Qizlarni to‘siq ortida alohida tekshirishgan".

"Bolalarni xuddi ular jinoyatchidek tekshirishmoqda, tavba", — deb izoh qoldirgan Natalya Guryeva.

Yuqorida keltirilgan videoda esa "shpargalka" bilan qo‘lga tushib, imtihondan chetlashtirilgan abituriyent qiz bilan bog‘liq mojaro aks etgan.

Shu o‘rinda aytish joizki, "O‘zbektelekom" AK sal oldin abituriyentlarning OTMlarga kirish imtihonlarini ochiq amalga oshirilishida texnik qo‘llab-quvvatlashi, Toshkent davlat yuridik universitetida imtihon internet tarmog‘ida onlayn-video yo‘li bilan namoyish etilishi haqida xabar bergan edi.

O‘zbekistondagi barcha oliy o‘quv yurtlarida kirish imtihonlari onlayn tarzda o‘tkazilsa, shu bilan o‘tgan yillarda kuzatilgani kabi: "X variantni deb imtihonga kech qolgan va kiritilmagan" abituriyentlar yoxud yuqorida tilga olingan kamsitilishlar va tuflini molotok bilan urib tekshirishdek kulgili holatlar barham topgan bo‘lmasmidi? 

Yangiliklar lentasi
0