12:11 24 Noyabr 2020
Efir
  • RUB136.69
  • EUR12344.73
  • USD10414.86
Yangiliklar
Havola olish
Mirziyoyevning ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvi (14)
124320

Oʻzbekiston prezidenti musiqa sanʼati sohasida faxriy unvonlar, avvalambor, "Oʻzbekiston xalq artisti", "Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi", "Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist" kabi mukofotlar bilan taqdirlash masalasini tanqidiy nuqtai nazardan qayta koʻrib chiqish kerak, deb aytdi

TOSHKENT, 4 avg — Sputnik. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 avgust kuni ijodkorlar, sanʼat vakillari va jurnalistlar bilan oʻtkazgan uchrashuvida sanʼat olamidagi hozirgi ahvolni qattiq tanqid ostiga oldi.

Mirziyoyev Oʻzbekistonda madaniyat tizimini rivojlantirish boʻyicha ham katta ishlar amalga oshirilayotganiga qaramay, bugungi kunda tizim faoliyatini qoniqarli baholay olmaymiz. Madaniyat vazirligi mutasaddilarida sustkashlik, oʻziboʻlarchilik, xotirjamlikka berilish kayfiyati davom etayotganini taʼkidladi.

Shuningdek, prezidentga koʻra yana bir muhim masala — eng ommaviy sanʼat boʻlgan estrada sanʼatini rivojlantirish vazirlik eʼtiboridan chetda qolmoqda.

"Eng asosiy kamchilik — bu sohada ijod qilayotgan aksariyat ijrochilar faoliyatida talabchanlik va masʼuliyat, ijtimoiy jarayonlarga daxldorlik tuygʻusi tobora pasayib bormoqda.

Men oʻz tajribamdan yaxshi bilaman, katta bayramlarimizni — bu Mustaqillik, Navroʻz yoki Konstitutsiya bayrami boʻladimi — ularni oʻtkazishda bizni eng qiynaydigan, xunobimizni chiqaradigan narsa — bu estrada dasturi ekanini hammangiz yaxshi bilasiz. Ming afsuski, mana shu holat hali ham barham topgani yoʻq.

Estrada sanʼatidagi kamchiliklarning asosiy sabablari hech kimga sir emas. Koʻpchilik qoʻshiqchilar masʼuliyatni unutib, oʻz ustida ishlamay qoʻygan, izlanish, mahoratini oshirish, yangi ijodiy gʻoyalar bilan yashash, sanʼat dunyosiga, muxlislarga hurmat kabi tushunchalar ularga begona boʻlib qolgan, desak, qanchalik achchiq boʻlmasin, bu ham haqiqat.

Shunday sanʼatkorlar ham borki, unvon olgunicha tinimsiz yelib-yuguradi, hol-joningizga qoʻymaydi. Unvon oldimi, tamom, suvga tushgan toshdek jim boʻlib ketadi. Ulardan unvonga yarasha, xalqning eʼtiboriga yarasha ijod qani, deb soʻrash oʻrinlimi yoki yoʻqmi? Ijodkorning talabi bilan birga burchi ham boʻlishi kerak emasmi?", — dedi Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan musiqa sanʼati sohasida faxriy unvonlar, avvalambor, "Oʻzbekiston xalq artisti", "Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi", "Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist", "Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi" kabi mukofotlar bilan taqdirlash masalasini, bu borada qabul qilingan normativ-meʼyoriy hujjatlarni tanqidiy nuqtai nazardan qayta koʻrib chiqishni taklif qildi.

"Koʻpchiligimiz yaxshi bilamiz, ilgari "Xalq artisti" degan unvon olish uchun sanʼatkor necha oʻn yillar samarali ijod qilishi talab etilardi. Masalan, mashhur hofiz Tavakkal Qodirov "Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist" unvonini olganidan keyin — shunga eʼtibor bering — oradan 25 yil oʻtib, "Oʻzbekiston xalq artisti" unvoni bilan taqdirlangan edi. Yaqin oʻtmishdan bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

Shu maʼnoda, unvon berishda sanʼatkorning faqat toʻrtta qoʻshigʻi emas, uning ijtimoiy faolligi, munosib shogirdlar tarbiyalagani, el-yurt oʻrtasidagi obroʻ-eʼtibori, eng muhimi, sanʼatga sadoqati ustuvor mezon sifatida belgilanishi shart. Boshqacha aytganda, biz bu yuksak unvonlarning nufuzi va obroʻsini saqlashimiz lozim.

Bizning xalqimiz — sanʼatsevar xalq, oʻzi sevgan, yoqtirgan ijrochilarni nafaqat televizor yoki sahnada, balki oʻzining yaxshi kunlarida, toʻy-hashamlarida ham koʻrgisi keladi. Buni hammamiz toʻgʻri tushunamiz. Ming afsuski, bugungi estrada xonandalarining aksariyati hali Yangiyoʻlga, hali Shovotga, hali Yangiqoʻrgʻonga, hali Chiroqchiga toʻyga qatnash bilan ovora. Boshqa biron masala bilan ishi yoʻq.

Albatta, sanʼatkorda ham oila, bola-chaqa bor, ularning ham hayotiy ehtiyojlari bor. Buniyam toʻgʻri tushunamiz. Lekin ijodni pulga, mol-dunyoga almashtirgan odamdan sanʼat shafqatsiz oʻch oladi. Oxir-oqibatda har qanday yorqin isteʼdod ham soʻnib, el-yurt nazaridan qoladi.

Shu oʻrinda, yana bir masalaga sizlarning eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Gap sanʼatkor odobi, ularning yurish-turishi, kiyinish madaniyati, muomalasi bilan boshqalarga, eng avvalo, yoshlarimizga oʻrnak boʻlishi zarurligi haqida bormoqda.

Xushovoz xonanda Sanobar Rahmonovaning bir paytlar kuylagan dilbar qoʻshiqlarini tomoshabinlar hozir ham sogʻinib eslaydilar. Bu sanʼatkor teleekranda ham, sahnada ham iboli, hayoli, haqiqiy oʻzbek qizining qiyofasini, chinakam obrazini yaratib, qancha-qancha qizlarimizga ibrat boʻlgan edi.

Afsuski, bugun televideniye orqali berilayotgan baʼzi kliplarni oila, farzandlar davrasida tomosha qilib boʻlmay qoldi. Har bir harakatida gʻarbga taqlid sezilib turadigan, ochiq-sochiq kiyingan yoshlarni koʻrib, nahotki shular ham bizning farzandlarimiz, bizning millatimiz vakillari boʻlsa, deb oʻylab qolasan kishi.

Albatta, bunday muammolar sanʼatni muqaddas deb biladigan ustoz ijodkorlarimizni ham qiynayotgani tabiiy. Shundan kelib chiqqan holda, "Oʻzbekkontsert" qoshida "Oʻzbekiston xalq artistlari" klubini tashkil etsak, nima deysizlar?", — deb taʼkidladi prezident.

Oʻzbekiston rahbari klubning eng faol aʼzolari boʻlgan Xalq artistlarini yil yakuni boʻyicha eʼtirof etib, ragʻbatlantirib borishni ham yoʻlga qoʻyish lozimligini aytib oʻtgan.

"Sizlarga maʼlumki, sobiq ittifoq hududidagi boshqa davlatlardan farqli oʻlaroq, faqat Oʻzbekistonda estrada ijodkorlari aholiga madaniy xizmat koʻrsatishdan topadigan daromadlari boʻyicha soliq toʻlash majburiyatidan ozod qilingan. Aytaylik, xonandalarimiz oʻzining gastrol-kontsert faoliyatini amalga oshirish uchun bir yilda bir marta belgilangan tartibda maʼlum miqdordagi mablagʻni toʻlab, litsenziya oladi. Boʻldi. Boshqa soliq yoʻq. Aksariyat qoʻshiqchilar mana shu litsenziyaga toʻlaydigan pulini bitta toʻyda topishi ham sir emas.

Shuning uchun baʼzan moliya va soliq idoralari tomonidan estrada xonandalarini, boshqa davlatlardagi kabi, daromad soligʻiga tortish boʻyicha takliflar bildiriladi. Lekin biz azbaroyi sanʼatimiz, madaniyatimiz rivojini, xalqimizning maʼnaviy saviyasini yuksaltirishni oʻylab, bu takliflarga rozilik bermay kelayapmiz.

Hammangiz tushunasiz, salomga yarasha alik ham boʻlishi kerak. Xalqimiz sanʼatkorlardan yaratilgan ana shunday imkoniyat va imtiyozlarga yarasha javob kutishga haqli, albatta.

Shu munosabat bilan bugun bir fikrni alohida taʼkidlab aytishni zarur, deb hisoblayman.

Oʻzbekistonda adabiyot va sanʼat, madaniyat, ommaviy axborot vositalari, maʼnaviyat va maʼrifat biznesga aylanmasligi shart va biz bunga hech qachon yoʻl qoʻymaymiz.

Kimda-kim bu sohalarga faqat pul ishlash, faqat iqtisodiy foyda koʻrish maqsadida kirayotgan boʻlsa, ular, marhamat, tadbirkorlik, biznes sohasiga borsin. Mana, bu borada qancha-qancha imkoniyat va imtiyozlar yaratib beryapmiz — shu sohaga oʻtib ishlasin. Lekin ijodiy ishlarga aralashib, oʻzini ham, sanʼat degan muqaddas tushunchani ham beobroʻ qilmasin. Buni hech kim hech qachon unutishga haqqi yoʻq", — deb xulosa qilgan Mirziyoyev.

Mavzu:
Mirziyoyevning ijodkor ziyolilar bilan uchrashuvi (14)

Asosiy mavzular